Линклар

logo-print
AQShga ko‘chib borib¸ qonuniy yashash va ishlash haqqini beruvchi Diversity Visa Program, oddiy tilda Green Card lotereyasiga hech hujjat topshirganmisiz?

Har yilning oktyabr oyi davomida bepul onlayn ariza topshirish orqali o‘ynaladigan bu lotereyaga yillab o‘z qo‘li bilan to‘ldirilgan hujjat yo‘llab¸ may oyida yutuq e‘lon qilinganida hafsalasi pir bo‘lganlar orasida siz ham bormisiz?

Yillar davomida bu lotereyada yutish imkoningizni chamalab¸ yutuq mavsumida nega bu imkon sizga nasib qilmagani haqida bosh qotirganmisiz?

AQSh Davlat departamenti tomonidan yer yuzining aksar fuqarosi uchun birdek taqdim etilayotgan bu lotereyadagi yutuq imkoningizni deyarli yo‘qqa chiqarayotganlar AQShda emas¸ shundoqqina yoningizda bo‘lishi mumkinligi haqidachi?

Ozodlikning birgina Samarqand misolida o‘tkazgan jurnalistik tekshiruvi aynan sizning bu imkoningizga jiddiy soya solayotgan soyaki sxemalar mohiyatini fosh qiladi.


Kutilgan¸ yoxud kutilmagan Baxt qushi

Samarqandlik Rustam (ismi o‘zgartirilgan - tahr.) hozir AQShda yashaydi. U 2010 yilda AQSh Davlat Departamenti har yil oktyabrda e‘lon qiladigan bir oylik Green Card lotereyasini yutib¸ Amerikaga kelgan. Green Card deb atalgan “baxt qushi” esa¸ uning boshiga samarqandlik o‘rtakashlar qo‘li bilan qo‘ndirilgan:

- Uyda o‘tirgan edim¸ bittasi keldi Green Card o‘ynaysizmi¸ deb. Green Card nimaligini bilardim¸ ha mayli¸ yutamanmi¸ yo‘qmi dedim. Ular agar yutsangiz¸ 95 minimal oklad berasiz¸ deb qog‘ozga qo‘l qo‘ydirib oldi. Yutgan-yutmaganingizni oxirigacha siz bilmaysiz¸ ular registratsiya nomeri (case number)ni oxirigacha ushlab turadi. Sizga konsulxonaga borishning kunini aytadi¸ borasiz. Boshda 2000-3000 dollar berasiz¸qolganini ikkinchi paketdan keyin berasiz. Rozi bo‘lasiz¸ boshqa ilojingiz yo‘q¸ deydi to‘rt yildan beri oilasi bilan AQShda yashayotgan Rustam.

Rustam kabi Green Card yutib¸ hozirda Amerikada yashayotgan o‘zbekistonliklar aksariyatini¸ AQShdagi o‘zbek muhojirlari ta‘kidicha¸ aynan samarqandliklar tashkil etadi.

2012 yil oktyabrida AQShning O‘zbekistondagi elchixonasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Konsullik bo‘limi rahbari vazifasini bajaruvchi Otto Vesthassel e‘lon qilgan ma‘lumotga ko‘ra¸ 2011 yilda Green Card lotereyasida ishtirok etish uchun O‘zbekistondan 654 mingdan ko‘proq ariza tushgan. Shundan 5101 ariza dastlabki bosqichda tanlab olingan bo‘lsa-da, faqat 3000 dan sal ko‘proq o‘zbekistonlikka AQShga ko‘chib ketish uchun immigratsiya vizasi berilgan. Viza olganlarning 63 foizi esa samarqandliklar bo‘lib chiqqan.

Aytilishicha¸ nafaqat 2011¸ balki undan oldingi va keyingi yillarda ham Green Card yutgan o‘zbekistonliklarning 60 foizdan ko‘prog‘i samarqandliklardir.

Matbuot anjumani davomida "Nega aynan samarqandliklar ?" degan savolga Konsullik bo‘limi rahbari “Samarqanddan lotereyada ishtirok etayotganlar soni ko‘p bo‘lishi kerak”¸ deya javob bergan edi.

Ozodlik o‘tkazgan jurnalistik surishtiruv davomida¸ AQSh elchisining bu gapi o‘z tasdig‘ini topdi – har yil Green Card mavsumida Samarqanddan ariza yo‘llayotganlar sonining yuz minglarda sanalishi aniqlandi va sirtdan qaraganda bu yerda hech qanday g‘ayriqonuniylik yo‘qdek.

Ammo Ozodlikka o‘z shaxsi sir qolish sharti bilan ma‘lumot bergan Green Card arizachilari hikoyasi samarqandliklarning QANDAY qilib "ko‘p va xo‘b" Green Cardga murojaat qilib¸ yutib chiqayotganlari ortidagi “soyaki” sxemalarni ochiqqa olib chiqishga yordam beradi.


Samarqandda o‘ynamagan lotereyaga ham yutuq chiqaveradi...

Ozodlikning xavfsizlik nuqtai nazaridan kimligini oshkor qilmayotgan ishonchli manbalari yillardan beri Green Card lotereyasiga ariza topshirish jarayonida bevosita ishtirok etib¸ bujarayonni ichdan kuzatgan samarqandliklardir.

Ularga ko‘ra¸ Green Card lotereyasida eng ko‘p samarqandliklarga yutuq chiqayotgani sababi juda oddiy – bu lotereyaga hujjat topshirayotgan samarqandliklar soni o‘n minglar¸ balki yuz minglarni tashkil etadi.

Dunyo bo‘ylab ariza topshirayotgan millionlardan farqli bu “o‘yin”ga qo‘shilgan samarqandliklarning aksariyati Green Card lotereyasida qatnashganini o‘zlari bilmaydi:

Ozodlikning bir emas¸ bir-biridan mustaqil bir necha manbasi ta‘kidicha¸ o‘n minglab¸ balki yuz minglab samarqandliklarga oid shaxsiy ma‘lumot va ular fotosuratlari¸ egalari bexabar holda¸ rasmiy idora va arxivlardan o‘g‘irlanadi va so‘ngra bu o‘g‘rilikni uyushtirgan guruhlar ular nomidan anketa to‘ldiradi.

Samarqand shahar hokimligida “xususiy tadbirkor” sifatida ro‘yxatdan o‘tgan ShM (Ozodlik ixtiyorida bu tadbirkor va uning rasmiy faoliyatiga oid barcha ma‘lumot bor¸ ammo hozircha ularni e‘lon qilmaslikni ma‘qul topdi) bilan o‘ziga xos shartnoma imzolagan Ozodlik manbasi gapiradi:

- Hamma institutga abituriyentlar avgust oyida imtihon topshiradi. Shu paytda abituriyent qayd varaqchasiga kompyuterda rasmga tushadi. Abituriyent qayd varaqchasiga rasmga tushirib, keyin danniylarini kompyuterdan chiqarib, hammasini hujjatlar papkasi ichiga soladi. Ana shu ma‘lumotlar kompyuterda qolib ketadi¸ ya‘ni institutlarning o‘zida. Keyin shularni borib, o‘zining ishchilari bor, ishchilar institutga borib, shu arxiv rahbarlarinimi, kompyutershiklarni topib, ularning qo‘liga pul berib ana shu ma‘lumotni yuklab oladi.

Ozodlikka taqdim etilgan hujjat nusxasi.

Ozodlikka taqdim etilgan hujjat nusxasi.

​Masalan¸ Samarqand Davlat universitetiga 40 mingta bola hujjat topshirgan bo‘lsa, hammasining shaxsiy ma‘lumoti¸ rasmlarini bitta fleshkaga tashlab oladi. Keyin ana shu minglab ma‘lumoti o‘g‘irlangan odamlar otidan Green Cardga anketa to‘ldiriladi. Bu odamlarning bundan mutlaq xabari ham yo‘q. Har yili may oyida javobi chiqadi. Kimga yutuq kelsa¸ keyin uning uyiga borishadi. Manzillarini arxiv byurosidan oladi. Aniq qilib uyiga boradi. Keyin hech nima bilmaganday¸ bu odamning allaqachon Green Card yutganini aytmasdan¸ “Aka, Grin kard o‘ynaysizmi?” deydi. “Yo‘q, o‘ynaganman” desa, “Bitta mana shu narsaga qo‘l qo‘ying. Boshqatdan o‘ynaysiz” deydida, qo‘l qo‘ydirib oladi.

O‘ynamagan bo‘lsa, bir haftada javobi chiqadi¸ deb aldab, qo‘l qo‘ydirib oladi. Shartnomaga qo‘l qo‘ydirib olgandan so‘ng bir haftadan keyin borib¸ chaqirib kelishadi. “Siz yutdingiz, ofisga keling” deydi. Keyin qanaqa dokument kerak bo‘lsa hammasini olib keladi. CN¸ ya‘ni registratsion nomerni yutgan odamga bermaydi. Birinchi paket kelgandan keyin, eng kam ish haqining 95 barobarini to‘laydiku, shuning yarmini birinchi paketida to‘laydi, ikkinchi paketda qolgan yarmini to‘laydi. Shartnoma narxi 9 millionmi shunday bo‘lgan hozir¸ deydi Ozodlik manbasi.

(Bu manba o‘zi va yaqinlariga ayni shu xizmatni taklif qilgan shirkat va shaxs bilan tuzilgan shunday shartnoma nusxasini Ozodlikka jo‘natdi.)


Jon boshiga 400 so‘mdan....

Ozodlik manbasiga ko‘ra¸ Samarqand oliygoh va kollejlaridan abituriyent va talabalar shaxsiy ma‘lumotlarni o‘g‘irlash keng tarmoqli biznesga aylangan va virtual ma‘lumotlar bazasidan nusxa olishga imkoni borlar¸ Green Card lotereyasida vositachilik qilayotgan shaxs va shirkatlar bilan muayyan kelishuvga ega:

- Hozirgi narx¸ jon boshiga 400 so‘m. 10 000 odamning ma‘lumot va suratini olib kelsam¸ menga naqd 4 million so‘m sanab beradi. 40 mingta olib kelsam¸ 16 million so‘m bilan chiqib ketaman. Keyin har yil sezonda yollanadigan inglizcha biladigan ishchilar bu odamlarga anketa to‘ldiradi. Bu anketa keyin har yil o‘yinga tashlanadi va qaysi yili yutuq chiqsa¸ o‘shanda yutuq kodi vositachi shirkat bergan elektron pochtaga keladi va bu kod o‘rtacha 5000 dollarga yutuq egasiga sotiladi. Pulini bermasangiz¸ elchixonaga beriladigan registratsion nomerni olomaysiz¸ deydi Ozodlik manbasi.

"A. ismli bola Samarqand Davlat universitetiga hujjat topshirgan 36 ming abituriyentga oid shaxsiy ma‘lumotni fleshkaga ko‘chirib¸ ShMga olib keldi va buning uchun 14 million so‘mni naqd sanab oldi. Bu guvohlar gapi"¸ deb yozdi mazkur shirkat agentlariga tayangan Ozodlik manbasi.

Samarqandliklarga oid shaxsiy ma‘lumotlar bilan Green Card uchun ariza topshirib¸ har yili o‘nlab¸ balki yuzlab “bexabar”lar uyiga sehrli diyorga yo‘l ochuvchi lotereya yutug‘i bilan borib¸ “suyunchi”siga 5000 dollargacha naqd so‘rayotgan shirkat va shaxslar¸ shaharda bitta emas.

Samarqandlik jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayev yillardan beri nega o‘z viloyatdoshlarining Green Card yutishda bunchalik omadi chaqqonligi siri bilan qiziqib keladi.

Ozodlikka taqdim etilgan hujjat nusxasi.

Ozodlikka taqdim etilgan hujjat nusxasi.

Ozodlik bilan suhbatda Rahmatullayev har yil lotereya e‘lon qilinishi oldidan Samarqandda o‘ziga xos safarbarlik boshlanishini aytadi:

- yoz oyidan boshlab¸ ayniqsa¸ kuz paytida Greed Card to‘ldirish kelgan paytda¸ mahallama mahalla¸ hovlima hovli¸ o‘quv yurtlarida yurib¸ "Biz sizdan biror tiyin talab qilmaymiz¸ faqat ma‘lumotingizni¸ suratingizni bersangiz bo‘ladi”¸ deyishadiyu¸ hamma ma‘lumotni olishadi. Keyin Green Card lotereyasi boshlanishi bilan¸ anketa to‘ldirib yuborishadi. Anketasi yuborilgan odamning Green Card yutgan-yutmaganini ular biladi¸ chunki kod ularda. Deylik¸ bitta firma 1000 ta odamga anketa to‘ldirgan bo‘lsa¸ shulardan beshtami-o‘ntasigami¸ qanchaligini Xudo biladi¸ yutuq chiqsa¸ yutganlarning oldiga borib¸ “Yutdingiz¸Amerikaga borish imkoniyatingiz katta endi. Bizga shuncha berasiz”¸ deyishadi. Avvallari 1-2 million so‘mga ko‘nishardi. Ammo hozirgi kunda kami 5000¸ hatto 10 000 dollargacha chiqib ketgan. So‘ragan pulini bermasangiz¸ kodingizni bermaydi. Shuning uchun odamlar majbur bo‘lib¸ firma egalari so‘ragan pulni¸ qayerdan topib bo‘lsa ham berayapti¸ deydi samarqandlik jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayev.


Yutuq chiqmaganga ham yutuq bor¸ narxi qimmatroq...

Samarqanddagi Ozodlik manbalari hikoyasiga ko‘ra¸ shahardagi uchar tadbirkor va shirkatlar taklif qilayotgan AQShga ketish yo‘llari shu bilan tugamaydi. Samarqandda lotereyasiga yutuq chiqmaganni ham yutganlar qatoriga qo‘shishning “qonuniy” yo‘llari o‘ylab topilgan.

“Yutuq chiqmagan yigitlarga navbatdagi xizmat taklif qilinadi. Ularga yutuq chiqib¸ Amerikaga ketadigan qizlar surati va manzili 1000 dollar “suyunchi” puli evaziga sotiladi va uning uyiga sovchi yuboriladi¸ deb davom etadi Ozodlik manbasi:

- Ofisga iltimos qilib keladigan odamlar ko‘pda. “Bizni uylantirib yuboring. Amerikaga ketishimiz kerak” deydi. Qizlarning yangi rasmini tushiradiku bular Green Card o‘ynayotganda. Shu rasmni ko‘rsatadi. Agar yoqsa, mana shu odamning uyiga sovchi bo‘lib borasiz, deydi. Ular rozi bo‘ladi, to‘y qilishadi. To‘ydan keyin elchixonaga kirib, viza olib chiqadi 10 yilga qizgayam, kuyovgayam. Birga ketamiz deb kiradida elchixonaga. Yutmagan kuyov ham 10 yillik viza bilan Amerikaga ketadi. Bunday xizmat uchun kuyov kishidan 15 ming dollargacha oladi. O‘rtacha 15-20 ming dollargacha oladi. Agar viza ololmasa, o‘zining aybi bo‘ladi, pulga ham kuyadi erkak kishi¸ deydi o‘zi ham bunday xizmatdan foydalanib¸ chuv tushgan Ozodlik manbasi.


Bergan rozi¸ olgan rozi... Kim norozi?

Norozilar ko‘p va ular hozir kimga dodini aytishni bilmaydi¸ degan Ozodlikning samarqandlik suhbatdoshlaridan biri ularni toifalarga ajratadi:

Birinchi guruh norozilar¸ 5000 dollarga yaqin xizmat puli to‘lab¸ AQSh elchixonasida konsul bilan suhbatdan o‘ta olmay¸ immigratsiya vizasini ola olmayotgan erkagu ayol.

(AQSh Konsulining 2012 yilgi matbuot anjumanida aytishicha¸ o‘sha yili 5101 o‘zbekistonlikka yutuq chiqqan bo‘lsa-da¸ ulardan faqat 3000 ga yaqini immigratsiya vizasi olib¸ AQShga ko‘chib ketgan. Bu esa¸ yutuq chiqqanlarning 40 foizi Konsullik xodimi bilan suhbatdan o‘ta olmaganini anglatadi.)

Ikkinchi guruh¸ kami 15 ming dollar to‘lab¸ konsul bilan suhbatdan vizasiz qaytayotgan “kuyov”lar.

Uchinchi guruh¸ bilib-bilmay asosiy maqsadi Amerikaga ketish bo‘lgan yigitga uylangan Green Card yutgan qizlar. AQSh elchixonasidagi saralash jarayonidan o‘ta olmagan bu qizlar ham Green Carddan quruq qoladi¸ ham intervyudan o‘ta olmagach¸ Amerika uchun uylangan eridan ajramoqda¸ deydi Ozodlik manbasi.


AQSh hammaga birdek bergan imkon suiste‘mol qilinmoqda

Samarqandda ko‘p million dollarlik tarmoqlik biznesga aylangan Green Card lotereyasidagi firibgarliklar¸ bu lotereyada o‘z istak-xohishi bilan qatnashayotgan o‘zbekistonliklarning yutish imkonini qariyb yo‘qqa chiqarmoqda.

Ozodlik muxbiri samarqandlik Green Card lotereyasi atrofida urchigan bunday kriminal biznes va samarqandlik arizachilar taqdim etgan ma‘lumot va hujjatlar munosabati bilan AQSh Davlat Departamentining tegishli tizimlariga murojaat qildi.

Har yil jahon bo‘ylab o‘tkaziladigan Diversity Visa Program, oddiy tilda Green Card lotereyasini uyushtirish uchun Davlat Departamentining Konsullik ishlari bo‘yicha Byurosi mas‘ul hisoblanadi.

Mazkur byuroning diplomatik qoidalar bois ismi keltirilishini istamagan yuqori lavozimli rasmiysi Ozodlik jurnalistik surishtiruvi tafsilotlari bilan tanishib chiqqach¸ AQSh tizimlari Green Card bilan bog‘liq bunday jinoiy sxemalarga oid ma‘lumotlarni o‘ta jiddiy qabul qilishini ta‘kidladi:

"Biz jahon bo‘ylab Green Card dasturi bilan bog‘liq yuzlab spamlar borligidan xabardormiz va ularning birortasini e‘tiborsiz qoldirmaymiz. Siz o‘rgangan sxemalarning asos qurboni bu O‘zbekiston fuqarolaridir. Zotan AQSh Davlat Departamenti har yil o‘tkazadigan Diversity Visa dasturi bepul va u bilan bog‘liq har qanday pulli xizmatlarning¸ aksar hollarda¸ aynan spam ekanini yana bir bor eslatib o‘tmoqchiman. Biz bu dasturga qiziquvchilar uchun barcha ma‘lumotni Davlat Departamenti rasmiy saytida muntazam berib kelamiz. Xususan¸ turli jinoiy sxemalar¸ firibgarlar yuboradigan elektron maktublardan ham muntazam ogohlantiramiz. Bu dasturda qatnashish juda oddiy va shu bois¸ o‘ziga Green Card o‘ynash uchun xizmat¸ xususan¸ pullik xizmat taklif qiluvchilarning bu dasturga mutlaq aloqasi yo‘qligidan o‘zbekistonliklar yaxshi ogoh bo‘lishlari lozim"¸ dedi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda AQSh Davlat departamenti Konsullik ishlari bo‘yicha byurosi rasmiysi.

Ozodlik o‘tkazgan jurnalistik surishtiruv davomida aniqlangan sxemalar munosabati bilan O‘zbekistondagi AQSh elchixonasi Green Card lotereyasida yutuq chiqqanlarni suhbatdan o‘tkazish va ularga immigratsiya vizasi berish jarayoniga qandaydir o‘zgartish kiritadimi?

Bu savolga javob bergan AQSh Davlat departamenti mulozimi¸ bunday ma‘lumot "o‘ta jiddiy" qabul qilinishini ta‘kidlab turib¸ uning skrining jarayoniga qanday o‘zgartish kiritishiga oid tafsilotlarni ochiqlamadi.

Ayni paytda¸ AQSh Davlat departamenti Amerika hududida qonuniy yashab¸ ishlash orzusidagilar uchun taklif qilayotgan o‘z dasturini suiste‘mol qilayotganlar jinoiy amaliyotlarni boshqa davlat¸ biz muhokama qilayotgan holda¸ O‘zbekiston hududida amalga oshirmoqda va ular O‘zbekiston fuqarolaridir. Bunday vaziyatda ularni qonun oldida javobgarlikka tortish qaysi davlat tomonidan¸ qanday amalga oshiriladi?

Bu savolga munosabat bildirgan Davlat departamentining Konsullik ishlari bo‘yicha Byurosi mulozimi¸ bu AQSh¸ qolaversa O‘zbekistondagi boshqa tizimlar ishi ekanini ayta turib¸ bu tizimlarning tilga olingan keng ko‘lamli jinoiy sxemalarni e‘tiborsiz qoldirmasligini ta‘kidladi.

Ozodlikka o‘z manbalaridan yetib kelgan ma‘lumotga ko‘ra¸ Samarqandda ko‘p million dollarlik Green Card biznesini yaratib¸ o‘z qulochini boshqa viloyatlarga ham yoza boshlagan xususiy tadbirkor ShM faoliyati O‘zbekiston prokuraturasi tizimlari e‘tiborini ham o‘ziga jalb qilgan.

"Ammo o‘zining kuzatuv va tekshiruv ostida ekanini tushunib turgan ShM o‘z biznesidan voz kechmasa-da¸ agentlariga ehtiyot bo‘lishni tavsiya qildi"¸ deydi bu tadbirkorga yaqin manba.


Qozi muttaham bo‘lsa¸ dodingni kimga aytasan?

Ozodlikning Samarqanddagi manbalari ta‘kidicha¸ Green Card orqasidan yiliga millionlab dollar daromad ko‘rayotgan shaxs va guruhlarning aynan huquq va adliya tizimlarida o‘z odamlari bor va shu bois bunday jinoyatlar jazosiz qolmoqda.

“Mening bilganim¸ Samarqanddagi institut¸ universitet va arxivlardan odamlarning shaxsiy ma‘lumotini o‘g‘irlash bu guruh bilan birga ishlayotgan rasmiylar¸ xususan uning viloyat sudidagi odami qo‘li bilan qilinmoqda. Adliya tizimidagi sheriklar o‘quv yurtlariga borib¸ men o‘rganayotgan ish uchun shu ma‘lumotlar kerak¸ degan bahona bilan ma‘lumotlar bazasini ko‘chirib oladi va o‘z sheriklariga yetkizadi”¸ degan bu manba Samarqand viloyatidagi ayrim shaxslar ism-sharifini keltirdi. Ammo Ozodlik bu iddaoni bevosita o‘rganish va tasdiqlash imkoniga ega bo‘lmagani bois¸ Samarqand huquq tizimlaridagi shaxslarga oid o‘ziga topshirilgan bu ma‘lumotlarni oshkor qilmaslikni ma‘qul topdi.

Manbaning ta‘kidicha¸ hozirda Samarqanddagi muvaffaqiyat va daromadidan ruhlangan mazkur guruh¸ 2013 yildan boshlab o‘z biznesini butun O‘zbekiston miqyosiga yoyishga kirishgan va boshqa viloyat¸ xususan Jizzax va Toshkent viloyati va shahri oliygoh va kollejlari talaba va abituriyentlariga oid shaxsiy ma‘lumotlarni qo‘lga kiritib¸ 2015 yilgi Green Card lotereyasi uchun anketa to‘ldirgan.

“Ko‘rasiz¸ bu yil may oyida yutuq chiqayotganlarning ko‘pi jizazaxlik va toshkentliklar bo‘lib chiqadi”¸ deydi bu manba:

- May oyiga borib¸ yutuq egalari aniq bo‘lgach¸ o‘zi bilmagan holda Green Card yutganlarga “sovchilar” kelib¸ noqonuniy shartnomaga qo‘l qo‘ydirib olishadi. Ularning ko‘pchiligi Amerikaga ketaman ekan¸ deb otini sotib¸ molini sotib¸ kimlardandir qarz olib¸ firibgarlarga 5000 dollardan 20 ming dollargacha to‘laydi¸ ammo AQSh Konsulligidan immigratsiya vizasi ololmay¸ ham puliga kuyadi¸ ham Konsullik qora ro‘yxatiga tushib¸ kuyib qolaveradi, deydi o‘zi aynan shu ko‘yga tushgan samarqandlik Green Card arizachisi.


Green Carddan bexabar Green cardchi

Ozodlik muxbiri o‘ziga taqdim etilgan kelishuvga imzo chekkan Samarqanddagi ShM ismli xususiy tadbirkor bilan bog‘lanib¸ bildirilayotgan iddaolarga izoh berish imkonini taqdim etdi.

Suhbat boshida:

- Odamlar Samarqandda ko‘p o‘ynaydi¸ boshqa viloyatlarda o‘ynamaydi. Shuning uchun ularga yutuq ko‘p chiqadi. Odam ko‘p oldimda hozir¸ Samarqandda bo‘lsangiz ofisga keling....¸ deya Green Card haqida gaplashish uchun o‘z idorasiga kelishni taklif qilgan vositachi¸ Ozodlik muxbiri bilan gaplashayotganini anglagach¸ o‘zining bunday ish bilan shug‘ullanishi yoki shug‘ullanganini mutlaq inkor qilishga o‘tdi:

- Menimcha adashdingiz. Yo‘q¸yo‘q¸ yo‘q. Men bunaqa ish bilan shug‘ullanmayman. Men kompyuter sotaman. Yo‘q¸ men bu ish bilan shug‘ullanmaganman¸ oldin ham shug‘ullanmaganman. Siz o‘zi nega mendan bularni so‘rayapsiz¸ sizga otchyot berishim kerakmi¸ degan dag‘dag‘a bilan telefonini o‘chirib qo‘ydi.

Ozodlik muxbirining bu shaxs bilan qayta bog‘lanib¸ boshqa savollarga javob olish urinishlari natijasiz qoldi.


Green Card nima o‘zi?

1990 yilda Kongress tomonidan qabul qilinib¸ 1995 yildan kuchga kirgan Immigratsiya Aktiga muvofiq¸ muhojirlar asos solgan AQShga har yili 55 ming xorij fuqarosining qonuniy kelib¸ yashab va ishlashiga ruxsat etilgan.

Bunday ruxsat esa¸ AQSh Davlat departamenti har yilning oktyabr oyida e‘lon qiladigan bir oylik jarayon davomida Green Cardga murojaat qilgan millionlab odam orasidan qur‘a tashlash yo‘li bilan yutganlarga kelasi yil may oyida taqdim etiladi.

Keyingi bir necha yil mobaynida yiliga 5000 nafarga yaqin O‘zbekiston fuqarosi¸ Green Card sohibi sifatida AQShga ko‘chib ketmoqda. Lotereyani yutganlar barobarida ular bevosita oila-a‘zolarining ham AQShda yashash haqqini qozonishi inobatga olinsa¸ Green Card bilan ko‘chib ketayotgan o‘zbekistonliklar sonining yiliga bir necha o‘n mingga yetishini taxmin qilish mumkin.
XS
SM
MD
LG