Линклар

logo-print
Shvetsiyaga qarashli TeliaSonera shirkatining O‘zbekistondagi faoliyati AQSh Adliya vazirligi tomonidan ham tekshirila boshladi. Shvetsiya hukumatiga qarashli telekom shirkatining 17 mart kuni ma‘lum qilishicha, AQSh tergovchilari TeliaSonera O‘zbekistonda amalga oshirgan oldi-berdiga doir hujjat va ma‘lumotlarni taqdim qilishni so‘rgan. TeliaSonera ishini Shvetsiyada tergov qilayotgan prokuratura tergovchisi Gunnar Stettlerning Ozodlikka aytishicha, u AQSh rasmiylaridan tergovga yordam berishni so‘rab murojaat qilgan.

TeliaSonera O‘zbekiston telekom bozoriga kirish uchun, jumladan, 3G aloqasini qo‘lga kiritish uchun bu mamlakat prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga 350 million AQSh dollari miqdorida pora berganiga oid iddaolar Shvetsiyada bir yarim yldan beri tergov qilinmoqda.

Katta qismi Shvetsiya hukumatiga qarashli telekom shirkatining O‘zbekistondagi korruptsion xatti-harakatlari endi AQSh Adliya vazirligi hamda AQSh qimmatbaho qog‘oz va birja operatsiyalari bo‘yicha komissiyasi hukumati tomonidan ham tergov qilina boshlaganini TeliaSonera 17 mart kuni ma‘lum qildi.

O‘tgan hafta Hollandiya prokuraturasi ham TeliaSonera ustidan tergov boshlab, shirkatning bu mamlakatdagi ikki idorasi TeliaSonera UTA Holding B.V. va TeliaSonera Uzbek Telecom Holding B.V. ofislarida tintuv o‘tkazgan edi.

Ma‘lum bo‘lishicha, Hollandiya rasmiylari TeliaSonera shirkatidan, unga nisbatan ilglari surilishi ehtimoli bo‘lgan moliyaviy da‘volarni qoplash uchun 10 milliondan 20 million yevrogacha bo‘lgan mablag‘ni garov sifatida taqdim qilishni so‘ragan.

TeliaSonera rasmiylarining bildirishicha, gap shirkatning faqatgina O‘zbekistondagi sarmoyalari bilan bog‘liq jarayonlar haqida ketmoqda va ehtimoliy moliyaviy da‘volar aynan shu jarayonlar bois kelib chiqishi mumkin.

Hollandiyada TeliaSonera ustidan boshlagan tergov, bosh qarorgohi Amsterdamda joylashgan, katta qismi Rossiya va Norvegiyaga qarashli Vimpelcom shirkati ustidan ochilgan jinoyat ishi bilan bog‘liq ekani aytilmoqda.

Hollandiya bosh prokuraturasi rasmiysi Diki Gardenyyer, Ozodlik bilan suhbatda, ikkala shirkat ustidan tergov bir kunda boshlanganini qayd etdi.

Shvetsiya Bosh prokuraturasining korruptsiyaga qarshi kurash boshqarmasi rahbari Gunnar Stettler TeliaSonera ishini 2012 yildan beri tergov qilmoqda. Uning Ozodlikka aytishicha, TeliaSonera ham Vimpelcom ham O‘zbekiston bozoriga kirish uchun “ayni usullardan foydalangan”.

Tergovchi Stettler TeliaSonera ishini tergov qilishda AQSh Adliya vazirligidan ham yordam so‘raganini bildirdi.

- Men AQSh Adliya vazirligidan yordam so‘radim. Men pul o‘tkazmalari, turli shaxslarga tegishli hisob raqamlariga doir ma‘lumotlar, muayan hisob raqamlari kimga tegishli ekani to‘g‘risidagi ma‘lumotlarni taqdim qilishlarini so‘raganman. Bundan ortiq tafsilotlarni bera olmayman, dedi shved prokuraturasi tergovchisi.

Janob Stettler Qo‘shma Shtatlar tergovi uning so‘rovi bilan bog‘liqmi yo‘qmi, buni izohlamadi. Ozodlikning TeliaSonera amalga oshirgani gumon qilinayotgan noqonuniy transaktsiyalar AQShda joylashgan firmalar orqali o‘tganmi, degan savolini ham ochiq qoldirgan shved tergovchisi AQSh hukumatining boshqa davlatlarga qarashli shirkatlarga doir ma‘lumotlarni taftish qila olish imkoniyatlari borligini qayd etdi.

- Sizga bir narsani aytishim mumkin, Qo‘shma Shtatlar dollar valyutasida amalga oshiriladigan opreatsiyalarni nazorat qila olish imkoniga ega. Ya‘ni agar siz dollarda shartnoma tuzsangiz va dollarda haqini to‘lasangiz, bu transaktsiyalar aksar hollarda Amerikadagi korrespondent banklari orqali o‘tadi. Qo‘shma Shtatlarning bu hisob raqamlarini nazorat qilish vositalari bor, deydi Stettler.

TeliaSonera shirkati O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga 350 million AQSh dollari miqdorida pora berganiga doir jinoyat ishlari Shvetsiyadan tashqari Shveytsariya, Frantsiya, Latviya va Holandiyada ham ochilgan. Bu tergovlarda gumonlanuvchilar sifatida prezident qiziga yaqin bo‘lgan shaxslar, jumaladn, uning fuqaroviy eri ekani iddao qilinadigan Rustam Madumarov, xos yordamchisi Gayane Avakyan, Alisher Ergashev, Shohruh Sobirov kabilar o‘tmoqda.

O‘tgan hafta esa, Shveytsariya prokuraturasi pul yuvish jinoyatiga doir tergovda Gulnora Karimovaning o‘zi gumonlanuvchiga aylanganini ma‘lum qildi.
XS
SM
MD
LG