Линклар

Qrim ortidan Rossiya tarkibiga Dnestrbo‘yi (Pridnestrovye) o‘lkasi qo‘shilish istagini bildirdi. Moldovaning yana bir muxtor mintaqasi – Gagauziya o‘zining mustaqil armiyasini tuzishi to‘g‘risida e‘lon qildi. Kuzatuvchilar Qrimning Rossiyaga qo‘shilishi mustaqillikka intilayotgan boshqa muxtoriyat va mintaqalar qo‘zg‘alishiga olib kelganini gapirmoqda.

Yevropaning janubi-sharqida joylashgan Pridnestrovye-Moldova respublikasi Oliy Kengashi raisi Mixail Burla Rossiya Davlat Dumasi raisi Sergey Narishkinga "o‘z xalqi nomidan" murojaatnoma yubordi. Unda parlament raisi Pridnestrovyeni ham Rossiya tarkibiga qo‘shib olish so‘ralgan.

Pridnestrovye rahbariyati murojaati “Spravedlivaya Rossiya” partiyasining Rossiya tarkibiga yangi mintaqalar, jumladan chet el davlatlari hududlari referendum yoki maxsus murojaatnoma asosida qo‘shilishini osonlashtiruvchi qonun loyihasini ishlab chiqqaniga javob sifatida ko‘rilmoqda. Hozirda Dumadan qaytarib olingan loyihada eserlar “legitim samarali hokimiyat” yo‘qligi bahonasida xorij davlatlar hududlarini markaz ruxsatisiz qo‘shib olishni ko‘zda tutgani ma‘lum.

Shunga qaramasdan, Pridnestrovye Oliy Kengashi raisi Mixail Burla Moldova markaziy hukumatini “samarasiz” deb atab bo‘lmasligini tan olib, rus parlamenti mintaqa uchun maxsus o‘zgartish kiritishi kerakligini ta‘kidlagan.

Mixail Burla o‘z murojaatnomasida Pridnestrovye-Moldova respublikasida davlat tili sifatida rus tili tan olingani, dunyo hamjamiyati tomonidan tan olinmagan mintaqada 200 ming Rossiya fuqarosi yashayotganini ta‘kidlab o‘tgan (jami Pridnestrovyeda 0,5 million, Gagauziyada – 150 ming odam yashab keladi).

“Agarda Yevropa Ittifoqi bilan birlashish to‘g‘risida kelishuv imzolagan Moldova cheklovchi iqtisodiy choralarni qo‘llasa, Pridnestrovyening o‘ta murakkab ahvoli yanada yomonlashishi mumkin,”, deyiladi Dumaga jo‘natilgan hujjatda.

Ayni paytda, Moldova bu hududlarni o‘ziniki, deb hisoblab keladi. 18 mart kuni Moldova prezidenti Nikoaye Timofti bu masalada chiqish qilib, Rossiyani o‘ylab qadam bosishga chaqirdi:

- Menga Tiraspol parlamenti Moskva bu masalada murojaat qilgani to‘g‘risida xabar berishdi. Bunday harakatlar samarasiz va na Moldova Respublikasi, na Rossiya Federatsiyasi manfaatlariga xizmat qiladi. Rossiyaning bunday qadam tashlashi katta xatolik bo‘ladi va Rossiyaning xalqaro maydondagi obro‘siga obro‘ qo‘shmasligi aniq, dedi Moldova prezidenti.

Kuzatuvchilar Pridnestrovyedagi bugungi vaziyat Qrimdagi vaziyatga o‘xshash ekanligini ta‘kidlamoqda.

Shu bilan birga, Moldova janubidagi yana bir muxtor mintaqa – Gagauziya mustaqil harbiy tuzilmalarni tuzishga kirishganini e‘lon qildi. Gagauzlarning bu bayonoti mahalliy rahbar Mixail Formuzallaning Moskvaga qilgan safaridan keyin qilingani e‘tiborga molik.

Joriy yil fevralida Gagauziyada ham bo‘lib o‘tgan referendumda mintaqa aholisining 70 foizi mustaqillik va Bojxona Ittifoqiga qo‘shilishni yoqlab chiqqanini eslatish joyiz. 2006 yilda Pridnestrovyeda ham umumxalq referendum o‘tkazilib, unda mintaqaning 97 foiz aholisi Rossiya Federatsiyasiga qo‘shilishga rozilik bergan.

Moldovalik siyosatshunos, Kishinyov jamoatchilik siyosat instituti direktori Arkadiy Barbaroshiye Pridnestrovyening Rossiya tarkibiga qo‘shilish to‘g‘risidagi iltimosi bemavrid ekanini Ozodlikka gapiradi.

U Rossiya busiz ham Qrimning qo‘shilishi ortidan jiddiy muammolarga ko‘milib yotganini aytadi:

- Bir qarashda, janob Putin 2006 yilgi referendumni yodga olib, Pridnestrovye mustaqilligi dekretini imzolab beradi. Lekin bunga ikkita nuqtayi nazar mavjud. Bir tomondan, bu biroz bevaqt qilingan murojaat, chunki bu taklif Kreml uchun juda noqulay. Kreml Qrimni qanday qilib Rossiyaga qo‘shib olish masalasini to‘liq ishlab chiqmagan bir payt. Qolaversa, Pridnestrovye Rossiya bilan bevosita chegaradosh emas. Ukraina bilan urush holatida yana bu mintaqani qo‘shib olish behad muammolarni keltirib chiqaradi, deydi siyosatshunos Arkadiy Barbaroshiye.

Arkadiy Barbaroshiye, boshqa tomondan, bu puxta o‘ylab chiqilgan siyosat bo‘lishi mumkinligini ham inkor etmadi. “Bu rejani amalga oshirish uchun Ukrainaning butun janubiy qismi Rossiya tarkibiga kiritilishi zarur”, deya davom etadi fikrini kishinevlik siyosiy tahlilchi.

- Tushunishimcha, Tiraspol hukumatining bu bayonoti Moldovadagi vaziyatni izdan chiqarishga qaratilgan. Boz ustiga, Gagauziya muxtoriyati o‘zini himoya qilish uchun armiyasini tuzayotgani to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘ldi. Aytishlaricha, Gagauziya rahbari Mixail Formuzalla Kremlga maslahat olgani borgan. Albatta, ishonchim komilki, Pridnestrovye bu fikrga o‘zi kelmagan va Kremlning rejasini amalga oshirayapti, deya xulosa qildi Kishinyov jamoatchilik siyosat instituti direktori Arkadiy Barbaroshiye.

Suhbatdosh keltirgan ma‘lumotlarga ko‘ra, Pridnestrovyening 300 mingga yaqin aholisi Moldova fuqaroligini olgan va 2014 yilning may oyidan boshlab Yevropa Ittifoqiga viza cheklovlarisiz kirib borish huquqiga ega bo‘ladi.
XS
SM
MD
LG