Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:01

Biometrik pasportni iyulgacha olish shartmi?


O'zbekistonning biometrik pasporti
O'zbekistonning biometrik pasporti
OzodJavobning bugungi sonida biometrik pasport olish bilan bog‘liq paydo bo‘layotgan ayrim savollarga javob izlaymiz.

Iyulgacha yangi pasport olmasam jazolashadimi?

Sankt-Peterburgda yashayotgan xorazmlik Rahmatjon “1 iyulgacha biometrik pasportni olish shartmi”, deya so‘radi.

“Menda “rabochaya viza”. Bu yaqin orada O‘zbekistonga borish niyatim yo‘q. Lekin tanishlarim bu yil 1 iyulgacha yangi pasport olish shart deyishayapti. Chet elda yurganlar iyulgacha almashtirmasa, jazolasharmish. Iltimos shuni aniqlashtirib beringlar”,- deya murojaat qildi xorazmlik Rahmatjon.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Xorijga chiqish, kirish va fuqarolikni qayd etish respublika boshqarmasi mutaxasisiga ko‘ra, xorijda yurgan o‘zbekistonliklar 1 iyulgacha biometrik pasport olishi shart emas.

“Bu odamlarning mish-mishi. Bu bo‘lmagan gap. Agar O‘zbekiston ichkarisida bo‘lsangiz, 1 iyuldan boshlab, xorijga eski pasport bilan chiqa olmaysiz. Faqat biometrik pasport bilan chiqishingiz shart. Lekin agar siz hozir xorijda bo‘lsangiz, kelib biometrik pasport olishingiz shart emas. 2015 yil dekabrigacha vaqt topganingizda kelib, yangi pasport olib ketishingiz mumkin. Hech qanday jazo yo‘q”-, dedi mutaxasis.

Joriy yilning 1 iyulidan boshlab O‘zbekiston fuqarolari xorijga faqat biometrik pasport bilangina chiqa oladilar. Bu shart Vazirlar Mahkamasining 6 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida o‘z aksini topgan.

Dastlab eski rusumdagi pasportlarning 2015 yil 31 dekabrigacha amalda bo‘lishi e‘lon qilindi. Lekin yil boshida Vazirlar Mahkamasi joriy yil 1 iyulidan boshlab xorijga faqat biometrik pasport bilan chiqish borasida qaror qabul qildi.


Elchixonadan biometrik pasport olish mumkinmi?

Dunyoning turli burchaklarida yashayotgan o‘zbekistonliklar orasida shu savol javobiga qiziqqayotganlar anchagina.

Biz ushbu savolga javob topish uchun dastlab qariyb 5 million o‘zbekistonlik yashab, ishlayotgan Rossiyaga to‘xtalsak.

Ozodlikning Moskvadagi muxbiri o‘rganishicha, O‘zbekistonning Rosssiyadagi elchixona va konsulliklari birorta ham o‘zbekistonlikka biometrik pasport bermayapti.

- Konsulliklar hech bir o‘zbekistonlikka biometrik pasport bermayapti. Hatto talabalarga ham bermayapti. Hammaga O‘zbekistonga borib, almashtirib kelishni aytayapti,- dedi Ozodlikning Moskvadagi muxbiri Umidbek.

Rossiyadan farqli Yevropa davlatlarida ta‘lim olayotgan o‘zbekistonlik talabalar o‘zi o‘qiyotgan davlatdagi O‘zbekiston elchixonalariga murojaat qilib, eski pasportini biometrik pasportga almashtirishi mumkin.

Jumladan, Berlin va Venadagi O‘zbekiston elchixonalari o‘zbekistonlik talabalarga qo‘lida yetarli hujjati bo‘lsa, biometrik pasport berayapti.

Amerikadagi o‘zbek jurnalistlaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, AQShdagi O‘zbekiston elchixonasi yoki konsulligidan o‘zbekistonlik talabalar, Amerikada PMJ - doimiy yashash huquqini olgan o‘zbekistonliklar biometrik pasport olishi mumkin.


Pasportni qancha muddatda olish mumkin?

O‘zbekistonda joriy yilning 1 iyulidan boshlab eski pasport bilan xorijga chiqish to‘xtatilishi e‘lon qilinishi ortidan mamlakatdagi pasport bo‘limlari oldida turnaqator navbatlar paydo bo‘ldi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, biometrik pasport uchun ariza topshirayotganlarning qariyb 90 foizi xorijga ishlagani ketayotgan fuqarolardir.

Pasport stollar oldidagi "ur-yiqit"lar bois ko‘plab fuqarolar so‘nggi paytlarda yangi biometrik pasport olish bilan bog‘liq mushkulotlar qarshisida qolishganidan shikoyat qilayapti.

"Yangi pasport olish uchun bir oycha avval ariza bergandim. Haligacha berishmadi. O‘zi qancha muddatda pasportni olish mumkin",- deya so‘radi to‘rtko‘llik Shomurod aka.

Odatda 10 ish kunida berilishi kerak bo‘lgan pasport bir oydan oshiqroq vaqt ichida, ba‘zi hollarda undan ham ko‘p vaqtda berilayotgani haqidagi xabarlar Ozodlikka ko‘plab kelayapti.

Pasport stollaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, biometrik pasportni berish muddati o‘zgarmagan.

"Fuqaroning biometrik ma‘lumotlari olinganidan so‘ng u 10 kun ichida yangi pasportni qo‘liga oladi. Bu muddat o‘zgarmadi. Faqat ayrim joylarda pasport olish uchun murojaatlar ko‘payib ketgani bois pasport tayyorlash jarayoni cho‘zilib ketayapti xolos",- dedi Toshkentdagi Pasport bo‘limlaridan birining xodimasi.


Samolyotga chipta olish uchun biometrik pasport shartmi?

“Eshitishimizcha, samolyot va poyezdlarga biometrik pasport bo‘lmasa, bilet bermayapti ekan. Men hali pasportimni almashtirmadim. Lekin aprelь oyida Olmaotaga borib kelishim shart. Iltimos bilib beringlar, haqiqatdan ham bilet ololmaymanmi?”, deya so‘radi Jizzaxlik Nigora.

Pasport bo‘limlaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, biometrik pasport bo‘lmasa, poyezd va samolyotlarga chipta sotilmasin degan ko‘rsatma yo‘q.

Fuqarolar 1 iyulgacha eski pasport bilan avia yoki temir yo‘l chiptasi olishi mumkin. Ushbu muddatgacha xorijga ham eski pasport bilan chiqib kelishi mumkin.

Lekin Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, 1 iyuldan boshlab o‘zbekistonliklarga poyezd va samolyot chiptalari faqat biometrik pasport asosida rasmiylashtirilishi va sotilishi lozim.


Biometrik pasportga arizani onlayn topshirish yo‘li qanday?

"Biometrik pasport olish uchun onlayn ariza topshirish mumkin deb, eshitdik. Buning uchun nima qilish kerak. Qaysi sayt orqali hujjat topshirish mumkin",- deya so‘radi samarqandlik Nulufar.

Bu savolga javob izlash jarayonida aniqlagan ma‘lumotlarimizga ko‘ra, hozirda faqat Toshkent shahrida yashovchi fuqarolargina biometrik pasport olish uchun onlayn hujjat topshirishlari mumkin.

Toshkentliklar yangi biometrik pasport olish uchun arizani www.my.gov.uz saytida onlayn topshirishlari mumkin.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatining bildirishicha, Toshkentning Olmazor tumanida bu pilot loyiha sifatida sinab ko‘rila boshlandi.

Yangi biometrik pasport olmoqchi bo‘lgan shaxs Internetda arizani to‘ldirib, yuboradi. Agar so‘rovnoma to‘g‘ri to‘ldirilgan bo‘lsa unga tuman Ichki ishlar bo‘limidan SMS ma‘lumot yuboriladi va belgilangan kun va vaqtda kelib, bioma‘lumotlarni topshirib ketishi mumkin bo‘ladi.

O‘zbekistonda biometrik pasportga o‘tish jarayoni 2011 yilning 1 yanvaridan boshlangan va bu jarayon 2015 yilning dekabr oyiga qadar to‘la yakunlanishi ko‘zda tutilgan.

***************************************************************************

Aziz mushtariy agar sizning bugungi savolga muqobil javoblaringiz bo‘lsa, yoki o‘z tajribangizda sinalgan holatlar bilan Ozodlik olgan javoblarni to‘ldira olsangiz, o‘z fikr-mulohazalaringizni sharh sifatida qoldirishingizni so‘raymiz.

Shuningdek, yana qaysi savollarga javob topishni istaysiz, OzodJavobga murojaat qiling.

Savollaringizni skayp orqali Ozodskype yoki ErkinMikrofon ga yo‘llashingiz mumkin.
XS
SM
MD
LG