Линклар

Poytaxtdagi turli dehqon bozorlari rastalari erta bahorgi mavsumiy mahsulotlar — ko‘katlar, osh ko‘k va dala yovvoyi mahsulotlari bilan to‘lib-toshdi.


Shu kunda yangi ismaloqning bir bog‘ini 1500-2000 so‘mgacha, ukrop va kashnichning 5 bog‘lamini 1000 so‘mgacha xarid qilsa bo‘ladi. Bahorgi vitamin tanqisligi davrida bozor peshtaxtalariga chiqqan sumalakning bir piyolasi (200 gramm atrofida - tahr.) atigi 1000 so‘m, qo‘zqorinning kilosi - naviga qarab 5000 so‘mgacha.

- Selderning bog‘i qishda ham 500 so‘m edi, hozir ham shu narxda. Jambil va rayhonning narxi negadir qimmat, ular to‘liq chiqqani yo‘q-da. Jag‘-jag‘ bu yil ko‘p bo‘ladiganga o‘xshaydi. Bozorga bu mahsulotlar hozircha Toshkent viloyatidan kelyapti, - deydi Aviasozlar dehqon bozori sotuvchisi Hamida aya.

Hukumat tomonidan bozor uchun o‘ziga xos raqobat sifatida tashkil qilingan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkalari, maxsus rastalar birmuncha sifatsiz mahsulotlar bilan to‘la. Masalan, Chorsu dehqon bozoridagi shunday rastalardan birining sotuvchisi o‘z mahsulotiga xaridor yo‘qligidan pashsha qo‘rib o‘tiribdi. “Bunga baribir-da, patta to‘lamasa, oldiga qo‘yilgan chirik kartoshkani sotsa-sotmasa, oyligini oladi”, deydi yondosh rastalardan biridagi shumgina sotuvchi juvon.

- Kartishka tortilyapti (kamaymoqda ma‘nosida – tahr.), bahorgi kartishka chiqquncha bu ketishda uning narxi 3000 so‘mga chiqadi. Bir qop olib qo‘ying. Buning ustiga qish sovuq kelib, kartishka ekish kechikib ketdi. Kartishka yozga borib tillaga teng bo‘ladi, - dedi mobil muxbirimizga “Qo‘yliq” dehqon bozori sotuvchisi Aziza.

Hozirgi kunda esa Santa navli silliqqina oq kartoshkaning kilosi 1700 so‘mgacha, oddiy jaydari qizil kartoshka esa, sifatiga qarab, 1900 so‘mgacha bor.

- Toshkent viloyatining Pskent, Quyi Chirchiq tumanlarida dehqonlar bu yil piyoz va karamni ko‘p ekishgan. Hozir bozorda kilosi 600-700 so‘mgacha bo‘lgan karamga keyinroq birov qaramay qo‘ysa kerak. Piyoz ham hozircha 800 so‘mdan tushmay turibdi, ko‘paysa, u ham suv tekin bo‘ladi. “Ukraina voqealari tufayli Rossiya bilan otnosheniyalarimiz yaxshilanadi”, deyishyapti. Agar mahsulotlarimiz Rossiya bozoriga chiqsa, dehqonlarimizning sochidan oldin kosasi oqargan bo‘lardi, - deydi Mirobod dehqon bozorida ul-bul xarid qilayotgan ziyolinamo kishi.

Mobil muxbirlarimizga ko‘ra, shu kunda go‘sht rastalari xo‘jayinlari, qassoblarning damiga zog‘ora pishadi. Yog‘liq qo‘y go‘shtini “taqvoli”, “uylanmagan qo‘chqorning dumbasi” deya 27 000-28 000 so‘mgacha pullayotgan yoshlar oldidan o‘tib, o‘zini bosib olgan qassoblar olidiga borsangiz: “Semiz qo‘y-mol yo‘q, uka. Jizzaxda quturish bor emish, Qashqadaryoda esa har yilgidan tuyoq soni kam. Shuning uchun ba‘zan qo‘ylarni 24 000 so‘mgacha so‘yyapmiz. Buqalarni esa 22 mingdan yiqitgan kunlarimiz ham bo‘ldi”, deydi.

“Xayriyatki, bozorlarimizda sitrus mevalar, tropik mahsulotlar narxlarining biroz oldi qaytdi. O‘z vaqtida kilosi 12 000 so‘mgacha sotilgan banan hatto supermarketda ham 6000 so‘mgacha tushib qoldi. Mandarin va apelsinni 4000 so‘mdan ham xarid qilsa bo‘ladi”, deydi poytaxt bozorlarini o‘rgangan mobilь muxbirimiz.

Toshkent shahar Dehqon bozorlaridagi ayrim mahsulotlarning 18-19 mart kunlaridagi narxi bilan quyidagi jadval orqali tanishish mumkin:

Mahsulot nomi Qo‘yliq Mirobod Eski jo‘va Oloy Aviasozlar
Qo‘y go‘shti 25000 so‘mgacha 27000 so‘mgacha 26000 so‘mgacha 28000 so‘mgacha 25000 so‘mgacha
Obi non 1000 so‘mgacha 1200 so‘mgacha 1000 so‘mgacha 1500 so‘mgacha 1000 so‘mgacha
O‘simlik yog‘i (Olmos) 5200 so‘mgacha 5500 so‘mgacha 5200 so‘mgacha 5600 so‘mgacha 5200 so‘mgacha
Shakar 2900 so‘mgacha 3200 so‘mgacha 3000 so‘mgacha 3500 so‘mgacha 3000 so‘mgacha
Guruch (alanga) 3500 so‘mgacha 3800 so‘mgacha 3600 so‘mgacha 4000 so‘mgacha 3500 so‘mgacha
Pishloq (Shahrisabz) 12 000 so‘mgacha 16 000 so‘mgacha 13 000 so‘mgacha - 14 000 so‘mgacha
Bug‘doy 900 so‘mgacha - 1000 so‘mgacha - -
Sut-qatiq (1 litr) 2000 so‘mgacha 2200 so‘mgacha 2000 so‘mgacha 2500 so‘mgacha 2200 so‘mgacha

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG