Линклар

logo-print
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Axborot xizmati tarqatgan xabarga ko‘ra¸ mamlakat prezidentining Konstitutsiyaga o‘zgartish¸ tuzatish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi tashabbusi Qonunchilik va sud-huquq masalalari hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitalarining qo‘shma majlisida ma‘qullangan va endilikda Qonunchilik palatasi muhokamasiga taqdim etilgan.


Xabarda xabar yo‘q

Qonunchilik palatasi Axborot xizmati rasmiy saytiga qo‘yilgan xabarga ko‘ra¸ O‘zbekiston konstitutsiyasining 32, 78, 93, 98, 103 va 117-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasining muhokamasi endilikda palata deputatlariga oshirilgan. Ikkala qo‘mita qo‘shma majlisida bo‘lib o‘tgan muhokamalar haqidagi qariyb besh sahifalik xabarda¸ bu moddalarga qanday tuzatish va qo‘shimchalar kiritilishi haqida lom-mim deyilmagan.

Prezident tashabbusi bilan uning ayrim vakolatlari Bosh vazirga o‘tishi aytilgan bu xabarda¸ ayni shuningdek¸ qaysi vakolatlarning prezidentdan Bosh vazirga o‘tishiga oid bir og‘iz so‘z topilmaydi.

Buning o‘rniga rasmiy xabardan hali Konstitutsiyaga kiritilmagan bu o‘zgartish va qo‘shimchalarning “siyosiy va konstitutsiyaviy jihatdan rivojlanib borayotgan O‘zbekistonni yanada rivojlantirishi” haqida uzundan-uzun maqtovlar o‘rin olgan.

“Qonun loyihasini ko‘rib chiqish yakunlariga ko‘ra, deputatlar birlashmalari Davlatimiz rahbarining tashabbuslari milliy davlatchiligimiz va siyosiy tuzumni yanada mustahkamlashda, mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega ekanligini qayd etdilar”¸ deyiladi jumladan rasmiy xabarda.


"Bu o‘zgartishlar har bir o‘zbekistonlik hayotini yanada porloq qiladi!"

Hozircha bu loyiha Qonunchilik palatasi muhokamasida bo‘lgani bois¸ palatalar orasidagi muvozanatni buzmaslik uchun¸ unga oid aniq ma‘lumot bera olmayman¸ ammo unga munosabatim “ijobiy¸ ijobiy va faqat ijobiy”¸ dedi Oliy Majlis Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Svetlana Ortiqova Ozodlik bilan juma kungi telefon suhbatida:

- Bu demokratlashtirishning keyingi qadami. Fuqarolik jamiyatini qurishning keyingi qadami. “Kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyatiga” tamoyiliga asosan biz o‘zbek modeli orqali davlat qurilishini¸ jamiyat qurilishini barpo etayotgan ekanmiz¸ davlat rahbari tashabbusini quvvatlamagan odamni men o‘zim tushunmayman. Albatta¸ buni quvvatlash kerak¸ chunki bu tashabbus¸ albatta¸ davlat¸ jamiyat¸ har bir O‘zbekiston fuqarosining kelajagini porloq qiladi¸ dedi Oliy Majlis Senatori Svetlana Ortiqova.


"Demokratiya ko‘payib qolmaydi¸ aksincha"

Muxolifatdagi O‘zbekiston Erk demokratik partiyasi bosh kotibi¸ mamlakat ilk konstitutsiyasi mualliflaridan biri¸ professor Otanazar Oripov¸ konstitutsiyaga qilinadigan navbatdagi daxlning demokratik emas¸ aksincha¸ aksil-demokratik yo‘nalishda bo‘lishini taxmin qilish qiyin emas¸ degan fikrda:

- Bu o‘zgartishlardan O‘zbekistonda demokratiya ko‘payib qolmaydi¸ aksincha¸ yanada kamayishini kutish mumkin. Prezidentning vakolatlarini¸ go‘yoki kamaytirishga oid maqtovli xabarlarning ham tagi bo‘sh. Prezidentning hozir qo‘llab turgan vakolatlari kamayishiga men shaxsan¸ ishonmayman. Xuddi shuningdek¸ prezidentdan ayrim vakolatlarning parlamentga o‘tishi ham O‘zbekistonning hozirgi sharoitida qilinadigan ish emas¸ deydi muxolifat faoli.

O‘zbekiston Konstitutsiyasiga siyosiy¸ demokratik jarayonlarni rivojlantirish uchun aslida kiritilishi lozim asosiy o‘zgartish¸ fuqarolar va parlament haqlariga oiddir¸ deb davom etadi Otanazar Oripov:

- Hozirgi konstitutsiyaning asosiy¸ muhim kamchiliklaridan bittasi xalqning hokimiyatni almashtirishdagi ishtiroki¸ rolining yo‘qqa chiqarilganidir. O‘zbekiston Konstitutsiyasida impichment (prezidentga ishonchsizlik bildirish) mexanizmi yo‘q. Hozirgi hokimiyat konstitutsiyaga impichment mexanizmini kiritmaydi. Konstitutsiyada bunday mexanizm ko‘zda tutilmas ekan¸ unga bular kiritadigan boshqa har qanday o‘zgartishlar aksil-demokratik bo‘ladi¸ xolos.


“Karimov umrbod prezidentlikda qolish uchun referendum o‘tkazmoqchi”

O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra¸ 2015 yilning mart oyida navbatdagi prezidentlik saylovi o‘tkazilishi lozim. 1991 yilning dekabrida o‘tkazilgan mustaqil O‘zbekiston prezidentligi saylovlaridan beri bu lavozimni hech kimga bermay kelayotgan sobiq O‘zKompartiya Bosh kotibi Islom Karimov¸ mustaqil huquqshunoslarga ko‘ra¸ hozirga qadar Konstitutsiyaga xilof ravishda hokimiyatda qolmoqda.

1995 yilda O‘zbekistonda Islom Karimov prezidentlik vakolatlarini 2000 yilga qadar uzaytirishga oid umumxalq referendumi o‘tkazildi va rasmiy-hisob kitob bo‘yicha¸ o‘zbekistonliklarning 90 foizdan ko‘prog‘i Karimovning qolishini yoqlab ovoz berdi.

Shu tarzda¸ go‘yo konstitutsiyada belgilangan bir shaxsning ikki muddatdan ortiq prezidentlikka saylanmasligiga oid moddani buzmagan holda¸ Karimov 2000 yilga yetib keldi va yana 91 foiz ovoz bilan ikkinchi bor prezidentlikka saylandi.

Konstitutsiyaviy cheklovni aylanib o‘tish maqsadida 2002 yilda mamlakat konstitutsiyasiga prezidentlik muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirishga oid yana bir umumxalq referendumi o‘tkazildi va bu taklif ham xalq tomonidan go‘yo ma‘qullandi.

O‘zbekiston saylov qonunlari mualliflari¸ bunday o‘zgartish ortidan¸ Islom Karimovning yana ikki muddat prezidentlikka da‘vo qilishga haqli ekani iddaosi bilan chiqdilar va 2007 yilgi so‘nggi prezident saylovida Karimov 2014 yilga qadar hokimiyatda qoladigan prezident etib saylandi.

Keyingi saylov qonunning yangicha talqini asosida 2015 yil martiga ko‘chirildi va kuzatuvchilarga ko‘ra¸ Karimovning navbatdagi saylovda qatnashishini qo‘llovchi psevdo huquqiy asos ham¸ tugab bormoqda.

Bunday asosni yaratish maqsadida¸ O‘zbekistonda Islom Karimovni umrbod prezidentlikda qoldirishga oid yana bir umumxalq referendumi o‘tkazilishiga oid xabarlar bor va Konstitutsiyaga kiritiladigan o‘zgartishlar¸ ana shu referendumga hozirlikka o‘xshaydi¸ deydi muxolifat yetakchisi Ozodlik bilan suhbatda:

- Prezident saylovi bo‘lmaydi¸ degan gaplar bor. 2014 yildan keyin uni prezidentlikda qoldirish uchun referendum o‘tkaziladigan ko‘rinadi. Bu gal endi Karimov umrbod prezidentlikka qoladi. Bir shaxsning ikki muddatdan ortiq prezidentlikka saylana olmasligi haqidagi Konstitutsiya moddasini o‘zgartirishga oid referendum o‘tkazilsa kerak. Go‘yo masala xalq muhokamasiga olib chiqiladiyu¸ xalq qo‘llovi bilan bunday cheklov olib tashlanadi¸ deb taxmin qiladi muxolifatdagi Erk partiyasi bosh kotibi.

Konstitutsion cheklovning umuman¸ yoxud Qozog‘istondagi kabi faqat respublikasining birinchi va hozircha yagona prezidenti bo‘lib kelayotgan Islom Karimov uchungina olib tashlanish ehtimoli hozircha qorong‘uligicha qolmoqda.


Saylovlar yilida o‘zgaradigan moddalar mohiyati

O‘zbekiston Konstitutsiyasining navbatdagi o‘zgarishga uchraydigan bandlaridan mamlakatdagi siyosiy¸ konstitutsiyaviy rivojlanishning qaysi yo‘nalishdan ketishini taxmin qilish mumkin.

Konstitutsiyaning “Siyosiy huquqlar” deb nomlangan VIII bobining o‘zgartish kiritiladigan 32-moddasi so‘nggi tahrirda “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadirlar. Bunday ishtirok etish o‘zini-o‘zi boshqarish, referendumlar o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish yo‘li bilan amalga oshiriladi” deya o‘qiladi.

“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi” deb nomlangan XVIII bobning o‘zgarishi aytilayotgan 78-moddasida parlament ikkala palatasining vakolatlari belgilab berilgan va endilikda prezident tashabbusi bilan bu vakolatlar ham tahrirga uchraydi.

“O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti” deb nomlangan XIX bobning o‘zgarishi aytilayotgan 93-moddasida prezident vakolatlari belgilab berilgan. Asosiy qonunning eng uzun moddalaridan bo‘lgan 93-moddada O‘zbekiston prezidentiga 25 ta o‘ta kuchli vakolat berilgan va “prezident o‘z vakolatlarini bajarishni davlat idoralariga yoki mansabdor shaxslarga topshirishga haqli emas”deya alohida qayd etilgan bu moddadagi qaysi vakolatlarning Bosh vazirga berilishi haqida Ozodlik hozircha ma‘lumotga ega emas.

Prezident tashabbusi bilan O‘zbekiston Konstitutsiyasining o‘zgarishga uchraydigan yana bir moddasi “Vazirlar Mahkamasi” deb nomlangan XX bobning 98-moddasidir. Vazirlar Mahkamasi va Bosh vazir vakolatlari belgilangan bu moddaga 93-moddadan chiqariladigan vakolatning qo‘shilishini taxmin qilish mumkin.

Rasmiy xabarga ko‘ra¸ prezident o‘zgartirishni istagan 103-modda “Mahalliy davlat hokimiyati asoslari” deb nomlangan XXI bobga oid va so‘nggi tahrirdagi bu moddada “Viloyat, tuman va shahar hokimlari o‘z vakolatlarini yakkaboshchilik asoslarida amalga oshiradilar va o‘zlari rahbarlik qilayotgan organlarning qarorlari va faoliyati uchun shaxsan javobgardirlar.

Hokimlarning va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining faoliyatini tashkil qilish, ularning vakolat doirasini va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarini saylash tartibi qonun bilan belgilanadi”¸deb yozilgan. Bu moddaga kiritiladigan o‘zgartish va qo‘shimcha mohiyati ham hozircha jamoatchilikka e‘lon qilinmadi.

Va nihoyat “Saylov tizimi” deb nomlangan XXIII bobning 117-moddasi O‘zbekiston saylov tizimi va qonunlarini belgilovchi asosdir.

Mamlakatda 2014 yil dekabrida parlament va 2015 yil martida prezident saylovlari o‘tkazilishi arafasida Asosiy qonunning aynan saylovlarga oid qismiga yana o‘zgartish kiritilishi aytilmoqda. Bu o‘zgartishning O‘zbekistondagi siyosiy vaziyatning keyingi rivojini belgilashdagi roli qanday bo‘ladi¸ bunisi hozircha noma‘lum.
XS
SM
MD
LG