Линклар

logo-print
Rossiyalik taniqli fotokorrespondent, mustaqil jurnalist Konstantin Salomatin O‘zbekistonga kiritilmadi. Fotojurnalist Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi an‘analar, ayniqsa to‘y marosimlarini rasmga tushirishga ketayotganida Toshkent aeroportidan ortga qaytarildi. Konstantin Salomatin O‘zbekistonga kiritilmagan birinchi fotomuxbir emas.

19 mart kuni Moskvaning Domodedovo aeroportidan Toshkentga uchgan rossiyalik taniqli fotomuxbir Konstantin Salomatin chegara nazoratidan o‘tkazilmadi va birinchi reys bilanoq ortga qatarib yuborildi.

Ozodlik bilan suhbatda Konstantin Salomatin chegarachilarning o‘zi ham uning kiritilmagani sababini tushuntirib bera olmaganini aytadi. "Chegarada pasport tekshirayotgan xodim pasportimni qo‘liga olib, kompьyuterga ma‘lumotlarni kiritib, ko‘zlari katta-katta bo‘lib ketdi", deya kuladi:

- Ular o‘zlari bilmaydi buning sabablarini! Mendan so‘rashayapti “O‘zbekistonda bo‘lganmiding oldin?”. Men ularga “Ha, Sovet davrida 1-sinfni tugatganman Toshkentda, 1998 yilda kelib ketgan edim”. “Nima qilib qo‘ygan eding?” deb so‘radi. “Hech nima, shunchaki aylangani kelgan edim”, desam, “Bo‘pti, o‘tirib tur”, deyishdi. Keyin qo‘limga mana bu ma‘lumotnomani berishdi. Unda “Mamlakatga kirish taqiqlangani bois chegarani kesib o‘tishga ruxsat berilmadi”, deyilgan, deydi Konstantin Salomatin.



Fotomuxbir anchadan beri mehnat muhojirlariga bag‘ishlangan qator loyihalar ustida ishlagani, lekin hech qachon O‘zbekiston to‘g‘risida biror salbiy maqola yoki fotoreportaj tayyorlamagani bois mamlakatga kirish taqiqi sabablarini hatto tasavvur qila olmasligini gapiradi.

“Nima bo‘lganda ham, bu so‘zsiz mening kasbiy faoliyatim bilan bog‘liq”, deya davom etadi Konstantin:

- Ular tanlamasdan barcha jurnalistlar uchun kirishga ruxsat bermayotgandir yoki men mahalliy o‘zbek “snoudenlari” – MXX ayg‘oqchilari bilan suhbatda biror “ortiqcha” gap gapirvorgan bo‘lishim mumkin. Men ilgari O‘zbekistondan qochib kelgan odamlar bilan muloqotda bo‘lganman, hatto “Erk” partiyasi a‘zosi bo‘lgan bir ayoldan intervьyu olganman... Kim biladi. Men O‘zbekistonda to‘ylarni rasmga tushirmoqchi edim, deydi loyiha yakuniga yetmasdan qolishidan achingan fotosuratchi.

(Salomatinning Moskvada namoyish etilayotgan mehnat muhojirlari hayotiga oid fotoko‘rgazmasidan suratlar)

Konstantin Salomatin o‘zbek rasmiylarining o‘zini mamlakatga kiritmasligining Moskvada 6 martdan buyon namoyish etilayotgan mehnat muhojirlari hayotiga oid fotoko‘rgazmadagi rasmlari bilan bog‘liq emasligiga ishonishini gapiradi. Ma‘lum bo‘lishicha, Toshkent aeroporti chegarachilari uning hatto sumka-chemadonlarini tekshirmagan – pasport ma‘lumotlari asosida xulosa qilib, birinchi ortga qaytayotgan uchoqqa chiqarib yuborishgan.

Salomatin “bunday qarorlarga jiddiyroq sabablar bo‘lishi kerak, axir Rossiyada ishlayotgan migrantlarni ancha yillardan beri fotoga olib kelaman”, deydi:

- Men uchta respublika bo‘yicha foto olishim kerak edi. Endi men Tojikiston va Qirg‘izistonda ishimni davom ettiraman. Ishonamanki, u yerda to‘ylarni suratga olish “davlatga qarshi jinoyat” darajasiga ko‘tarilmagan, deya kuladi mustaqil fotojurnalist Konstantin Salomatin Ozodlik bilan suhbatda.

Ta‘kidlash joyizki, Konstantin Salomatin O‘zbekistonga kiritilmagan yagona jurnalist emas.

O‘ta yopiq mamlakatlar qatoriga kiruvchi O‘zbekistonga oxirgi bir necha yil davomida kiritilmagan rossiyalik pastor, germaniyalik huquq himoyachilari va siyosatchilari, qirg‘izistonlik huquq himoyachisi, rus yozuvchisi va boshqalar qatorida alohida o‘rinni aynan fotomuxbirlar egallab kelmoqda.

2012 yil boshlarida Toshkentdan orqaga qaytarib yuborilgan yana bir fotomuxbir - Viktoriya Ivleva o‘zbekistonlik amaldorlar mantig‘iga mutlaqo tushunib bo‘lmasligini gapiradi:

- Buning sabablari haqida mulohaza yuritish juda mushkul, chunki O‘zbekistonga kiritilmayotgan boshqa odamlar ham mavjud. Lekin bir narsa aniqqi, juda ajoyib “kiritilmaganlar fotojurnalistlar guruhi” tashkil topmoqda: Sasha Zemlyanichenko, Kostya Salomatin, men.. Umuman olganda, birinchi bo‘lib kiritilmagan Aleksandr Zemlyanichenko bo‘ladi, ikki yildan keyin meni kiritishmadi, mana Kostya ham bizga qo‘shildi. Muammoni Islom Abdug‘aniyevichdan qidirish kerak. Shaxsan meni Umida Ahmedovani himoya qilib, O‘zbekiston elchixonasi oldida qilgan piket uchun kiritishmagan. O‘zbek hukumatiga yoqmagan har bir jurnalistning qatorimizga qo‘shilish xavfi bor. Avtoritar tuzum amaldorlari kallasiga kirib, ular nima xayolda yurganini tushunish qiyin. Shaxsan men inson qonunni buzmasa istagan yerga borishi va sayohat qilishi mumkin, deb hisoblayman, deydi harbiy korrespondent, “Novaya gazeta” muxbiri, dunyoning eng yaxshi fotomuxbir ayollari beshligiga kiritilgan Viktoriya Ivleva.

Ozodlik 2012 ylning fevral oxirlarida BiBiSi Jahon xizmatining Markaziy Osiyo bo‘yicha muxbiri Natalya Antelava¸ 2012 mart oyida uchib borgan “Novaya gazeta” (Rossiya) fotomuxbiri Viktoriya Ivleva, sentyabr oyida uchib borgan BBC Monitoring guruhi xodimasi Bagila Buxarbayeva (Qozog‘iston), 2013 yilning iyunida qirg‘izistonlik taniqli huquq faoli To‘lekan Ismailova ham sababi ko‘rsatilmasdan Toshkent aeroportidan ortga qaytarilgani to‘g‘risida xabar bergan edi.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG