Линклар

Banklar va moliyaviy tizimlar o‘rtasidagi kelishuvlarni yangi qonunchilik asosida o‘zgartirish va yangilash jarayoni doirasida O‘zbekiston banklari Rossiyaning “Zolotaya korona” pul o‘tkazish tizimi bilan hamkorlikni 1 apreldan to‘xtatadi. Ozodlik suhbatlashgan o‘zbek banklari xodimlari Rossiyadagi mehnat muhojirlariga bu tizimdan foydalanmaslikni maslahat berdi.

Toshkentdan kelgan kelgan “O‘zbekiston banklari “Zolotaya korona” bilan ishlashni to‘xtatadi¸ degan xabar ortidan Ozodlik poytaxtdagi aksar banklarga sim qoqdi.

Asia Alliance Bank shoxobchalaridan biri xodimasi 1 apreldan boshlab “Zolotaya korona” orqali O‘zbekistonga yuborilgan pulni olib bo‘lmasligini bildirdi:

- 1 aprelgacha yuborilgan pulni bizdan chiqarib olish mumkin. Lekin 1 apreldan keyin yo‘q. Bizda faqat Western Union, Asia Express va Money Transfer ishlaydi¸ xolos¸ dedi o‘zini tanishtirmagan bank xodimi.

Invest Finance Bank xodimi ham “Zolotaya korona” bilan hamkorlikning to‘xtatilishini bildirdi:

- Bizda “Zolotaya korona” bilan 2014 yilga shartnoma tuzilmagan. Shuning uchun Koronadan pul jo‘natish yo‘q¸ dedi bu bank rasmiysi.

Ipoteka bank xodimasi “Zolotaya korona” ning ishlamasligi sababiga aniqlik kiritishga qiynalgan bo‘lsa-da¸ mijozlarga bu tizimdan foydalanmaslikni tavsiya qildi:

- Haftaning oxirigacha Korona yopilib qolsa kerak. Sababi¸ Rossiyskiy bank bilan shunga kelishilayapti¸ O‘zbekistonda yopilsa kerak. Rossiyadagilar Western Union bilan jo‘natishsin¸ hech qanaqa muammo yo‘q¸ dedi bu bank xodimasi.

Yillardan beri Rossiyadan xorijga pul jo‘natayotganlar ro‘yxatida birinchilikni o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari egallab kelmoqda. 2013 yilning 9 oyi davomida Rossiyadan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 4 milliard 908 million AQSh dollaridan oshdi. O‘tgan yili bu miqdor 6 milliardga yaqinlagan edi.

Rossiyada ishlab topgan pulini vatanda qolgan oilasiga muntazam yuborib kelayotgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari orasida keyingi yillarda aynan “Zolotaya korona” tizimi ommaviylashgan va bunga Koronaning xizmat haqqini o‘z raqobatchilariga nisbatan salgina arzonlatgani sabab bo‘lgan.

Ozodlik bilan suhbatda Toshkentdagi banklardan biri xodimasi¸ muhojirlar orasida ommalashgan bu tizimning 1 apreldan ishlamay qolishi sababini izohlashga urindi:

- O‘zbekistonda qonunchilik o‘zgardi¸ shuning asosida endi amalda bo‘lib kelgan kelishuvlarni ham o‘zgartirish kerak. Bu esa¸ yangi qonunchilik asosida yangi shartnoma tuzish¸ degani. Ana shu jarayon davomida “Zolotaya korona” ishlamay turadi. Rossiyadagi muhojirlar bu davr ichida O‘zbekistonga pul jo‘nata olmaydilar. Bu degani¸ “Zolotaya korona” yopiladi¸ degani emas. Yangi kelishuv imzolanishi bilan¸ pul o‘tkazish yana boshlanadi¸ dedi Toshkentdagi yirik banklardan biri xodimasi.

Ayni paytda¸ bu rasmiy “Zolotaya korona” tizimining O‘zbekistonda qancha vaqt ishlamay qolishiga oid aniq ma‘lumot bera olmasligini ta‘kidladi:

- Men sizga “Zolotaya korona” qancha ishlamay turishini ayta olmayman. Balki bir oyga cho‘zilar¸ balki bir kunga. O‘zbekistonliklarga “Zolotaya korona”dan foydalanmay turishni maslahat beraman. Eng yaxshisi Western Union, ular ham xizmat haqqini arzotlatib¸ 1 foizga tushirgan. Ular bilan hech qanaqa muammo yo‘q¸ dedi Ozodlik suhbatlashgan bank rasmiysi.

Ayni paytda¸ “Zolotaya korona” pul o‘tkazish tizimining Moskvadagi bosh idorasi xodimasi¸ O‘zbekistonda bu tizimning ishlamay qolishi haqidagi xabardan bexabar bo‘lib chiqdi va agar Rossiyadan pul yuborib¸ uni O‘zbekiston banklaridan chiqara olmayotganlar bo‘lsa¸ xizmat o‘z rasmiy sahifasida keltirilgan bepul telefon liniyalariga murojaat qilishni tavsiya etdi:

- Bunaqa ma‘lumot yo‘q. Tizim belgilangan tartibda ishlayapti¸ pul jo‘natish va qabul qilish bugun ham odatdagiday davom etmoqda. Balki O‘zbekistondagi ayrim banklarda mahalliy muammolar paydo bo‘lgandir. Men pul olishga borib¸ uni ololmagan mijozlarga bizga murojaat qilib¸ tafsilotlarni bildirishlarini so‘raymiz¸ dedi “Zolotaya korona” tizimining Moskvadagi idorasi xodimasi.

O‘tgan oy Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari o‘rtasida ancha ommaviylashgan “Migom” pul o‘tkazish tizimi ham O‘zbekistonda o‘z faoliyatini to‘xtatgan va rasmiylar buni yuzaga chiqqan texnik muammolar bilan izohlagan edi.
XS
SM
MD
LG