Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:36

Toshkent hali ham Ukrainaning hududiy yaxlitligi tarafdori


O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati Ukrainadagi vaziyat va Qrim masalasi yuzasidan rasmiy Toshkent pozitsiyasini aks ettirgan bayonot tarqatdi.

Diplomatik nazokat bilan bitilgan va 24 mart oqshomida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi saytida yoyinlangan mazkur bayonotda “O‘zbekiston Respublikasining BMT Nizomi asosiy tamoyillari va xalqaro huquqiy me‘yorlardan kelib chiqqan holda “yuzaga keladigan xalqaro bahslarni tinch vositalar bilan hal etish, xalqaro munosabatlarda har qanday davlatning hududiy daxlsizligiga yoxud siyosiy mustaqilligiga qarshi kuch bilan tahdid qilish yoki uni qo‘llashdan tiyilish” borasidagi pozitsiyasi qat‘iy va o‘zgarmasdir”, deyiladi.

Bundan Toshkentning, yo‘q deganda, Rossiya tomonidan Qrimning anneksiya qilinishini yoqlamagani anglashiladi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bayonotida shu yilning 16 mart kuni Qrimda o‘tkazilgan referendum natijalariga nisbatan ochiq munosabat bildirilmagan.

Ayni paytda “ukrain va rus xalqlarining asriy yaqinligidan, ma‘naviy va madaniy qadriyatlarining, ular o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarning tarixan shakllangan mushtarakligi”ni qayd etgan o‘zbek diplomatlari yuzaga kelgan muammolarni “o‘zaro maqbul murosali hal etish chorasini topishning yagona to‘g‘ri yo‘li bevosita ikki tomonlama muzokaralar olib borish” ekanini urg‘ulaganlar.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining kechagi bayonotida “O‘zbekistonning Ukrainadagi voqealar yuzasidan “Jahon” axborot agentligining 2014 yil 4 martdagi bayonotida ifoda etilgan munosabati o‘zgarmasdan qolishi” qayd etilgan.

Toshkentning Ukraina hududiy daxlsizligiga oid bayonoti uning mintaqadagi qo‘shnilari, xususan, Qrim mojarosi bo‘yicha birinchi bo‘lib munosabat bildirgan Qozog‘iston pozitsiyasiga u qadar uyg‘un emas.

18 mart kuni Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi Astana Qrimda o‘tkazilgan referendumni muxtor respublika aholisining erkin irodasi izhori deb bilishi hamda mavjud shart-sharoit qabatida Rossiya Federatsiyasi qaroriga tushunish bilan munosabatda bo‘lishi bildirilgan bayonot yoyinlagandi.

“Qrim muxtor respublikasida 2014 yil, 16 martda o‘tkazilgan referendum munosabati bilan Qozog‘iston o‘zining BMT Nizomiga binoan xalqaro huquqning fundamental printsiplariga sodiq ekanligini yana bir bor ta‘kidlab o‘tadi”, deyilgandi Astana bayonotida.

Bu bayonotdan bir hafta muqaddam Astana Ukrainaning yaxlitligi tarafdori ekanligi to‘g‘risida bayonot bergan edi.

O‘tgan hafta Qirg‘iziston hukumati ham Qrimda Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha o‘tkazilgan bahsli referendumning legitim ekanini tan olgandi.

Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan bayonotda aytilishicha, “Qrimda 16 mart kuni o‘tgan referendum natijalari avtonom respublika aholisining mutlaq ko‘pchiligi istagini ifodalaydi”.

Bayonotda Ukrainadagi bugungi bo‘hronga “mamlakat sobiq rahbariyatining yaxshi o‘ylanmagan harakatlari va korruptsiyalashgani” sabab bo‘lgani ham urg‘ulangan.

Bo‘hron tinchlik yo‘li bilan xalqaro qonunlar doirasida hal qilinishi kerakligini ta‘kidlagan Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi xalqaro hamkorlarni “ikki xil standartlar”ni qo‘llamaslikka chaqirgan.

Tojikiston rasmiylari hozircha Qrimning Rossiyaga qo‘shib olinishi yuzasidan sukut saqlamoqda. Xalqaro bahsli masalalarda odatda betaraflik pozitsiyasini egallab turishni ma‘qul ko‘ruvchi Turkmanistonning ham mazkur anneksiya borasidagi mavqei aniq emas.

Eslatib o‘tamiz, 16 mart kuni Qrimda o‘tgan referendumda qrimlik saylovchilarning 96 foizdan ko‘prog‘i Ukrainadan ajralib chiqib, Rossiya tarkibiga kirish uchun ovoz bergani ochiqlangandi. Bir necha kun o‘tib esa Moskva mazkur anneksiyani rasmiylashtirgan.

Qrimda o‘tgan referendum Ukraina hukumati va g‘arb davlatlari tomonidan noqonuniy, deya rad qilingan. Shuningdek, yarimorol tub aholisi bo‘lmish Qrim tatarlari yetakchilari referendumni boykot qilgan.
XS
SM
MD
LG