Линклар

Tvitter mikroblogida uy qamog‘ida bo‘lgan Gulnora Karimovani qo‘riqlayotgani da‘vo qilingan odamlar fotosuratlari chop qilindi. Iddao qilinishicha, qo‘riqchilik xizmati xodimlari kabi kiyingan bu kishilar O‘zbekiston prezidentining xotini Tatyana Karimova va Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan qo‘yilgan soqchilardir.

G. Karimovani go‘yo uyidan chiqarmayotgan qora kiyimli kishilar suratini Tvitter mikroblogida @Persona887788 akkaunti egasi chop qildi. Uning iddao qilishicha, Tatyana Karimova va MXX odamlari Gulnora Karimovani bir oydan buyon uy qamog‘ida ushlab turishibdi.

“Tatyana Karimovaning shaxsiy tansoqchisi Nodir Valiyev u (ya‘ni Tatyana Karimova – tahr.) hamda (MXX generallari) Hayot Sharifxo‘jayev va Rustam Inoyatov o‘rtasida kurьerlik qilayapti”, deb yozadi Persona887788.



Eslatib o‘tamiz, 17 fevral kuni O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga qarashli Toshkentdagi kvartirada tintuv o‘tkazilgan, kvartirada bo‘lgan 10 chog‘li odam qo‘lga olingandi.

Rossiyalik blogger-jurnalist Anton Korobkovning Gulnora Karimova so‘zlariga tayanib ma‘lum qilishicha, o‘sha kuni qo‘lga olish guruhi Gulnora Karimova istiqomat qiladigan uy tomidan yettinchi qavat balkoniga tushib, kvartiraga bostirib kirgan. Bu paytda xonadonda Gulnora Karimovaning o‘zi, qizi Imon Karimova, uning fuqaroviy eri Rustam Madumarov, shuningdek, Gulnoraning yaqinlari bo‘lgan Gayane Avakyan, qo‘lida 1,5 yoshli qizchasi bo‘lgan Yekaterina Klyuyeva hamda xizmatkorlar bo‘lgan.

Gulnora Karimovani uyidan chiqarmay qo‘riqlayotgani iddao qilinayotgan kishilardan birining fotosurati (Tvitterdan olindi).

Gulnora Karimovani uyidan chiqarmay qo‘riqlayotgani iddao qilinayotgan kishilardan birining fotosurati (Tvitterdan olindi).

Gulnora Karimova kvartirasida tintuv o‘tkazgan kishilar bu yerda hozir bo‘lganlarning mobil telefonlari va kompyuterlarini olib qo‘yganlar, ushlanganlarni esa hech qanaqa ayblov e‘lon qilmay olib ketganlar. Gulnora Karimovaning rossiyalik jurnalistga aytishicha, tintuvga shaxsan O‘zbekiston prezidenti xavfsizlik xizmatining boshlig‘i, general Muidjon Tohiriy rahbarlik qilgan.

Bu voqeadan keyin chiqqan xabarlarda aytilishicha, Gulnora Karimova va uning qizi Imon o‘shandan buyon uy qamog‘ida saqlanmoqda.

@Persona887788 akkaunti egasi ta‘vilicha, Gulnora Karimovani uy qamog‘ida ushlab turganlar bu ishni fosh bo‘lishdan qo‘rqqanlari uchun amalga oshirmoqdalar.

“Bu ahmoqgarchiliklarning barchasining sababi fosh bo‘lishdan qo‘rqishdir. Xalq oldidagi qo‘rquv, chet eldagi mablag‘larini yo‘qotishdan qo‘rqish, ularning asl mohiyati fosh bo‘lishidan qo‘rqish”, deb yozadi o‘zining Gulnora Karimovaga yaqin odam ekanini iddao qilayotgan @Persona887788 akkaunti egasi.



@Persona887788 akkaunti egasiga ko‘ra, Islom Karimov “hokimi mutlaqdir va ular uning hokimiyatni yo‘qotish qo‘rqinchidan foydalangan holda, uning har qanday harakati ustidan manipulyatsiya qilayaptilar, hatto oilasiga qarshi chiqarayaptilar”.

O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ichi Gulnora Karimovaga bosimlar o‘tgan yilning oktyabr oyida boshlangan, unga qarashli ekani taxmin etiladigan tele va radiostantsiyalar, do‘konlar, jamg‘armalar ëpilgan. Yaqinda esa Shveytsariya prokuraturasi ham “O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga nisbatan pul yuvish gumonlariga asoslangan holda tergov boshlangan"ini e‘lon qildi.

Shveytsariya Bosh prokuraturasi bayonotida aytilishicha, Gulnora Karimova 2013 yil sentyabrida gumonlanuvchiga aylangan. Biroq prokuratura buni 2014 yil 12 martigacha ochiqlamagandi.
XS
SM
MD
LG