Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 20:43

Toshkentda yana bir "valyutchik" bankir hibsga olindi


Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani "Xalq banki" raisi Laziz Rustamov valyutafurushlikda ayblanib, hibsga olindi. Rustamov bankka tegishli shoxobchalarda AQSh dollarini noqonuniy ravishda valyutafurushlar guruhi orqali sotishni yo‘lga qo‘yganlikda ayblanmoqda.

"Xalq banki" bosh idorasining o‘zini tanishtirmagan mas‘uli Ozodlikka bergan ma‘lumotiga ko‘ra, “Xalq banki”ning Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi boshqaruv raisi Laziz Rustamov bilan birga uning "valyutchik" sheriklari ham hibsga olingan.

Suhbatdoshimiz Rustamovning sheriklari necha kishi bo‘lgani va ularning qachon hibsga olinganini aniqlashtirmadi.

Uning aytishicha, Toshkent shahar prokuraturasi Valyuta, soliq jinoyatlariga qarshi kurash Departamentining kuch ishlatar organlari bilan hamkorligidagi harakati natijasida Laziz Rustamovning xorij valyutasining noqonuniy oldi-sotdisini yo‘lga qo‘ygani fosh qilingan.

"Rustamov va uning jinoiy sheriklari dollar sotishning noqonuniy kanalini yo‘lga qo‘ygan. Shu kanal orqali bir necha yuz ming dollar daromad ko‘rgan. U "valyutchik"lar guruhi yordamida dollarni fuqarolarga bermay, faqat o‘z manfaatlariga mos tarzda sotuvga qo‘ydirgan", dedi "Xalq banki" bosh idorasi mas‘uli.

Toshkent shahar prokuraturasiga yaqin manbaning Ozodlikka aytishicha, Laziz Rustamovning "valyutchik" sheriklari, asosan, ayollardan iborat bo‘lgan.

"Rustamov Mirzo Ulug‘bek tumanidagi "Xalq banki"ning valyuta sotish shoxobchalarida qancha dollar borligi va qachon sotuvga chiqarilishi haqida "valyutchik"larni xabardor qilgan. "Valyutchik" ayollar o‘z tanishlarini pulga yollab, dollar sotuvga chiqariladigan vaqtda shoxobchalar oldida sun‘iy navbat tashkil qilishgan. "Valyutchik" ayollar yozma ravishda ro‘yxat tuzib, navbat yo‘lga qo‘yishgan va ichkariga faqat Rustamov odamlarini kiritgan. Keyin bu guruh Toshkent bozorlarida dollarni "qora bozor" kursida pullab kelgan", dedi manbamiz.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasining rasmiy nashri bo‘lgan "Huquq" gazetasi ma‘lumotiga ko‘ra, agar Rustamovning "valyutchik"lar guruhi "valyuta ayirboshlash shaxobchalari oldida “begona” odamlar paydo bo‘lganini ko‘rsa, darhol barzangi yigitlar va janjalkash ayollar ishga kirishib, turli bahonalar bilan janjal chiqarish, kerak bo‘lsa, kuch ishlatib bo‘lsa ham qo‘rqitish orqali ularni navbatga kiritmaslik choralarini ko‘rib kelishgan".

"Huquq" gazetasining yana yozishicha, Rustamov va uning sheriklariga tegishli 35,2 million so‘m, 6100 AQSh dollari va 3 ta “Neksiya” mashinasi ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.

Laziz Rustamov va uning "valyutchik" sheriklari bilan bog‘liq holat so‘nggi ikki oy ichidagi ayni ko‘rinishdagi ikkinchi voqeadir.

Joriy yil boshida Toshkent shahridagi “Ipoteka-bank”ning sobiq rahbarlari valyutani noqonuniy sotishda aybdor deb topilib, turli muddatlarga qamoq jazosiga hukm qilindi.

Toshkent prokurori o‘rinbosari Mirag‘lom Mirzayevning mahalliy matbuotga bergan intervyusiga ko‘ra, “Ipoteka-bank” boshqaruvi raisi Otabek Jo‘rayev o‘z o‘rinbosari Muzaffar Ermatov bilan hamkorlikda valyutani noqonuniy sotish jarayonini yo‘lga qo‘yib, 1 million dollar miqdorida noqonuniy daromad topgan.

O‘zbekistonda o‘tgan yilning 1 fevralidan boshlab jismoniy shaxslarga naqd xorijiy valyuta ayirboshlash taqiqlandi. O‘zbekiston rezidentlari valyuta almashtirishni faqat banklar orqali naqd bo‘lmagan holda amalga oshirishlari kerak bo‘ladi.
XS
SM
MD
LG