Линклар

Farg‘ona viloyati Buvayda tumani Beshterak qishlog‘ida yashovchi birinchi guruh nogironi 43 yashar Bo‘stonboy Orziyevning Ozodlik orqali chiqishidan so‘ng tuman hokimligi uning ko‘chasiga asfalt yotqizishga va‘da berdi. Hokimlik mutasaddilari uch yildan buyon Orziyevning asfalt borasidagi murojaatlarini be‘etibor qoldirib kelayotgan edi.

"Hokimlikdan minnatdorman!"

10 mart kuni Ozodlik orqali buvaydalik nogiron Bo‘stonboy Orziyevning u yashaydigan ko‘chani asfalt qilishga hokimlik ko‘mak ko‘rsatmayotgani haqidagi chiqishidan so‘ng Buvayda tuman hokimi uning uyiga tashrif buyurdi.

Bu haqda Ozodlikka gapirgan Bo‘stonboyga ko‘ra, hokim u yashaydigan ko‘chaning 200 metr joyini asfalt qilib berishga va‘da bergan.

- Ishlarimiz oldinga yurib qoldi ancha. Hokim keldi, selьsovetning raisi, mahallakomlar kelishdi. Hokim "Havo isishi bilan, harorat 25 darajaga chiqishi bilan sizning ko‘chani asfaltlaymiz", dedi. Va‘da berishdi. "Birinchi ocheredda ko‘changizni qilib beramiz", dedi. Hammalariga rahmat. Kelishib, ahvolimni so‘rab, yo‘lni ko‘rishib, inobatga olishdi. Hokimlarga rahmat, dedi Orziyev 13 mart kuni.

***************

Quyida 10 mart kuni Ozodlik saytida e‘lon qilingan maqola bilan tanishishingiz mumkin:

Harbiyda umurtqasidan ayrilgan Bo‘stonboy

Beshterak qishloq fuqarolar yig‘ini O‘rtaqishloq mahallasida yashovchi Bo‘stonboy Orziyev 1990 yilning 29 oktyabrь kuni harbiy xizmatda bo‘lgan otishma payti yaralangan.

O‘q Bo‘stonboyning umurtqa pog‘onasini yaralagani oqibatida u 24 yildirki to‘shakka mixlangan.

- 1991 yil uyga nogiron holatda kirib keldim. O‘q bo‘ynimdan kirib umurtqamdan chiqib ketgan. Umurtqamni tiklay olmayman. Uyda bitta joyda yotaman. 1-guruh nogironligini umrbodga berishgan, deydi Orziyev.

Bo‘stonboy uylanmadi. Bir o‘g‘ilni asrab olgan. Oladigan 450 ming so‘m nafaqa puli bilan tirikchilik qiladi

- O‘zimni nafaqamga onamning pensiyasini qo‘shib, bir balo qilib eplashayapti. Dori-darmonga yetib turibdi, deydi Orziyev.

Bo‘stonboyning “dardi” asfaltda

Bo‘stonboy Orziyev hayotidan nolimaydi. 24 yil davomida taqdirga tan berganligini gap-so‘zlaridan anglash mumkin.

Unga davlat tomonidan 1991 yili nogironlik aravachasi berilgan. Ushbu aravacha uning 24 yillik hamrohi. U aravachada ko‘cha aylanib, yuragini “yozadi”.

Lekin Bo‘stonboyning aytishicha, u yashaydigan ko‘chaning asfalt qilinmagani uning eng katta “bosh og‘rig‘i”ga aylangan.

“Har zamonda ko‘chaga aylanib chiqib kelaman. Muammo shundaki, men aravachada yuradigan yo‘lim asfalt qilinmagan. Qish kunlari, yog‘ingarchiliklarda loy, sirpanchiq bo‘lib ketadi. Dardni dard chekkan biladi. Men ham odamlarga o‘xshab ko‘chalarni aylangim, ochiq havoda sayr qilgim keladi. Ko‘cha yomonligidan aravani haydashga qiynalib, qo‘l va oyoqlarim yara bo‘lib ketayapti”, deya Ozodlikka murojaat qildi Bo‘stonboy Orziyev.

Suhbatdoshga ko‘ra, 300 metrlik ko‘chaning 100 metrini qo‘shnilari bilan pul yig‘ib, asfalt qilishgan, lekin qolgan 200 metriga qurbilari yetmagan.

- Beshterak fuqarolar yig‘inining O‘rta qishloq mahallasidagi 26-maktabning ënidagi ko‘cha. Mahallada 3-4ta xo‘jalik yig‘ilishib, o‘sha burchakkacha 100 metrini qilib oldik. Endi 200 metrga kuch yetmayapti. Bundan u ëg‘ini ko‘tara olmaganimiz uchun sizlarga murojaat qilaëtuvdik, deydi Orziyev.



Uch yildan buyon kutilayotgan bir mashina asfalt

Yillar davomida to‘shakka mixlanib qolgan Bo‘stonboy shu ko‘chani asfalt qildirish muammosi ortidan “kurashchi”ga aylandi.

- Rayon (Buvayda tuman hokimligi-tahr.)ga ariza berganman. “asfalt qilib beringlar”, deb. 2-3 yil bo‘lib qoldi unga ham... Qish kunida aravada yurgani ham, mashinada yurgani ham yo‘limiz chatoqligi uchun asfalt qilib berishini so‘rovdim. Oldin ham ariza bergan edim. Inobatga olingani yo‘q edi. O‘tgan yil ariza bergan edim asfalt qilib beringlar deb. Ko‘chamizga kirib chiqishga jinday loy halaqit qilayapti. Aravada yurganda loy bo‘lib qolayapti, u yer bu yerlari. Hokimlik indashgani yo‘q. Xabar ham yo‘q, boshqa ham yo‘q. Hokimlar oldin kelib xabarlashib turardi. Hozir hech kim xabar ham olgani yo‘q.”, deya nolidi Orziyev.

Bo‘stonboyning hisob-kitobicha, 200 metr joyni asfalt qilish uchun taxminan bir mashina asfalt ketadi.

- Bir mashina asfalt bo‘lsa eplasak bo‘ladi. 2 yil oldin qilganimizda 1 million so‘mga olindi. Hozir bilmayman narxi qancha. Tayër asfalt bo‘ladida u. Bir mashina asfalt bo‘lsa, mahalla-ko‘y bilan toshlarini to‘ktirib, bu ëg‘ini qilib olardik. asfaltga ërdam bersa bo‘ldi, deydi Bo‘stonboy Orziyev.

Bo‘stonboy 1 million so‘mlik 1 mashina asfalt olish umidida Beshterak qishloq fuqarolar yig‘iniga qilgan murojaati ham besamar bo‘lganini aytadi.

Bo‘stonboy Orziyev bilan suhbatni to‘liq ravishda quyida tinglashingiz mumkin:
XS
SM
MD
LG