Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:01

Jazo muddati tugagan Mamatxonovning taqdiri noma‘lumligicha qolmoqda


Navoiy qamoqxonasi xodimlari ayni paytda jarima izolyatoriga tashlangan Mamatxonovning yaqinlariga huquq faolining keyingi taqdiri haqida o‘zlari yollaydigan advokat orqali ma‘lumot olishlari mumkinligini aytganlar.

G‘anixon Mamatxonovning o‘g‘li Jamolxonning Ozodlikka aytishicha, jazo muddati tugagan huquq faolining oila a‘zolari Navoiy qamoqxonasiga u bilan birga uyga qaytish umidida borgandilar.

- Navoiy zonasiga borganimizdan keyin [otamni] bizga ko‘rsatishmadi, izolyatorga olib kirib qo‘yishgan ekan. 6 mart kuni borib, arizani yozib, “kiramiz” degan joyimizda bizga arizamizni qaytarib berib, “opkirib qo‘yilgani sababli hozir ko‘rolmaysizlar”, dedi. “Srogi tugagan edi-ku bu odamning, nimaga bunaqa bo‘ldi?” desak, “ichki narusheniye” deyishdi, shu bilan qolib ketdilar tag‘in. “Xo‘p, bizga tushuntirib beringlar” desak, “tushuntirib berolmaymiz”, deyishdi, - deydi Jamolxon Mamatxonov.

Keyingi paytda otasining qon bosimi tez-tez bezovta qilib turganini qayd etgan suhbatdoshimiz Jamolxonga ko‘ra, qamoqxona ichki tartibini buzishda ayblanmish G‘anixon Mamatxonovga qo‘yilayotgan ayblov uning yaqinlariga bachkana tuyulgan.

- Ularning gapi bo‘yicha “uch marta hojatxonaga so‘ramasdan chiqilgan”. To‘g‘risini aytib berisholmadi bizga. “To‘g‘risini qayerdan bilsak bo‘ladi?” deb so‘rasak, “o‘zi chiqqanidan keyin so‘rab olaverasizlar”, deyishdi. “Advokat orqali murojaat qilsalaring bo‘ladi”, deyapti, - der ekan Jamolxon Mamatxonov hozir oila a‘zolarida mablag‘ yo‘qligi tufayli huquq faoli uchun advokat yollashning imkoni bo‘lmayotganini qo‘shimcha qildi.

Farg‘onalik huquq himoyachisi G‘anixon Mamatxonov 2009 yilning 10 oktyabr kuni hibsga olinib,O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 211-moddasi (pora berganlik) va 168-moddasi (firibgarlik) bo‘yicha ayblangan va 5 yillik qamoq jazosiga hukm qilingandi.

Keyinroq Farg‘ona viloyat appelyatsiya sudi bu muddatni 4 yilu 5 oyga tushirib, jazoni manzil koloniyasida o‘tash haqida qaror qabul qilgan edi. 2010 yilning aprelida esa Mamatxonov manzil koloniyasidan yana qamoqxonaga o‘tkazilgan.

61 yoshli huquq himoyachisi G‘anixon Mamatxonovning jazo muddati shu yil 10 mart kuni tugashi kerak edi.

Farg‘onalik huquq faoli Abdusalom Ergashev G‘anixon Mamatxonov ishiga aniqlik kiritish maqsadida Jazoni ijro etish bosh boshqarmasiga ham murojaat qilinganini, biroq u yoqdan ham hozircha biror jo‘yali javob olinmaganini aytadi.

- GUINga borib ham murojaat qildik. U tomondan ham javob ololganimiz yo‘q hali. [Ular:] “Biz surishtirib, javob yozvoramiz” deyishib, mana shu holat bo‘yicha turilibdi, - deydi Abdusalom Ergashev.

Ayni paytda Abdusalom Ergashev G‘anixon akaning keyingi taqdiriga oid pessimistik taxminlardan hozircha tiyilib turgan ma‘qul, degan fikrda.

- Biror mayda narusheniyesi uchun uni yigirma kun yoki bir oyga [jarima izolyatoriga] tiqqan bo‘lsa, qo‘yib yuborishlari mumkin-da, - deydi Abdusalom aka nekbinona umid bilan.

Navoiy qamoqxonasida qolayotgan G‘anixon Mamatxonov nomi bir necha yildan buyon mahalliy va xalqaro huquqni himoya qilish tashkilotlari hisobotlarida O‘zbekistondagi siyosiy mahbuslar qatorida zikr etib kelinadi.
XS
SM
MD
LG