Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:08

Qarshi metallolom yig‘ish korxonasidagi portlashda to‘rt kishi o‘ldi


Qashqadaryo viloyat harbiy prokuraturasi 3 fevral kuni Qarshi shahridagi metallolom qabul qiladigan korxonada to‘rt kishi o‘limiga sabab bo‘lgan portlash yuzasidan tergov olib bormoqda. Huquq-tartibot idoralaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, voqea metallolomga topshirilgan harbiy uskuna portlashi natijasida kelib chiqqan.

18 mart kuni Ozodlikka o‘tgan oyda Qashqadaryo viloyat hokimligiga qarashli “Ikkilamchi qora metallar” korxonasida portlash sodir bo‘lgani va 4 kishi o‘lgani haqidagi xabar keldi.

“Portlash natijasida Qarshi tumani Ko‘chkay qishlog‘ida yashovchi uch kishi va Qarshi shahri yaqinidagi Mexanizator posyolkasidan yana bir kishi halok bo‘lgan. Ko‘chkaydan o‘lganlar orasida Sherali va Nodir degan yigitlar bor. Bittasining uchta bolasi, yana bittasining ikkita bolasi bor edi”, dedi Ozodlikka xabar berib, ismini ochiqlamaslikni so‘ragan qarshilik manba.

Qarshi huquq-tartibot idoralaridagi manbaga ko‘ra, hozir “Ikkilamchi qora metallar” korxonasidagi voqea bo‘yicha tergov Qashqadaryo viloyat harbiy prokuraturasiga o‘tkazilgan.

"Portlashga harbiy uskuna sabab bo‘lgani uchun tergov harbiy prokuraturaga o‘tkazildi. Bu harbiy uskuna metallolom sifatida topshirilgan bo‘lgan",- dedi ismini ochiqlamayotganimiz manba.

Manba harbiy uskuna qaysi tashkilot tomonidan metallolomga topshirilganini ochiqlamadi.

Shuningdek, u portlash natijasida halok bo‘lganlar “Ikkilamchi qora metallar” korxonasi ishchilari ekanini aytib, ular sonini aniqlashtirmadi.

Qarshi huquq-tartibot idorasidagi manbaga ko‘ra, voqea ishchilar korxonaga topshirilgan metallolomlarni tekshirayotgan payti sodir bo‘lgan.

Qashqadaryo viloyat yong‘inga qarshi kurash boshqarmasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, “Ikkilamchi qora metallar” korxonasidagi portlash natijasida yong‘in kelib chiqmagan.

Qashqadaryo viloyat hokimligining o‘zini tanishtirmagan xodimiga ko‘ra, hozircha metallolomga topshirilgan harbiy uskuna bilan bog‘liq ikki taxmin ilgari surilayapti:

"Birinchisi, maktab o‘quvchilari biror harbiy qismdan harbiy uskunani o‘g‘irlab, metallolomga topshirgan. Ikkinchisi, biror harbiy qism yaroqsiz deb metallolomga topshirgan harbiy uskuna zararsizlantirilmagan bo‘lgan",- dedi hokimlik xodimi.

“Ikkilamchi qora metallar” korxonalari mamlakatdagi barcha viloyat hokimliklari qoshida tashkil qilingan bo‘lib, viloyat idora va tashkilotlaridan yig‘ilgan metallolomlarning barchasi shu korxonalarga topshiriladi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining metallolom jamg‘arish haqida maxsus qarorida metallolom yig‘ish mas‘uliyati, asosan, maktab-kollejlar o‘qituvchiyu o‘quvchilari, tibbiyot muassasalarining shifokoru hamshiralari zimmasiga yuklangan.
XS
SM
MD
LG