Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 09:15

Hukumat PAYNETning 6 foizlik xizmat haqqini bekor qildi


O‘zbekistonda uyali aloqa operatorlari, kommunal xizmatlarga pul o‘tkazishni yo‘lga qo‘ygan yagona monopol shirkat UZPAYNET 19 martdan buyon mijozlardan 6 foizli komissiya puli olinmasligini e‘lon qildi.

Bu haqda shirkat matbuot xizmati xodimi Ozodlikka quyidagilarni aytdi.

- Vazirlar Mahkamasining o‘tgan haftadagi qaroriga ko‘ra, 19 martidan mobil aloqa va telefoniya hamda Internet xizmatlarini amalga oshiruvchi shirkatlar foydasiga amalga oshiriladigan to‘lovlar uchun kommissiyalar bekor qilindi, - dedi UZPAYNET vakili.

UZPAYNET O‘zbekistonda uyali aloqa operatorlari, kommunal xizmatlarga pul o‘tkazishni yo‘lga qo‘ygan yagona tizimdir.

2005 yildan buyon faoliyat qilayotgan UZPAYNET O‘zbekistonning deyarli har bir burchagiga yetib borgan va 25 mingdan ziyod xizmat ko‘rsatish shoxobchasiga ega.

Shu paytgacha shirkat O‘zbekistonda Beeline, Perfectum Mobile, UCell, UzMobile kabi mobil aloqa operatorlari, Sharq Telekom, Uzonline, Skyline kabi Internet provayderlari, UZDIGITAL TV, Stars TV kabi xususiy televideniyelar uchun to‘lovlarni amalga oshirishda mijozlardan olti foizlik komissiya olar edi.
UZPAYNET vakiliga ko‘ra, endilikda komissiya abonentlardan emas, balki xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalardan olinadi.

- Masalan, men Beeline mijoziman. 1000 so‘m tashladim. Shu to‘lov uchun abonentdan 6 foiz komissiya olinar edi. 2 foizi PAYNET uchun, 4 foizi agent uchun. Hozir agentlarga voznagrajdeniya tizimi yo‘lga qo‘yildi. Buni shirkatlarni o‘zi beradi, ya‘ni Beeline hisobidan bo‘ladi, - dedi UZPAYNET vakili.

Bu esa mobil aloqa, Internet tariflariga ta‘sir qilishi va narxlar qimmatlashishi mumkinligi aytilmoqda.

Lekin Beeline shirkati vakillari hozircha tariflarda o‘zgarish bo‘lmaganini aytishdi.

– Tariflarda o‘zgarish yo‘q, narxlar o‘sha-o‘sha. O‘zgarish bo‘lsa, saytimizda ma‘lum qilamiz, - dedi Beeline shirkati vakili.

O‘zbekistonda onlayn to‘lovlarni amalga oshiruvchi UZPAYNET tizimini O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimovaga yaqin bo‘lgan shaxslar nazorat qilib kelgani ishoniladi.

Ozodlik ega bo‘lgan hujjatlarga ko‘ra, UZPAYNET Gibroaltarda ro‘yhatga olingan “Takilant Ltd” shirkatiga qarashli.

O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimovaga yaqin bo‘lgan Gayane Avkyan nomiga ochilgan “Takilant Ltd” Yevropada pul yuvish jinoyati bo‘yicha ochilgan ish markazida bo‘lgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi o‘tgan oy soliq yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash va boshqa ayblovlar bo‘yicha Avakyan va yana o‘nga yaqin shaxsga jinoyat ishi ochganini ma‘lum qilgan edi.

- Bu yerda juda katta pul haqida gap ketyapti. Abonentlardan xizmat haqidan tashqari "komissiya puli" deb, olti foiz qo‘shimcha haq olib kelingan. Bu juda katta pul, millionlab, balki milliardlab dollarlar haqida gap ketyapti. Sababi, O‘zbekistonda millionlab odam uyali telefon, Internet xizmatidan foydalanadi. Ulardan agent uchun to‘rt foiz, PAYNET uchun ikki foiz, pul ushlab qolinyapti. Savol tug‘iladi, agent o‘zi kim? Nima uchun abonent buning uchun pul to‘lashi kerak? Bunaqa tizim hech bir mamlakatda yo‘q. Kimlardir buni ortidan foyda qilib kelganiga menda shubha yo‘q, - deydi O‘zbekistondagi telefoniya biznesiga yaqin mutaxassislardan biri Tohir Toshev.

UZPAYNETdagilar esa komissiya nima sababdan bekor qilingani haqida ma‘lumotga ega emasliklarini aytishmoqda.
XS
SM
MD
LG