Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:18

Alisher Usmonov AQShdagi aksiyalarini sotib, Xitoydan aksiya olmoqda


Rossiyaning eng boy milliarder biznesmeni hisoblangan Alisher Usmonov AQShdagi ikki moliyaviy gigant - Apple va Facebook shirkatlariga oid aksiyalarini sotdi.

Bu haqda Bloomberg agentligiga so‘zlagan USM Advisors shirkati rahbari Ivan Streshinskiyga ko‘ra, Usmonov endilikda Xitoydagi internet-savdo va yangi texnologiyalar bilan ishlovchi shirkatlarga pulini tikmoqda.

Forbes jurnali taxminicha, asli o‘zbekistonlik tadbirkor Usmonovning boyligi 18 milliard 600 million AQSh dollariga yetgan. Bloomberg Markets jurnali ma‘lumotlariga ko‘ra esa 60 yoshli Alisher Usmonovning boyligi 20 milliard AQSh dollariga tengdir.

Ayni paytda bu milliarder o‘z aktivlarini Rossiyaning yana ikki puldori - Andrey Skoch va Farhod Moshiriylar bilan birga USM Holdings Ltd. shirkatida jamlagan.

Ushbu shirkat aktivlari boshqaruvi bilan shug‘ullanayotgan USM Advisors rahbari Ivan Streshinskiyga ko‘ra, Usmonov Apple shirkatining taxminan 100 million AQSh dollari mikdoridagi aksiyalarini sotib olgan edi.

Shuningdek, Usmonov biznes hamkori Yuriy Milner bilan birga umumiy kapitali 105 milliard AQSh dollari deb baholangan Facebook ijtimoiy tarmog‘i aksiyalarining 10 foizini ham xarid qilgan edi.

Ivan Sreshinskiy endilikda Usmonovning biznes qiziqishlari Xitoyga yo‘nalgani va bu davlatdagi yirik internet-savdo shirkatlari - Alibaba, JD.com va shu kabi yirik shirkatlariga pul tikmoqda.

O‘tgan yili oktyabrda Forbes jurnali tomonidan e‘lon qilingan “Dunyoning eng nufuzli odamlari-2013” reytingida asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov 63-pog‘onani egallagan.

Jahon boylari orasida 34-o‘rinda turuvchi, Rossiyada esa eng boy odam hisoblanuvchi Alisher Usmonov o‘zining 17,6 milliard dollarlik mulkini asosan metall savdosidan topgani aytiladi. Ishbilarmonnning keyingi milliardlari esa telekommunikatsiya, media va texnologiyalar sohasidan kelmoqda.

2009 yilda Usmonovga tegishli bo‘lgan DST jamg‘armasi Facebook aksiyalari oldi-sottisi ortidan qariyb 1,5 milliard dollar foyda ko‘rgan.

Ayni paytda Alisher Usmonov Internetdagi Mail.ru portali, “vKontakte” ijtimoiy tarmog‘i va Megafon uyali aloqa shirkatlari aksiyalariga hamda Londonning Arsenal futbol klubida o‘z ulushiga ega.

1953 yilda Namangan viloyatining Chust shahrida prokuror oilasida tug‘ilgan Alisher Usmonov 1976 yilda Moskvadagi Xalqaro munosabatlar davlat institutini tamomlagan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘tgan yilning 6 iyulida Alisher Usmonovni “davlat oldidagi katta xizmatlari, jamoat va xayriya ishlaridagi faolligi uchun” ordeni bilan taqdirlagan.

“Mehnat faoliyatida erishgan yutuqlari va ko‘p yillik halol mehnati uchun” 2004 yilda ham Alisher Usmonovga “Hurmat belgisi” ordeni berilgan edi.

2011 yilda Qozog‘iston hukumati kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan Alisher Usmonovni “Do‘stlik” ordeni bilan Janubiy Osetiya hukumati esa “Hurmat belgisi” ordeni bilan taqdirlagan.
XS
SM
MD
LG