Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:55

O‘zbekistonda tug‘ilish ham, bir yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi ham ko‘paygan


O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi xabarida aytilishicha, o‘tgan yili bir yoshga to‘lmagan bolalar orasida o‘lim soni 6,8 mingtani tashkil qilgan. Bu 2012 yildagiga nisbatan qariyb mingtaga ko‘pdir.

Bolalarning ko‘pchiligi perinatal davrda yuzaga keladigan xastaliklar, infektsiya hamda tug‘ma kasalliklardan nobud bo‘lgan.

O‘tgan yili O‘zbekistonda tug‘ilish sur‘ati ham ortgan. O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2013 yilning yanvar-dekabr oylari oralig‘ida 670 mingdan ziyod chaqaloq dunyoga kelgan. Bu avvalgi yildagiga qaraganda uch foizga ko‘pdir.

O‘zbekiston Davlat Statistika qo‘mitasiga ma‘lumotida aytilishicha, mamlakat aholisi shu yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra 30 million 488 ming kishini tashkil etgan va o‘tgan yil boshidan beri 495 ming kishiga, yoki 1.7 foizga ortgan.

O‘zbekistonda keyingi yillarda tug‘ishni kamaytirishga qaratilgan urinishlar kuzatildi.

Xususan, o‘zbek oilalarida bolalar sonini ikkitadan ko‘paytirmaslik talab qilinayotgani to‘g‘risida xabar qilinmoqda.

Kuzatuvlarga ko‘ra, tug‘ish yoshidagi ayollar, agar farzandlari ikkita bo‘lsa, ularga majburiy ravishda bachadon ichi vositasi (spiral) qo‘yilmoqda yoki ular sterilizatsiya qilinmoqda, ya‘ni bichilmoqda.

Ixtiyoriy ekani aytilayotgan sterilizatsiya jarayoni aksar hollarda majburiy tarzda o‘tkazilayotgani haqida juda ko‘plab ma‘lumotlar bor.

Aholi orasida o‘lim soni o‘tgan yili 674 mingtani tashkil etgan. Bu 2012 yildagiga qaraganda bir foizga kamdir.

O‘lganlarning 60 foizi qon aylanish tizimi kasalliklari, 7 foizidan ko‘pi saraton kasalligi, 6 foizi baxtsiz hodisalar, 5 foizi ovqat hazm qilish organlari bilan bog‘liq hastaliklar sabab dunyodan ko‘z yumgan.

O‘zbekistonda o‘tgan yili ajrashishlar ham ko‘paygan. O‘zbekiston Davlat Statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2013 yilda 303 ming nikoh va 24 ming ajralish qayd etilgan. Ya‘ni ming kishiga 10ta nikoh va 0,8 ta ajralish to‘g‘ri keladi.

2012 yilda O‘zbekistonda har ming kishiga 0.6ta ajrashish to‘g‘ri kelgan.
XS
SM
MD
LG