Линклар

logo-print
72 yoshida olamdan o‘tgan qashqadaryolik inson huquqlari faoli Hasan Choriyev 16 mart kuni Shahrisabzdagi Chuqmozorota qabristoniga dafn etildi.

Hasan ota qamoqdan chiqqanidan ikki oy o‘tib, 15 martga o‘tar kechasi olamdan o‘tdi.

U o‘tgan yil iyunida qashqadaryolik 19 yoshli ayolning nomusiga tajovuz qilganlikda ayblanib, hibsga olingan va Toshkent viloyat mahkamasining qarori bilan 5 yilu 2 oy qamoq jazosiga hukm etilgandi.

Hasan Choriyev shu yilni yanvar oyida amnistiya asosida Tovoqsoydagi qamoqxonadan muddatidan oldin ozod etildi.

72 yoshida vafot etgan Hasan ota muxolifatdagi "Birdamlik" harakati rahbari Bahodir Choriyevning otasidir.

Choriyevning yaqinlari ikki marta yurak hurujini boshdan kechirgan otaxonni ahvoli qamoqdan chiqqanidan so‘ng yomonlashganini aytishadi.

- Bir hafta oldin mazalari qochib qoldi. 15 martga o‘tar kechasi jon berdilar, - dedi Hasan otaning yaqinlaridan biri.

“Birdamlik” harakati Hasan ota Choriyevning vafoti tasodifiy emas, deya hicoblamoqda.

“Hasan Choriyev Karimov qamoqxonasining tuzini tatib ko‘rish oqibatida hayotdan ko‘z yumdi”, deb bayonot berdi harakat o‘z sahifasida.

Hasan Choriyev qamalishidan oldin, 2012 yilning oktyabr oyida O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 139-moddasi (Tuhmat) bo‘yicha ayblanib, mahkamaga tortilgandi.

Uning Qamashi tuman hokimi ustidan Milliy Xavfsizlik Xizmatining mahalliy bo‘limiga shikoyat bilan murojaat qilgani jinoyat ishi ochilishiga sabab bo‘lgan.

Hakam o‘shanda Choriyevga AQShda istiqomat qiluvchi o‘g‘li Bahodir Choriyevni "tinchlantirmas ekan", qamoq jazosi belgilanishi muqarrarligini aytgan.

Ozodlik bilan suhbatda Hasan Choriyev shunday degan edi: “Amerikaga yettita o‘g‘lim, oltita kelinim, o‘ttizga yaqin nabiram ketgan. Hozir oila yana qo‘zg‘olsin, yana ko‘tarilsin, degan ma‘nodami, bilmayman - bizdan qasd olyapti bular”, - degan edi Hasan ota.

Hasan Choriyevning AQShda yashayotgan o‘g‘li, "Birdamlik" rahbari Bahodir Choriyev ham o‘zining siyosiy faoliyati uchun hukumat otasini jazolayotganini aytgandi.
XS
SM
MD
LG