Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 23:31

AQSh Adliya vazirligi MTSni ham tergov qilmoqda


AQSh Adliya vazirligi Rossiyaga tegishli MTS telekom shirkatining O‘zbekistondagi faoliyati yuzasidan ham tergov boshladi. O‘tgan hafta AQSh rasmiylari O‘zbekistonda faoliyat britadigan boshqa ikkita mobil shirkati ustidan ham tergov boshlagan edi. Vimpelcom, TeliaSonera va MTS shikatlarining O‘zbekistondagi faoliyati AQSh va Yevropaning bir necha davlati tomonidan taftish qilina boshlashi o‘tgan hafta Shveytsariya prokuraturasi Gulnora Karimova pul yuvishda gumon qilinayotganini e‘lon qilgan paytga to‘g‘ri keldi. Vimpelcom va MTS shirkatlarining Rossiyaga qarashli ekani inobatga olinsa, tahlilchilar bu hodisa AQSh Rossiya amaldorlari va oligarxlariga nisbatan sanktsiyalar joriy qilgan paytga to‘g‘ri kelayotganiga ham e‘tibor qaratmoqda.

Hafta boshida AQSh Qimmatbaho qog‘ozlar va birja operatsiyalari bo‘yicha komissiyasi MTSning O‘zbekistondagi sobiq faoliyatini tekshira boshlagani ma‘lum bo‘lgan edi. Oradan ikki kun o‘tib MTS shirkati, endi AQSh Adliya vazirligi ham sobiq O‘zdunrobita mobil operatori ustidan tergov boshlaganini e‘tirof etdi.

MTS matbuot vakili Dmitriy Solodovnikov Ozodlik bilan suhbatda AQSh Adliya vazirligidan shirkatning O‘zbekistondagi faoliyati to‘g‘risidagi ma‘lumotlarni taqdim qilish to‘g‘risida so‘rovnoma kelganini tasdiqladi.

- Ha, men AQSh adliya vazirligidan faoliyatimiz to‘g‘risida ma‘lumotlarni taqdim qilish borasida so‘rovnoma kelib tushganini tasdiqlayman. Bu so‘rovnoma 19 mart kuni kelib tushdi. Undan bir kun avval AQSh qimmatbaho qog‘oz va birja operatsiyalari bo‘yicha komissiyasidan ham ko‘ngilli va majburiy bo‘lmagan tarzda ma‘lumotlarni taqdim qilish borasida iltimosnoma kelib tushgan edi, dedi MTS rasmiysi.

Ozodlikning MTS shirkati AQSh tergovchilari bilan hamkorlik qilmoqdami, degan savolini Solodovnikov ochiq qoldirdi.


Ayni figurantlar

O‘tgan hafta AQSh rasmiylari O‘zbekistonda biznesi bo‘lgan yana ikki yirik shirkat Beeline mobil operatori egasi Vimpelcom va UCell operatoriga egalik qilgan TeliaSonera faoliyatlarini ham tergov qila boshladi.

11 mart kuni Hollandiya prokuraturasi ham Rossiya va Norvegiyaga qarashli, lekin bosh qarorgohi Amsterdamda joylashgan Vimpelcom hamda katta qismi Shvetsiya va Finlyandiya hukumatlariga tegishli TeliaSonera ustidan jinoyat ishi ochganini ma‘lum qildi.

Gulnora Karimova Shveytsariya prokuraturasi tergovida gumonlanuvchi sifatida o‘tmoqda.
Gulnora Karimova Shveytsariya prokuraturasi tergovida gumonlanuvchi sifatida o‘tmoqda.
AQSh va Hollandiya rasmiylari bu shirkatlar ustidan tergov boshlashi Shveytsariya bosh prokuraturasi O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimovani pul yuvish bilan bog‘liq jinoyat ishida gumonlanuvchi, deb e‘lon qilgan paytga to‘g‘ri keldi.

Vimpelcom va MTS ustidan boshlangan tergovlar O‘zbekiston rahbarining qiziga qanchalik aloqadorligi rasmiylar tomonidan izohlangani yo‘q, lekin Gulnora Karimova ustidan Shveytsariyada borayotgan tergov TeliaSonera ishi bilan bevosita bog‘liqligi aniq.

Bundan tashqari TeliaSonera Gulnora Karimovaga yuzlab million dollar miqdorida pora berganiga doir iddaolarni tergov qilayotgan Shvetsiya prokuraturasining korruptsiyaga qarshi kurash boshqarmasi rahbari Gunnar Stetler TeliaSonera va Vimpelcom ishini tergov qilishda AQSh, Hollandiya va boshqa davlatlar bilan hamkorlik qilayotganini Ozodlikka tasdiqlagan.

Shuningdek, MTS shirkatining O‘zbekistondagi sho‘‘basi sobiq ijrochi direktori Behzod Ahmedovning Gulnora Karimova bilan birgalikda Shveytsariyadagi jinoyat ishida gumonlanuvchi ekani ham ma‘lum.


Ayni Modus Operandi

Shvetsiya prokuraturasi tergovchisi Stetler o‘tgan hafta Ozodlikka bergan interv yusida TeliaSonera ham, Vimpelcom ham O‘zbekistonda biznes yuritishda ayni Modus Operandi, ya‘ni bir xil korruptsion sxemalardan foydalanganini ta‘kidlagan edi. 21 mart kungi suhbatda Shvetsiya prokuraturasi vakili, MTS haqida ham ayni fikrlarni aytmagan bo‘lsa-da, buning ehtimoli juda yuqori ekaniga shubha qilmasligini bildirdi.

- Men kelgan xulosa shuki, agar O‘zbekiston bozoriga telekom kompaniyasi sifatida kirmoqchi bo‘lsangiz, TeliaSonera kabi harakat qilishingizga to‘g‘ri keladi. Har qalay keyingi 10-15 yildagi amaliyot shunday bo‘lgan, O‘zbekiston bozoriga kirmoqchi bo‘lsangiz Takilant yoki shu kabi boshqa shirkat bilan kelishuvga borishingiz kerak bo‘lgan, deydi shved tergovchisi.

Vimpelcom ham, TeliaSonera ham Gulnora Karimovaning xos yordamchisi Gayane Avakyanga tegishli Takilant Ltd. firmasi bilan oldi-berdi qilgan.
Vimpelcom ham, TeliaSonera ham Gulnora Karimovaning xos yordamchisi Gayane Avakyanga tegishli Takilant Ltd. firmasi bilan oldi-berdi qilgan.
MTS ishining tergov qilinishida AQSh rasmiylari bilan hamkorlik qilyapsizmi, degan Ozodlik savoliga janob Stetlar javob bermadi.

TeliaSonera va Vimpelcom shirkatlari Gulnora Karimovaning xos yordamchisi Gayane Avakyanga qarashli Gibraltarda ro‘yxatga olingan Takilant Ltd. firmasi bilan oldi-berdi qilishganini etirof etgan. Shved tergovchilari TeliaSonera aynan Takilant Ltd. firmasi vositasida Gulnora Karimovaga 350 million AQSh dollari miqdorida pora berganini gumon qilmoqda.

Ozodlik tasarrufidagi hujjatlarga ko‘ra, Shveytsariya banklarida muzlatib qo‘yilgan Gayane Avakyanga qarashli hisob raqamlarini MTS-O‘zbekiston sobiq ijrochi direktori Behzod Ahmedov ochib bergan. Shuningdek, Shveytsariya bosh prokuraturasi pul yuvishda gumon qilayotganlar ro‘yxatida Glunora Karimova, Gayane Avakyan va Behzod Ahmedovlar borligi ma‘lum.

Behzod Ahmedov 2012 yilda xalqaro qidiruvga berilgan.
Behzod Ahmedov 2012 yilda xalqaro qidiruvga berilgan.
“O‘zdunrobita” mobil operatori egasi hisoblangan MTS shirkati faoliyati 2012 yilda O‘zbekiston hukumati tomonidan to‘xtatib qo‘yilgan edi. Soliqdan bo‘yin tovlaganlik va boshqa jinoyatlarda ayblanib, mamlakatdan haydalguniga qadar MTS qariyb 11 millionga yaqin abonenti bilan O‘zbekiston mobil aloqa bozorining 40 foizini nazorat qilgan.

O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari 2012 yil iyun oyida mamlakatni tark etgan Behzod Ahmedovni xalqaro qidiruvga bergan.

Shu yilning fevral oyida esa, O‘zbekiston prokuraturasi Gayane Avakyanni hibsga oldi. U bilan birga Gulnora Karimovaning fuqaroviy eri ekani iddao qilinadigan Rustam Madumarov ham qamoqqa olindi.


Sanktsiyalar?

Ayni paytda, Rossiyadagi nufuzli oligarxlarga tegishli Vimpelcom va MTS shirkatlarining AQSh Adliya vazirligi tomonidan taftish qilina boshlagani Qo‘shma Shtatlar Ukrainaning Qrim mintaqasini anneksiya qilgan Rossiyaga nisbatan sanktsiyalar joriy qilgan paytga to‘g‘ri kelayotgani ham tahlilchilar e‘tiborini tortmoqda.

Payshanba kuni AQSh Prezidenti Barak Obama e‘lon qilgan iqtisodiy jazo choralari ro‘yxatiga Rossiya hokimiyati vakillaridan tashqari yirik oligarxlar ham kirgan edi. Lekin bu ro‘yxatda Vimpelcom shirkati asosiy aktsioneri Al fa Grupp egasi Mixail Fridman va yoki MTS xo‘jayini Vladimir Yevtushenkov paydo bo‘lgani yo‘q.
XS
SM
MD
LG