Линклар

O‘zbekiston Davlat san‘at muzeyidan 6 ta kartina o‘g‘irlangani rasman tasdiqlandi


Viktor Ufimsevga oid "Sirk" asari O‘zbekiston davlat muzeyidan o‘g‘irlangan.

Viktor Ufimsevga oid "Sirk" asari O‘zbekiston davlat muzeyidan o‘g‘irlangan.

Sovet davriga oid tasviriy san‘at asarlari savdosi bilan shug‘ullanadigan Moskvadagi “SOVKOM” auktsioni O‘zbekiston davlat muzeyidan o‘g‘irlangani aytilayotgan 6 ta kartinani sotuvga qo‘yildi.

Bu rasmlar 1964 yili olamdan o‘tgan va "Turkiston avangardi" degan san‘at yo‘nalishini tamsil qilgan arbob sifatida qadrlanadigan Viktor Ufimsevnikidir.

Ozodlik o‘tgan yili bu 6 rasmning muzeydan o‘g‘irlangani haqida o‘z manbalariga tayanib ma‘lumot tarqatgan edi.

“SOVKOM” auktsioni vakili Ozodlik bilan suhbatda bu asarlar Rossiya fuqarolari tarafidan auktsionga topshirilgani va ularning o‘g‘irlangan- o‘g‘irlanmaganini tekshirishning doimo imkoni bo‘lmasligini bildirdi.

Joriy haftada O‘zbekiston Davlat san‘at muzeyi direktori Vasila Fayziyevadan intervyu olgan Uz24 portalining yozishicha, asarlar o‘g‘irlanib soxtasiga almashtirib qo‘yilganligi surishtiruv jarayonida aniqlangan.

Ufimtsev asarlaridan biri

Ufimtsev asarlaridan biri

O‘zbekiston Madaniyat va sport vazirligidagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ 42ta ekspertdan iborat bo‘lgan va o‘ta zamonaviy uskunalar bilan qurollangan ishchi guruhi barcha eksponatlarni inventarizatsiya qilish bo‘yicha muzeyda ish olib borgan.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ muzeyning tasviriy grafika bo‘limini inventarizatsiya qilish ishlari yakuniga yetgan va aynan mana shu inventarizatsiya natijalariga ko‘ra, Ufimsevning 6 ta asari soxta ekanligi aniqlangan.

Mahalliy matbuotga intervьyu bergan muzey direktori Vasila Fayziyeva¸ kim oshdi savdosida sotuvga chiqarilgan Ufimsev ijodiga mansub rasmlarning Davlat san‘at muzeyida saqlangan asl nusxalari ekanligidan hayratga tushganini ta‘kidlagan:

“Albatta, dastavval “SOVKOM” kim oshdi savdosiga qo‘yilgan rasmlarni asl nusxa sifatida taqdim qilinayotgan soxta nusxalari, deb o‘ylaganmiz. Biroq, ishchi guruhning dastlabki natijalarida muzeyda saqlanayotgan nusxalarning soxta ekanligi ma‘lum bo‘ldi”¸ deya O‘zbekistondagi Uz24 portali Vasila Fayziyevadan iqtibos keltiradi.

O‘zbekiston Madaniyat va sport vazirligidagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ muzeyda Ufimsev asarlarining aynan asl nusxalari saqlangan va bu hujjatlar bilan tasdiqlangan.


O‘g‘rilar nishonida qolayotgan Ufimsev

Ufimsev asarlari bundan oldin Angren galereyasidan ham o‘g‘irlangan edi.

Viktor Ufimsevga oid bir nechta asarning Angren galereyasidan g‘oyib bo‘lgani o‘tgan yili O‘zbekiston Madaniyat va sport vazirligi o‘tkazgan davriy taftish chog‘ida ma‘lum bo‘lgan edi.

Ufimsev asarlarining galereyadan “yo‘qolishi” 1990 yildan 2004 yilgacha muntazam tarzda kuzatilgan.

Toshkentlik rassom Vyacheslav Oxunov Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekistondagi muzey fondlaridagi asarlar mulozimlar tarafidan o‘g‘irlanayotgani haqida ma‘lumotga ega ekanligini aytdi:

- Bir tanishim muzey eksponatlari bo‘lgan rasmlarning xolstiga urilgan davlat muhrlarini yuvib tashlashga buyurtma olganini gapirib berdi. Men qiziqib tafsilotlarini so‘radim. O‘rganganim shu bo‘ldiki, uyushgan jinoiy guruh O‘zbekiston muzeylaridagi asarlarni mamlakatdan olib chiqib ketish bilan muntazam shug‘ullanmoqda, deydi toshkentlik rassom.

​Angrendagi suratlar galereyasidagi vaziyatdan xabardor mahalliy inson huquqlari himoyachisi Dmitriy Tixonovning Ozodlikka aytishicha¸ Ufimsev asarlarining galereyadan “yo‘qolishi” 1990 yildan 2004 yilgacha muntazam tarzda kuzatilgan.

- Angren suratlar galereyasida 1986 yili Viktor Ufimsevga oid 2 mingdan ziyod eksponat bo‘lgan. Hozir shulardan qanchasi qolgani noma‘lum¸ deydi suhbatdosh.

Galereya jamlamasidagi kamomad O‘zbekiston Madaniyat va sport vazirligi o‘tkazgan davriy taftish chog‘ida ma‘lum bo‘lgan.

Taftishdan xabardor bo‘lgan va ismi oshkor qilinmasligini istagan toshkentlik san‘atshunosning Ozodlikka aytishicha¸ galereyadagi jamlamaning asosiy hujjati bo‘lgan kirim daftari (kniga postupleniy) yo‘q qilingan.

Jamlamaga oid barcha tafsilotlar yozilgan va surg‘ichlab qo‘yilgan daftarning yo‘qolgani san‘atshunoslarda shubha uyg‘otgan.

Ana shundan keyin galereya jiddiy tekshirilganida Ufimsev endi ijodini boshlagan davrga oid bir necha surat yetishmagani aniqlandi¸ deydi suhbatdosh.

Angrendagi suratlar galereyasidagi vaziyatdan xabardor mahalliy inson huquqlari himoyachisi Dmitriy Tixonovning Ozodlikka aytishicha¸ galereya rahbariyati rasmlarni saqlashga sharoit yo‘q¸ degan “afsonani” yaratib¸ yo‘qolgan asarlarni "erto‘lada namdan chirib ketdi" deb hisobdan chiqarishga urinishgan.


Gulnora Karimova ham Ufimsevga ishqiboz

O‘tgan yili O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qiziga oid uyni iznsiz ishg‘ol qilgan o‘zbek faoli Safar Bekjon bu uyda O‘zbekiston muzeylari fondiga oidligi taxmin qilingan 60 ta o‘zbek tasviriy san‘ati durdonasi borligini bildirgan edi.

Bu uyni ishg‘ol qilgan o‘zbek faoli Safar Bekjon e‘lon qilgan kartinalar fotosuratlarini ko‘rgan san‘atshunoslar bu kartinalar orasida 1964 yili olamdan o‘tgan Viktor Ufimsev mo‘yqalamiga oid uchta rangtasvir asari borligini aniqlashdi.

O‘zbekiston madaniyat va sport ishlari vazirligi qoshidagi ekspertiza bo‘limining ismi sir qolishini istagan mulozimiga ko‘ra¸ Viktor Ufimsev asarlarini mamlakatdan olib chiqilishiga qonuniy asos yo‘q :

- Mavjud qonunga ko‘ra,1964 yilgacha chizilgan rasmlarning O‘zbekiston chegarasidan tashqariga chiqarilishiga izn berilmaydi. Siz rasmning egasi bo‘lsangiz ham uni olib chiqa olmaysiz. Bu umumiy qonun. Viktor Ufimsev kabi taniqli rassomlarning asari bo‘lgan holatda bu taqiq yanada qat‘iylashadi. Ya‘ni bu taniqli rassomlarning asarlari 1964 yildan keyin yaratilgan bo‘lsa ham, ular yaratgan asarlarning durdona ekani bois mamlakatdan chiqarilishiga izn berilmaydi, dedi O‘zbekiston madaniyat va sport ishlari vazirligi qoshidagi ekspertiza bo‘limi mulozimasi.

Shu o‘rinda Jenevadagi uyda turgan Viktor Ufimsevga oid kartinalar 1959 va 1960 yilda yaratilganini eslatib qo‘yishimiz lozim.

Ozodlik suhbatlashgan o‘zbekistonlik rassom Sergey Ignatьev, o‘zidagi ma‘lumotlarga asoslanib, bu asarlarning muzey fondlaridan o‘g‘irlangan bo‘lishi mumkinligini iddao qilgan edi.

Gulnora Karimovaning Jenevadagi uyidan chiqqan Ufimsevning 3 dona asari O‘zbekiston davlat muzeyidan o‘g‘irlanganmi yoki yo‘qmi, degan savol hali o‘z javobini topmadi.

O‘zbekiston Davlat san‘at muzeyi rahbariyati bu yuzadan Ozodlikka izoh bermadi.


Bozori chaqqon Ufimsev

Viktor Ufimsev doxil bo‘lgan "Turkiston avangardi" rassomlari asarlarining shu kunlarda bozori chaqqon.

Viktor Ufimsev asarlarini esa rasm tijoratiga oid Kupitkartinu.ru portalida ko‘rdik.

Ufimsevga oid ikki qarich kattalikdagi surat yarim million rus rubliga sotilmoqda deydi san‘atshunos¸ Kupitkartinu.ru tujjori Nataliya Malinina Ozodlik bilan suhbatda:

- Ufimsevga talab katta. Umuman 30-yillarda Turkistonda ijod qilgan rassomlarga qiziqish kuchaygan¸ deydi Nataliya Malinina.

Siz sotayotgan asarlarning O‘zbekiston muzeylaridan o‘g‘irlanmaganiga kafolat bormi¸ deb savol berdik suhbatdoshga:

- Biz buni sinchiklab tekshiramiz. Iloji bor qadar muammosiz asarlarni sotuvga qo‘yishga harakat qilamiz. Lekin siz ham xaridor sifatida tekshirsangiz¸ ziyon qilmaydi¸ dedi Kupitkartinu.ru tujjori Nataliya Malinina Ozodlik bilan suhbatda.

1899 yili Rossiyaning Janubiy Uralida tug‘ilgan Viktor Ufimsev "afsona izlab" Samarqandga kelgan va tarixga "Turkiston avangardi" rassomlari deb kirgan musavvirlardan biri.

1923 yilda ilk bora Samarqandga kelgan rassom Viktor Ufimsev asarlarida yorqin rang va sharqona unsurlar aks eta boshlaydi.


O‘zbekiston muzeylari – noyob asarlarning qo‘riqlanmagan sandig‘i

O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan keyin mamlakat muzeylarida o‘g‘irlik va talon- taroj epidemiya kabi tarqalgani eslanadi.

Xiva Ichan qal‘a muzeyida 1992 yil yuz bergan o‘g‘irlik ham ochilgani yo‘q¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda muzey bosh xazinaboni Ozod Karimov:

- Hozir ham o‘shanda o‘g‘irlangan eksponatlar Interpol qidiruvida dolzarb bo‘lib turibdi¸ deydi suhbatdosh.

2001 yil oxirida O‘zbekiston Davlat San‘at muzeyidan rus rassomlarining beshta mashhur asarlari o‘marilgan edi.

Ayvazovsiyga oid “Dashtda kun botishi”¸ Tropinin chizgan “Obalenskiy portreti”¸ Bryullovning “Turk qizi”¸ Kramskoyning ”Qizil durrali qiz” va Surikovning “Mergan qiz” asarlari o‘g‘irlab ketilgan edi.

Keyingi ikki-uch yilda O‘zbekiston Davlat San‘at muzeyidan italyan rassomi Tomazo Solari chizgan “Olma ushlagan Venera” va mashhur rassom Belloni mo‘yqalamiga mansub “Cho‘milayotgan ayol” asarlarini o‘g‘irlashga urinish bo‘lgan.

O‘zbekiston muzeylaridagi ko‘p asarlarning originallari pullanib¸ o‘rniga qo‘lbola nusxalarini qo‘yish amaliyoti ham urchigani aytiladi.

O‘zbekistondagi Tasviriy san‘at bilim yurtining ikki o‘qituvchisi muzeydagi asarlarni almashtirib qo‘yish maqsadida nusxa ishlagani uchun jinoiy javobgarlikka tortildi¸ deydi Ozodlik suhbatda bo‘lgan san‘atshunos.

O‘zbekiston muzeylarida Pablo Pikasso¸ Vasiliy Kandinskiy kabi mashhur rassomlarning asarlari mavjud.

Bu asarlarning jahon bozoridagi narxi bir necha million dollardan oshadi.
XS
SM
MD
LG