Линклар

logo-print
Moskva yo‘nalishidagi elektrpoyezdlarda rus bo‘lmagan shaxslarga taqirbosh va millatchilar uyushtirayotgan hujumlar soni ko‘payib bormoqda. Rossiya ommaviy axborot vositalari millatchi taqirboshlar hujumlarini e‘tibordan chetda qoldirayotgan bir paytda, huquq-tartibot idora vakillari bu hodisalar to‘g‘risida “ortiqcha ma‘lumotga ega emasligi”ni gapirmoqda.

20 mart kuni kechki 10:00 larda “Shatura-Moskva” yo‘nalishi bo‘yicha ketayotgan elektrpoyezdda bir guruh rus millatiga mansub yoshlar vagonlarda uchragan barcha rus bo‘lmaganlarni kaltaklayotgani to‘g‘risida xabar Lyubertsi Transport politsiyasi bo‘limiga kelib tushdi.

Moskvaning Qozon vokzaliga kelayotgan poyezddagi ko‘rinishidan taqirbosh bo‘lgan rus yigitchalari “Rodniki” bekatida to‘xtagan poyezga kirib, “slavyan bo‘lmagan” bir shaxsni o‘lguncha kaltaklagan.

Bu ma‘lumotni Ozodlikka tasdiqlagan Rossiya Ichki ishlar vazirligining Markaziy Federal Okrug bo‘yicha transportdagi boshqarmasi katta leytenanti Mariya Dedova hodisa ortidan jinoyat joyiga yetib kelgan politsiya xodimlari 9 nafar voyaga yetmagan shaxsni hisbga olganidan ortiq ma‘lumot bera olmasligini ma‘lum qildi.

- Markaziy Federal Okrug bo‘yicha saytimizda hujumga uchragan odam 25-30 yoshlarda ekani, o‘rta og‘irlikdagi tan jarohati olgani, ushlangan shaxslar 14dan 17 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmagan fuqarolar ekani to‘g‘risida ma‘lumot keltirilgan, - dedi muhojirning yonida biror hujjat aniqlanmaganini aytgan politsiya xodimasi Mariya Dedova.

Biroq Ozodlik olgan ma‘lumotlarga ko‘ra, kaltaklangan 25-30 yoshlardagi shaxs O‘zbekiston fuqarosi ekani to‘g‘risida ma‘lumotlar bor.

Hibsga olingan yigitchalardan birini politsiya bo‘limidan ozod qilgani kelgan otasi Rossiyaning “NTV” telekanaliga taqirboshlar muhojirni boshqa yo‘lovchilar ko‘z-oldida kaltaklab, yurib ketayotgan elektrichkadan otvorganini aytdi.

- Voyaga yetmagan o‘g‘limni hibs etishibdi. Politsiyada buning sababini yo‘lda kimnidir kaltaklashibdi, qanaqadir o‘zbekni poyezddan otvorishibdi, deb tushuntirishdi, - dedi vagonda bo‘lgan barcha 14-17 yoshdagi shaxslar qo‘lga olinganini gapirgan moskvalik.

Uning o‘g‘li Vladislav taqirboshlar maskada bo‘lgani, ular millatchilik ruhidagi shiorlarni baqirganini esladi.

Perronga chaqirilgan tez yordam mashinasi va politsiyachilar poyezddan otvorilgan o‘zbekni tez yurar poyezd o‘tgan temir yo‘l yaqinida topishgan. Og‘ir ahvolda bo‘lgan mehnat muhojiri Lyubertsi shahar shifoxonasiga olib ketildi.

Tasdilanmagan ma‘lumotlarga ko‘ra, politsiya Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 105-moddasi, ya‘ni “Qotillik” moddasi asosida jinoyat ish ochgan.

So‘nggi oy davomida neonatsistlarning Podmoskovye elektrpoyezdlarida rus bo‘lmagan muhojirlarga bo‘lgan hujumlari soni keskin ko‘paygani kuzatilmoqda.

9 mart kuni moskvalik ayol Ximkidan Moskvaga ketayotgan poyezdga chiqqan 5 shaxsning “Churkalar, yo‘qolsin!” baqiriqlari ostida vagonda ketayotgan tojik yigitlarini kaltaklaganini Feysbukdagi sahifasida bunday tasvirladi:

“Natsistlar o‘zlari bilan sariq-qora-oq bayroqni ko‘tarib olgan edi. Ular tojiklarni kaltaklay boshladi: ishchilar tunggi smenadan kelayotgan edi, menimcha. Hujum qilganlar zarbalarni aniq, professional tarzda berayotganini ko‘rdim. Bir necha marotaba urib, ba‘zilarini tamburga olib chiqishdi. Tojik bolakaylardan biri yo‘lovchilar narsalarini qo‘yadigan tokchaga chiqib oldi. Tojik bolani ajratib olmoqchi bo‘lgan rus ayolni ular turtib joyiga o‘tkazib qo‘yishdi. Aytishlaricha, ular butun poyezd bo‘ylab shunday o‘tgan”, deb yozdi hodisa guvohlaridan biri.

16 mart kuni Moskvaning Turgenevskaya metro bekatida ko‘rinishidan markaziy osiyolikka o‘xshash Yoqutistondan kelgan yoshlar 10 nafar millatchi tomonidan qattiq kaltaklandi. Neonatsistlar bosqinchiligi Golutvin va Voskresensk yo‘nalishidagi elektrpoyezdlarida ham sodir etilgani kuzatilgan.

“Sova” Axborot-tahliliy markaz xabariga ko‘ra, 1 mart kuni Moskvaning Rijskiy yo‘nalishida ketayotgan elektrichka “Opalixa” bekatiga to‘xtaganida vagonlarga ulьtra-o‘ng millatchilar bostirib kirgan va “slavyan bo‘lmagan” barcha yo‘lovchilarni kaltaklab ketgan. “Oq vagon” aktsiyasini uyushtirayotganini bildirgan ruslar tamburda ketayotgan bir nechta osiyolik muhojirni urgan, vagondan chiqayotganda ikki nafar Yaponiya fuqarosiga hujum qilgan.

Keyingi bekatda chaqirilgan “tez yordam” mashinasi poyezddan bir nechta jabrlanganni olib ketgani xabar qilindi.

“Sova” markazi xodimlari 2013 yilda millatchilik ruhida qilingan zo‘ravonlik tufayli Rossiyada 21 kishi o‘ldirilgani va 178 kishi jarohatlanganini qaydga oldi.
XS
SM
MD
LG