Линклар

Rossiyaning Yekaterinburg shahar sudi ikki nafar O‘zbekiston fuqarosini fohishalik qilganlikda gumonlagan yurtdoshini o‘ldirgani uchun 15 va 13 yilga qamoqqa hukm qildi. Mahalliy politsiya ularga bu ayolni o‘ldirishga “buyurtma” bergan yana ikki nafar o‘zbekistonlik ayolni qidiruvga berdi.
Sverdlovsk viloyat sudi 24 va 25 yoshli ikki o‘zbekistonlik shaxsni o‘z hamyurtini vaxshiylarcha o‘ldirganlikda aybdor deb topib, 13 yildan 15 yilga qamoqqa hukm qildi.
Bu xabarni Ozodlikka tasdiqlagan Sverdlovsk viloyat sudi matbuot markazi rahbari Yekaterina Maslennikova jinoyatning haqiqiy tashkilotchilari tergov paytida g‘oyib bo‘lgani va qidiruvga berilganini aytdi.
- Jinoyatchilardan biriga 13, ikkinchisiga 15 yil qamoq jazosi tayinlandi. Dastlabki tergov ular bilan birga jinoyatni sodir etganlikda gumonlangan yana ikki O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan ayol guvoh sifatida jalb qilingan.
Jinoyatchilar iziga izquvarlar ikki kunda chiqqan, ammo shaharni tark etmaslik tilxati olingan bu ayollar qochib qolgan va hozircha qidiruvda. Ularning ishi alohida jinoiy ishga ajratildi, deydi mahkama tafsilotlarini gapirib bergan viloyat sudi rasmiysi Yekaterina Maslennikova.
Sud vakilasi o‘zbekistonliklar Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 126-moddasi 2-qismi (“Odam o‘g‘irlash”) va 105-moddasi 2 qismi (“Qotillik”) asosida sudlangani va 23 martgacha sudning bu qarori yuzasidan shikoyat qilish huquqiga ega ekanini qo‘shimcha qildi.
Ozodlik o‘z manbalariga tayanib, jinoyatchi deb topilgan o‘zbekistonlik yigitlarning familiyasi Jalolov va Xudoyberdiyev ekanini aniqladi.
Sverdlovsk viloyati bo‘yicha Tergov qo‘mita adliya mayori Aleksandr Shulьga Ozodlikka jinoyat tafsilotlarini gapirib berdi. Tergov ma‘lumotlariga ko‘ra, shaharda fohishalik bilan shug‘ullanib kelgan bir o‘zbekistonlik ayol o‘zining ikki “hamkasbi” bilan janjallashib qolgan.
- Bu ayol urushib qolgan kasbdoshlariga O‘zbekistonga borib ular Yekaterinburgda nima ishlar bilan shug‘ullanayotganini ota-onasiga aytib berish bilan tahdid qilgan. Fosh etilishdan qo‘rqib qolgan “tunggi kapalaklar” ikki nafar mijozidan bu ayolni ta‘zirini berib qo‘yishni so‘ragan, dedi viloyat tergov qo‘mitasi rasmiysi.
2013 yilning 1 fevraliga o‘tar kechasi 1988 va 1989 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarolari tergov tomonidan qidiruvga berilgan yana ikkita ayol bilan birga Yekaterinburg shahar Uralmash mavzesidagi Lomonosov ko‘chasidagi kvartirasidan bu ayolni sudrab chiqib, majburan “DEU-Neksiya”mashinasiga o‘tkizgan.
Jinoyatchilar tergov tomonidan shaxsi oshkor etilmayotgan ayolning qo‘l-oyog‘ini skotch bilan bog‘lab, shahar chetidagi o‘rmonga olib borgan, qattiq kaltaklagan, sochini qirib tashlagan. Nihoyat, jinoyatga jalb qilingan Jalolov va Xudoyberdiyevlar pichoq bilan qizning kallasini tanasidan judo qilgan.
O‘ldirilgan o‘zbekistonlik ayolning murdasi 2013 yilning 3 fevralida mahalliy fuqarolar tomonidan tasodifan topilganini bildirishdi Sverdlovsk viloyat Tergov qo‘mitasida.
Jinoyatni “zakaz” qilgan “tunggi kapalaklar” tergovchilarga qizni o‘ldirish niyatida bo‘lmagani, uni faqat qo‘rqitib qo‘yishni so‘raganlarini aytgan, biroq tergov davomida bir necha bor o‘z ko‘rsatmalarini o‘zgartirgan. Ammo, vaziyat chigallashib borayotganini sezgan fohishalar juftakni rostlab qolgan va hozirda xalqaro qidiruvga berilgan.
Bevosita qotillikni sodir etgan 25 yoshli Xudoyberdiyev 15 yilga, uning 24 yoshli sherigi Jalolov 13 yilga qattiq rejimli koloniyada jazo o‘tashga jo‘natilishi kutilmoqda.
XS
SM
MD
LG