Линклар

Suriyada jihod qilayotganini aytgan Abu Usmon O‘zbek ismli o‘zbekistonlik WhatsApp tarmog‘idan Ozodlikka bog‘landi va Shom diyorida jang qilib yurgan jihodchilar orasida oilasi bilan jabhaga kirayotgan o‘zbekistonliklar soni ortayotganini aytdi. Norasmiy kuzatuvlarga ko‘ra, keyingi paytlarda bundaylar safiga Rossiyadan borayotgan o‘zbeklar qo‘shilmoqda. Turkiyalik huquq faollari Suriyadagi jihodchi o‘zbeklar soni 3-3 yarim ming kishiga yetganini taxmin qilmoqda.


Jihodchi A.Usmon: “20 yil huquq-tartibot idorasida ishlaganman!"

Suriyada jihod qilib yurganini aytgan va o‘zini o‘zbekistonlik mujohid Abu Usmon O‘zbek, deb tanishtirgan bir o‘zbek kuni kecha WhatsApp orqali Ozodlikka bog‘landi.

So‘nggi paytlarda Ozodlik va boshqa axborot vositalarida Suriyada jang qilayotgan jihodchilar haqida berilayotgan ma‘lumotlarga raddiya bildirmoqchi bo‘lgan bu jihodchi Ozodlikning bir qator savollariga javob berdi.

Uning savollarimizga bergan javoblarni havola etishdan shuni ta‘kidlar edikki, WhatsApp orqali olingan bu javoblarni sizga havola qilishdan yagona maqsad - qo‘liga qurol olib, olis Suriyadagi diktator rejim rahbari Bashar Assad armiyasiga qarshi jang qilayotgan o‘zbekistonliklarning shaxsiyati va maqsadi bilan tanishish hamda erkin matbuotga xos bir tarzda mavjud voqelikni ob‘ektiv yoritishga urinishdir.

Zero, Suriyada qariyb uch yildan beri davom etayotgan qurolli nizoning butun dunyo bo‘ylab sunniy musulmonlarni jalb qilayotgan mazhablaro urush maydoniga aylangani va bu jahiodchilar safida o‘zbekistonliklarning ko‘payyotgani real voqelikdir.

Jumladan, Ozodlik savollariga javob bergan va o‘zini o‘zbekistonlik mujohid Abu Usmon, deb tanishtirgan jihodchi o‘zi haqida mana bu ma‘lumotlarni taqdim qildi:

- O‘zbekistonning Andijonidanman. Muqaddam Toshkent davlat yuridik oliygohini tamomlaganman. 20 yil mobaynida huquq-tartibot idoralarida yuqori lavozimlarda ishlab chiqqanman, - dedi bu jihodchi.

44 yoshda ekanini aytgan Abu Usmon o‘zini O‘zbekiston huquq-tartibot idoralarining ko‘p yillik sobiq xodimi deb taqdim qilar ekan, aynan qaysi idorada kim bo‘lib ishlaganini ochiq aytmadi. (Ozodlik tasarrufida bu ma‘lumotni tasdiqlovchi dalillar yo‘q.)


Jihodchi A.Usmon: “Davlati islomiy Iroq va Shom” jamoasidanmiz!"

Abu Usmon qachon va qanday yo‘llar bilan Suriyaga borganiga oid savollarimizni xavfsizlik nuqtai nazaridan javobsiz qoldirishini aytdi.

Suriyada hozir nima ish qilayotgani va qayerda ekaniga oid Ozodlik muxbiri savoliga WhatsApp orqali javob bergan jihodchi shunday dedi:

- Bizning jamoamiz ya‘ni kichkina islomiy davlatcha. "Davlati islomiya Iroq va Shom" deyiladi. Abu Bakr Bag‘dodiy bizning amirimiz. O‘sha birodarimizga alhamdulilloh biz bay‘at berganmiz. Suriyaga qanday kelgan holatni aytadigan bo‘lsak, bu amniyatli, inshoolloh, aytilmaydi. Sababi urushga kelaëtgan birodarlarimiz yo‘llariga to‘siq bo‘lib qolishi mumkin. Lekin, Olloh yo‘limizni ochib qo‘ydi. Yo‘llarni keng qilib qo‘ydi. Hijratlarimizda alhamdulilloh O‘zbekistondan ham, boshqa diërlardan ham alhamdulilloh juda birodarlar ko‘p. Bu yerda oilalilarimiz ham bor. Oilalari yo‘qlarimiz ham bor. Inshoolloh oilalar ham kelishayapti,- dedi Abu Usmon O‘zbek.

Abu Usmon o‘zi tilga olgan “Davlati islomiy Iroq va Shom” nomli jamoat haqida ham ortiqcha ma‘lumot bermadi. Bu jamoaga rahbar bo‘lgan Bag‘dodiy ismli shaxsning esa arab ekani haqidagi ma‘lumot bilan cheklandi. (Ozodlik tasarrufida bu ma‘lumotni tasdiqlovchi dalillar yo‘q.)

Abu Usmon O‘zbek u kabi dunyoning turli nuqtalaridan borayotgan jihodchilarga "Shom diyorining zulm ostida qolgan musulmonlari muhtoj ekani"ni urg‘ulash va o‘z so‘zlariga isbot tariqasida bir videoni Ozodlikka WhatsApp orqali yo‘lladi.


Jihodchi A.Usmon: "Olloh (Suriyaga) yo‘limizni ochib qo‘ydi!"

Eshitganingiz kabi, Suriyada jang maydonida yurgan o‘zbekistonlik ham Suriyaga yo‘llar ochilgani va jihodchilar yohud muhojir musulmonlar bu davlatga oilalari bilan bormoqdalar.

Hatto, qator ijtimoiy tarmoqlarda jihodchi o‘zbeklar, qirg‘izlar, qozoqlarning oilalari, farzandlari bilan tushgan suratlari suratlari, Youtube tarmog‘ida esa jang maydoni va Suriyadagi muvaqqat boshpanasi aks etgan videolar peshma-pesh joylanmoqda.

Ulardan yana biri bilan suhbatlashish imkoni tug‘ilgan bu kezda ham Ozodlik muxbiri jihodchi o‘zbekdan uning asl maqsadini so‘radi.

- Butun dunëdagi kufr tuzumini xohlovchilarga urush ochganmiz. Bu ëqdan Amerika tog‘utlari, Rossiya tog‘utlari, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Assad, Saudiya Arabistoni tog‘utlari deysizmi, barcha-barcha tog‘utu mushriklarga nisbatan biz urush ochganmiz. Ollohning yo‘lidagi ulug‘ jangga qatnashganimizdan Ollohga hamdlar aytamiz!

Olloh yo‘lida, Ollohning kalomini oliy qilaman, deb jon berib jihod maydonlarida yurgan birodarlarni kofir munofiq mushriklar “Ular adashgan, terroristlar. O‘rta maktablarni zo‘rg‘a bitirib olgan. Ular aqlsiz omi. Aldab bularni turli mablag‘lar hisobiga olib ketishgan”, degan bo‘htonlarni ochiqdan ochiq qo‘rqmay gapirishadi.

Mana men shohidmanki, hech qanaqa bu yerda aqlsiz odamlar to‘planmagan. Alhamdulilloh, eng aqlli insonlar shu yerda jamlangan. Johilona tilda gapiradigan bo‘lsak, xoh yurist deysizmi, medik deysizmi, injener deysizmi, texnolog deysizmi, xullas barcha-barcha psixolog deysizmi, ideologlar, barcha-barcha birodarlar bu yerda to‘planishgan.

Ular faqat Robbimizdan qo‘rqqanligi uchun bu yerda. Ular boy-badavlat insonlar. G‘arbdan deysizmi, Sharqdan deysizmi, Yevropa, Osiëdan boy-badavlat insonlar, hatto, safimizda bor. Ular butun borlig‘ini, oilasi, kerak bo‘lsa, molu dunësidan shu yo‘lda voz kechib, Ollohning yo‘lida bu yerga kelishgan!

Karimovparastlar tuhmat qiladiki, bizlarga 500-1000-2500 dollardan pul beradi, shu pul uchun bular ëllanma jangchilar bo‘lib, jang qilishayapti, deb. Astag‘firulloh, bu tuhmatlardan biz holimiz. Bizning niyatimiz shu oliy Robbimizning dinini oliy qilish, bundan boshqa narsa yo‘q. Buning uchun bizga ajrimizni faqat Robbimizdan kutamiz! - dedi Suriyada jihod qilayotganini aytgan Abu Usmon O‘zbek.

Quyida u bilan WhatsApp orqali qurilgan suhbat va Suriyadagi o‘zbekistonlik jihodchilar haqida tayyorlangan "Islom va musulmonlar" eshittirishini tinglashingiz mumkin.



O.Chevik: "Suriyada 750 askari bo‘lgan o‘zbek qo‘mondon o‘ldirildi"

Istanbulda faoliyat ko‘rsatayotgan “O‘zbeklar birligi” tashkiloti rahbari Odam Chevikning Ozodlikka aytishicha, o‘tgan hafta Istanbuldagi masjidlardan birida Suriyada 750 atrofidagi jangchiga yetakchilik qilgan o‘zbek qo‘mondoni Muhammadali Abdurahmonovga g‘oyibona janoza o‘qilgan.

- Ismi Muhammadali Abdurahmonov. Bu o‘zbek bir yil Turkiyada hibsda yotgan. Uni deportatsiya qilishga urinishdi. Ammo, huquq faollarining harakati bilan ozod qilinganidan keyin u yurtiga qaytishni istamadi. "O‘z yurtimga qaytib, behuda o‘lim topish yoki qamoqqa mahkum bo‘lishdan ko‘ra, Suriyaga borib u yerdagi musulmonlarga ko‘maklashaman”, degan qarorga kelganini bildirgan va keyin ayolini olib, Suriyaga ketishga uringan edi, deya xotirlaydi Odam Chevik.

Odam Chevikdagi norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, marhum Muhammmadali Abdurahmonovning rafiqasi Fotima Abdurahmonov hozir Suriyada qolmoqda.

Bir hafta muqaddam Suriyada jang maydonida o‘ldirilgan Muhammadali Abdurahmonov 2012 yilda qariyb bir yil Istanbuldagi xorijliklar saqlanadigan Qumqapi deportatsiya markazida hibsda saqlangan edi.

U 2010 yilgi O‘sh qirig‘inidan so‘ng oilasi bilan Turkiyaga ketgani va politsiya surishtiruvi ortidan hibsga olinganini Ozodlikka so‘zlab bergan edi.


O.Chevik: "Jihodchilar ikki naqd o‘limdan birini tanlamoqda"

Ammo yurtiga qaytsa, ta‘qib va tazyiqlarga uchrashi hamda qamoqqa olinishiga shubha qilmagan marhum Muhammadali Abdurahmonov kabi dindor o‘zbeklar orasida keyingi paytlarda Suriyaga yo‘l ola boshlaganlar ko‘payyotgani aytilmoqda.

- Ularning soni muttasil tarzda oshib bormoqda. Ba‘zilari u yerda tirikchilik qilayapti faqat, jangda qatnashayotgan yo‘q, tushunayapsizmi?! Xotinlar, bolalar bor u yerda. Ya‘ni, xorijdan Suriyaga borayotgan musulmon muhojirlar soni ham ortayapti. Muhojidlarga non pishirb berayotgan, suv tashib berayotgan, ularning xizmatini qilib yurganlar ham ko‘p hozir, - deydi so‘nggi bir yil ichida Suriyadagi vaziyatning shiddatli tarzda o‘zgarib ketganini ta‘kidlagan turkiyalik faol.

Uning ta‘kidiga ko‘ra, Suriyaga jang qilish uchun emas, jang qilib yurganlarga xizmat qilish uchun borayotganlarning aksariyati dunyoning turli davlatlarda u yoki bu ko‘rinishda haqsizlikka uchragan musulmonlardir.

Odam Chevik hozir Suriyada jang qilayotgan o‘zbekistonlik jangchilar soni, norasmiy kuzatuvlarga ko‘ra, 3 ming 500 ga yaqin, deb hisoblaydi.

- Bizning tashkilot huquqiy va gumanitar yordam bilan shug‘ullangani bois, bizga murojaat qilganlar orasida Suriyadan kelganlar va Suriyaga ketayotganlar ham bo‘lmoqda. Biz ham xuddi siz kabi ulardan jangchilar soni, maqsadi va ahvoliga oid savollarni so‘raymiz. Ana shu so‘rovlarimizga olgan javoblarga ko‘ra, faqat o‘zbekistonliklarni so‘rasangiz, 3 ming - 3 ming 500 ga yaqin. Ammo, Turkiston o‘lkalaridan kelganlarning soni 10 mingga yaqin. Tabiiyki, bu raqamlar norasmiy manbalardan olingan, menda bu ma‘lumotlarni tasdiqlovchi rasmiy ma‘lumotlar yo‘q, - deydi Odam Chevik. (Ozodlik tasarrufida ham bu ma‘lumotni tasdiqlovchi dalillar yo‘q.)

Aslida hozir Suriyada mahalliy isyonchilar safiga qo‘shilib, Bashar Assad rejimi harbiylariga qarshi kurashayotgan o‘zbekistonlik va umuman, Markaziy osiyolik jihodchilar soni ma‘lum emas.

So‘nggi mustaqil kuzatuvlarga ko‘ra, ular safiga qo‘shilayotgan yangi jihodchilarning asosiy yo‘li Turkiya orqali kechmoqda. Bu davlat orqali o‘tayotgan o‘zbekistonliklar ko‘payyotgani va ularning, hatto oilasi bilan jang maydonlariga yaqin hududlarga borib qolayotgani aytilmoqda.

Odam Chevik uning vatani orqali Suriyaga yo‘l olayotgan musulmon muhojir va jihodchilari soni ortayotgani yana bir asosiy sababi bu yerda begunoh qurbon bo‘latgan minglab musulmonlar taqdiriga hayrixohlik, deb hisoblaydi.

- Istalgan davlatni oling, bir kishi nohaq o‘ldirilsa, butun matbuot va jamoatchilik oyoqqa qalqadi. Suriyada esa 150 ming musulmon o‘ldi, bularning 15 mingi bolalar, 4 ming 500 nafari esa ayollardir. Bular gunohsiz, tinch aholi, begunoh musulmonlar. Na g‘arb davlatlari, na BMT bularni himoya qila olayapti. Suriyaga jangga ketayotgan musulmonlarning aksariyati ana shu qurbonlarga kuyganidan ketayotganini ochiq-ochiq bizga aytmoqda, - deydi huquqiy himoya va gumanitar yordam bilan shug‘ullangani bois jihodchilar hamda ularning yaqinlari bilan ro‘baro‘ kelayotgan turkiyalik faol Odam Chevik.


K.Yo‘ldosh: "Turkiyaga Rossiyadan kelayotgan o‘zbeklar ko‘paymoqda"

Istanbuldagi jurnalist Kamoliddin Yo‘ldosh bu davlatga kelayotgan o‘zbekistonliklar soni ortayotgani haqidagi kuzatuvlarni quvvatlaydi.

Unga ko‘ra ham keyingi bir yil ichida Turkiyaga kirayotgan o‘zbekistonlik muhojirlarning aksariyati Rossiyadan bormoqda.

- Keyingi bir yil ichida Rossiyada muhojirlarga nisbatan cheklov va ta‘qiblar kuchayib ketgani uchun ko‘pchilik dindor muhojirlar Turkiyaga kelayotgani bor gap. O‘zbekistonga borsa ham yana ta‘qib-tazyiqlarga uchrayapti. Shuning uchun, vizasiz kirish mumkin bo‘lgan va tirikchildik qilish mumkin bo‘lgan davlatlardan biri Turkiya bo‘lgani uchun bu yoqqa kelishayotgan bor gap. Lekin, ularning Suriyaga o‘tib ketayotgani haqida menda biror ma‘lumot yo‘q, - deydi Kamoliddin Yo‘ldosh.

Turkiya bilan Suriya o‘rtasidagi chegara uzunligi 900 kilometrni tashkil qiladi. Suriyadan kelayotgan qochqinlar oqimi oshib borayotgani bois Anqara rasmiylari chegaradagi nazoratni kuchaytirayotganini ko‘p bor ma‘lum qilgan.

Hatto, ikki davlat o‘rtasida aholi qatnovi ko‘p kuzatilgan Gaziantep shahrining chegara qismida 4 metr, Nusaybin shahrining chegara qismida esa 2 metrlik devor ko‘tarishga qaror bergan.

Ammo, shunga qaramasdan janubiy chegaraning 900 kilometrlik sarhadi chegarachilar va harbiylar nazoratidan holi qismidan yohud mahalliy aholi ko‘magida ochilgan yashirin yo‘llar orqali Turkiya hududidan Suriyaga o‘tib ketayotgan muhojirlar oqimi to‘xtamayapti.


"Suriya urushiga diniy izoh - fitnadir!"

Ozodlik shu kunga qadar Suriyada jihod qilayotganini aytgan o‘zbeklar bilan ko‘p bor suhbatlashdi.

Bundan tashqari, bu davlatda shia va sunniy musulmonlar o‘rtasidagi mazhablaro urushga aylanib ketgan 3 yillik fuqarolik urushida xorijdan, jumladan O‘zbekistondan borib qatnashayotganlar borasida o‘zbekistonlik va markaziy osiyolik ulamolar, dindorlar, siyosatchilar va sobiq jihodchilar mulohazalarini sizga taqdim qilgan.

Tabiiyki, jihodchilik harakati "terrorchilik" sifatida malakalangan va buning uchun minglab o‘zbekistonlik dindorlarni uzoq muddatlarga ozodlikdan mahrum qilayotgan O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari rasmiylari xulosalari ham olingan.

Quyida esa O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, shayx Abdulaziz Mansurning bu boradagi javobini tinglashingiz mumkin.



"Shom - Alloh taolo oliy martabali qilgan yurt"

Ayrim o‘zbekcha islomiy saytlar va ijitmoiy tarmoqdalarda saudiyalik ulamo Muhammad ibn Abdurrahmon al Orifiyga nisbat berilgan "Suriyada ko‘rganlarim" nomli bitik Islomnuri.com sayti tahririyati tarjimasi bilan ko‘chirib bosilmoqda.

Unda quyidagi jumlalarni o‘qish mumkin:

"Bizning Shom haqidagi so‘zimiz Liviya, Misr, Tunis, Yaman, Iroq va Falastindan o‘zgacha bo‘ladi. Biz Alloh taolo sharafli qilgan va oliy martabali qilgan yurt haqida gapirmoqdamiz. Bu yurtda oxir zamonda musulmonlar va nasorolar o‘rtasida hal qiluvchi jang bo‘ladi. Imom Muslimning rivoyatida Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam xabar berganlaridek, mazkur jangga nasroniylar 80 ta bayroq osida kelishadi, har bir bayroq ostida 12 ming askar bo‘ladi. Musulmonlar ularni qirib tashlaydilar va katta g‘alabaga erishadilar. Islomni shavkati kuchayadi, La ilaha illalloh oliy bo‘ladi.

Iyso — alayhis-salom — Dimashqning sharqidagi oq minora oldiga ikki qo‘llarini ikki farishtaning qanotlariga qo‘ygan holdi tushadilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam xabar berganlaridek, odamlarni adashtirgan, o‘zining firiblari bilan ularning dini bilan o‘ynashgan, ularni kufr chohlariga otgan Dajjol ham Shom diyorida qatl qilinadi. Shomga farog‘at bo‘lsin!"


"Shomda islom vujudiga qarshi xatarli qurollar" qo‘llanadi

Yana bir o‘zbek tilidagi islomiy internet nashrida esa aynan Suriyadagi nizolarga dunyo musulmonlarining kuyinchaklik bilan yondoshayotgani sabablaridan biri ko‘rinadi.

O‘zbek internet foydalanuvchilari orasida sevib o‘qiladigan Islom.uz saytidagi "Fiqhiy mazhablarning islomdagi birlikni asrab turishdagi ahamiyati" nomli maqolada shunday jumlalar bor:

"To‘rtinchi va oxirgi nuqta: Shom diyorida islomning vujudiga qarshi kurash vositasi bo‘lgan eng xatarli qurollarga e‘tibor qaratishning zarurligi.

Albatta, u ikkinchisi bo‘lmagan yagona qurolda gavdalanadi. U ham bo‘lsa, islom ummatining qolgan qutgan birligini, bu ummatning guruhlari va shaxslarining oralarini bog‘lab turgan aqidaviy ko‘priklarni yo‘qqa chiqarish qurolidir.

Batahqiq ushbu qurol mafkuraviy urushni o‘zlariga kasb qilib olganlarning unga qattiq suyanganliklariga qaramasdan oldinlari maxfiy edi. Lekin u mana shu so‘ngi yillarda ochiq oydinga aylandi. Zotan buni tasdiqlovchi xujjatlar silsilasi shu ishlarning egalari va ularning buyruqlarining ijrochilari tomonidan hech bir maxfiyliksiz yoki ehtiyotkorliksiz zuhurga chiqib davom etmoqda."


"Katta urush kuni musulmonlar qarorgohi Shomda...bo‘ladi"

Shu kunlarda o‘zbek tilidagi ijtimoiy tarmoqlarda esa mana bu hadis bot-bot ko‘zga tashlanmoqda:

"Abu Darda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sallallohu alayhi vassalom: “Katta urush kuni musulmonlarning qarorgohi Shomning eng yaxshi shaharlaridan biri bo‘lgan Dimashq deb ataladigan shahar yaqinidagi G‘o‘ta degan joyda bo‘ladi”, dedilar. (Imom Ahmad “Musnad”ida rivoyat qilgan, Shayx Shu‘ayb Arnuaut sahih degan)"



Suriyada jihod qilish farz bo‘lganmi?

2013 yilning 14 iyunida Qohirada uchrashgan Islom ulamolari kengashi Suriyada jihod qilish bu davlatdagi musulmonlar uchun “farzi ayn bo‘ldi” mazmunida fatvo bergan edi.

Shu fatvodan so‘ng, norasmiy manbalarda aytilishicha, birgina Indoneziyaning o‘zidan 1 millionga yaqin odam jihodda qatnishish istagini bildirgan.

Shayx Yusuf Qarzoviy yetakichiligidagi Islom ulamolar kengashi fatvosidan so‘ng esa tajribali eski janggarilar safiga jihod qilish istagida bo‘lgan yosh, yangi jangchilar ham qo‘shilayotgani aytilgan.

Quyida ana shu fatvoga o‘zbek musulmonlari munosabatlari aks etgan "Islom va musulmonlar" eshittirishi maxsus sonini ham tinglashingiz mumkin.

Unda muqaddam Afg‘onistondagi jang maydonlarida bo‘lgan, hozir esa g‘arb davlatlaridan birida yashayotgan o‘zbekistonlik dindor Islomjon, Suriyada jihodda bo‘lganini aytib Ozodlikka WhatsApp tarmog‘idan bog‘langan Sayfulloh, Qirg‘iziston musulmonlari idorasi sobiq rahbari Sodiq qori Kamolov va Ozodlik radiosi tahlilichisi, sharqshunos, “Ozod Iroq” radiosi direktori Sergey Danilochkinlarning fikrlari o‘rin olgan.
XS
SM
MD
LG