Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:16

Afg‘oniston o‘zbeklari general Do‘stum vitse-prezident bo‘lishiga umid qilmoqda


5 aprel kuni Afg‘onistonda prezidentlik saylovi o‘tkazildi. Afg‘onistonlik o‘zbeklar prezidentlikka da‘vogar sakkiz nomzoddan asosan Ashraf G‘ani Ahmadzay uchun ovoz berdilar. Boisi G‘ani saylovda g‘olib chiqsa, Do‘stumni mamlakat birinchi vitse-prezidenti etib tayinlashni va‘da qilgan.

Afg‘oniston shimolida joylashgan Juzjon viloyati markazi Shibirg‘on shahrida yashovchi Elomon Ozodlik bilan suhbatda shanba kuni o‘tkazilgan prezident saylovida Afg‘oniston shimolidagi to‘qqiz viloyatda yashaydigan o‘zbeklar asosan Ashraf G‘ani Ahmadzay nomzodini qo‘llab ovoz berganlarini aytdi.

- Saylovdan oldin general Abdurashid Do‘stim Ashraf G‘anining birinchi o‘rinbosari, deb tayinlangan edi. Shu sababli asosan o‘zbeklar, shuningdek, ayrim turkman qavmlari Ashraf G‘aniga ovoz berdilar, - deydi afg‘onistonlik tadbirkor.

Shanba kungi prezident saylovida ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan 12 million fuqaroning 58 foizi, taxminan yetti millioni qatnashgan.

O‘zbek generali Abdulrashid Do‘stum poytaxtdagi saylov uchastkasida ovoz berdi.

Kobul shahridagi afg‘onistonlik jurnalist Fayzullo Qardosh Ozodlik bilan suhbatda Afg‘oniston o‘zbeklari o‘z millatdoshlari ilk bor mamlakat vitse-prezidenti lavozimini egallashi uchun imkoniyat paydo bo‘lgani bois Ashraf G‘ani nomzodini qo‘llaganini aytdi.

- Abdurashid Do‘stim avvalgi saylovlarda ikkinchi vitse-prezident bo‘lishi mumkin edi. Do‘stum faqat birinchi vitse-prezident lavozimini egallash uchun Ashraf G‘ani bilan birga bo‘ldi. Boshqa millatlar turib o‘zbeklar vakilining birinchi vitse-prezident lavozimini egallashi juda katta yutuq, deb o‘ylayman, -dedi Fayzullo Qardosh.

Juzjon viloyati harbiy kuchlar qo‘mondoni sobiq o‘rinbosari, millati turkman bo‘lgan general Muhammad Ibrohim Ozodlik bilan suhbatda afg‘onistonlik turkmanlar bir yoqadan bosh chiqarib, o‘zbeklar bilan birga Ashraf G‘ani uchun ovoz bermagani sababini turkmanlar orasida siyosiy faollik sustligi bilan izohladi.

- Afg‘onistonlik turkmanlar Ashraf G‘ani Ahmadzay, Zalmay Rasul va doktor Abdulloh uchun ovoz berdilar. Ko‘proq Zalmay Rasul bilan doktor Abdullohga ovoz berishdi. To‘rt nomzodga targ‘ibot bo‘lgani sabab ular har yoqqa og‘ib ketdilar. Turkmanlar orasida maktabda o‘qiganlar kam. Siyosatga aralashganlar kamroq. Turkmanlarga bosh bo‘ladiganlar yo‘q, - deydi general Muhammad Ibrohim.

Fayzullo Qardosh fikricha, Do‘stumning mamlakat birinchi vitse-prezidenti lavozimini egallashi hukumat lavozimlarini o‘zbeklar egallashida muhim ahamiyatga ega.

- Vazirlar mahkamasi bo‘ladimi, boshqa idoralarmi - har millatning o‘z hissasi bo‘ladi. Afg‘onistonda hamma narsa, millatlar yuzidan, urug‘lar yuzidan, qavmlar yuzidan tayin bo‘ladi. Bu 30 yillik kasal. O‘zbek millati bir kichik millat emas. Hozir uchinchi qatorda turibdi, lekin o‘zbeklar ikkinchi o‘rinda turadigan millat. Shuning uchun ham Abdurashid Do‘stumning birinchi vitse-prezident bo‘lib saylanishga haqqi bor. Xudoning marhamati bilan muvaffaqiyatga erishilsa, buni juda katta yutuq deb bilaman, - dedi afg‘onistonlik jurnalist.

Afg‘onistonda yakshanba kuni o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarining dastlabki natijalari 24 apreldan keyin e‘lon qilinishi kutilmoqda.

Saylov haqidagi qonunga ko‘ra, saylovda sakkiz nomzoddan birortasi 50 foizdan ko‘p ovoz olmasa, 28 may kuni saylovning ikkinchi davrasi o‘tkaziladi.

Saylovning yakuniy bosqichida birinchi bosqichda eng ko‘p ovoz to‘plagan ikki nomzod ishtirok etadi.
XS
SM
MD
LG