Линклар

logo-print
18 mart kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qrim masalasida nutq so‘zladi va Qrim respublikasi hamda Sevastopol shahrini federatsiya tarkibiga qo‘shish qarorini ma‘lum qildi. Bu bayonotdan bir necha daqiqa o‘tib, prezident Putin qarorini tarix sahifalariga muhrlagan kelishuvni imzolash marosimi bo‘ldi.

Rossiya rahbari Vladimir Putin Kremlda Rossiya Davlat Dumasi deputatlari, Federatsiya Kengashi a‘zolari va mintaqa rahbarlari oldida nutq so‘zladi.

Qrimning Rossiya uchun tarixiy ahamiyatidan so‘z boshlagan prezident Putin: "Qrim ahlining 96 foizi Rossiyaga qo‘shilishni yoqlab ovoz berganini tushunish uchun Qrim tarixini bilish kifoya. Qrim Rossiya uchun, Rossiya Qrim uchun qanday ahamiyatga ega ekanini bilish kifoya”, dedi.

O‘z nutqi avvalidayoq Sevastopol shahrini "Rus-qora dengiz harbiy floti vatani", deb atagan Putin 2 million 200 ming aholi yashaydigan yarimorolning Rossiya Federatsiyasiga qo‘shilish ixtiyorini to‘liq quvvatlashini bildirdi.

- O‘z vaqtida imkonsiz ko‘ringan narsalar bugunga kelib voqelikka aylandi: afsuslar bo‘lsinki, SSSR quladi... Bitta ulkan davlatda uyquga ko‘z yumgan millionlab ruslar boshqa davlatda uyg‘ondilar... Ularni bir davlatdan ikkinchi davlatga bir qop kartoshkaday berib yuborishganiga ko‘z yumib bo‘lmaydi, - dedi imkon qadar ta‘sirli, ifodali jumlalarni qo‘llagan Rossiya prezidenti.



Ayni paytda u Rossiya hukumati Ukraina bilan har doim yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini saqlab kelgani va bundan keyin ham shu niyatda qolishini alohida urg‘uladi.

- 2000 yillar boshida sobiq prezident Kuchma Rossiya-Ukraina chegarasi delimitatsiyasini tezlashtirishni so‘ragan edi. O‘shanda delimitatsiyaga rozi bo‘lganimizda biz Qrimni Ukraina hududi, deb tan olgan va bu masalani hal qilgan edik. Chunki Ukraina bilan yaxshi aloqalar biz uchun hamisha muhim bo‘lib kelgan. Ammo, vaziyat boshqa o‘zandan rivojlanib ketdi va bu hududdagi rus hamda boshqa millat vakillari Ukrainadagi beqaror siyosatdan aziyat cheka boshladi, - dedi Vladimir Putin nutqi davomida.

Rossiyani Ukrainaga qarshi interventsiyada ayblagan G‘arb davlatlarini "ikkiyuzlamachilik", "ochiqdan-ochiq surbetlik"da ayblagan Putin asosiy maqsadini shunday bayon qildi:

- Qrimda o‘tgan referendum natijalari va xalq istagiga tayangan holda Federal Kengash muhokamasiga ikki mustaqil sub‘ekt – Qrim respublikasi va Sevastopol shahrini Rossiya tarkibiga qo‘shish to‘g‘risidagi konstitutsion qonunni kiritaman. Shuningdek, bu ikki sub‘ektni Rossiya tarkibiga qo‘shish to‘g‘risida imzolashga tayyor turgan kelishuvni ratifikatsiya qilishingizni so‘rayman! Meni quvvatlashingizga shubha qilmayman! - dedi guldiros qarsaklar ostida prezident Putin.

Prezident nutqidan bir necha daqiqa o‘tib, Putin qarorini tarix sahifalariga muhrlagan kelishuvni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

16 mart kuni Qrim yarimorolida mintaqa maqomi to‘g‘risida referendum o‘tkazildi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, referendumda ishtirok etgan 96,8% qrimlik Rossiya tarkibiga qo‘shilishni ma‘qullab ovoz bergan.
XS
SM
MD
LG