Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:53

Ukraina sharqida Rossiya tarafdorlari davlat idoralariga bostirib kirdi


6 aprel kuni Ukrainadagi rossiyaparast namoyishchilar mamlakat sharqidagi Donetsk shahri hokimligi binosini shturm qildi. Ayni paytda, Ukraina sharqidagi Lugansk shahrida namoyishchilar Ukraina Milliy xavfsizlik xizmati Bosh qarorgohiga bostirib kirdi.

Yakshanba kuni ertalab Donetsk shahrida ikki mingga yaqin namoyishchi viloyat hokimligi oldida namoyish o‘tkazayotgan paytda bir guruh namoyishchi binoga bostirib kirib Rossiya bayrog‘ini osib quydi.

Lyubov ismli namoyishchi Reyters muxbiriga norozilik aktsiyasida ishtirok etayotgani sababini shunday izohladi.
- Men bu yerga o‘z xalqimni qo‘llab-quvvatlash uchun keldim. Biz (Kiyevdagi) to‘daga qarshimiz. Biz fashizmga qarshimiz. Men Bojxonalar ittifoqi bo‘lishini xohlayman. Kiyev bizni eshitmayapti. Bizni Yevropa Ittifoqi eshitmayapti. Men Yevropa Ittifoqiga murojaat qilmoqchiman. Ular bu yerga Donbassga, Donetskka kelishsin va bizga quloq solishsin. Ular faqat Kiyevdagilarni eshitishadi, dedi Donetsk shahridagi namoyishchi.

Xabarlarga ko‘ra, norozilik aktsiyalari paytida politsiya namoyishchilarga qarshi chora ko‘rmagan.

Ukrainadagi UNIAN agentligi ma‘lumotiga ko‘ra, Lugansk shahrida namoyishchilar Ukraina milliy xavfsizlik xizmati Bosh qarorgohiga bostirib kirayotgan paytda bir namoyishchi ayol va politsiya xodimi jarohat olgan.

6 aprel kuni Ukraina sharqidagi Xar kov shahrida ham Rossiya tarafdorlari norozilik aktsiyalari o‘tkazdi.

Namoyishchilar, o‘tgan oy Qrim Rossiyaga qo‘shilishiga asos bo‘lgani kabi, mustaqillik bo‘yicha referendum o‘tkazilishini talab qildilar.
Fevral oyida moskvaparast Viktor Yanukovich prezidentlik lavozimidan chetlatilganidan beri Ukrainaning rus tilida so‘zlashuvchi janubiy va sharqiy mintaqalarida norozilik aktsiyalari o‘tkazib kelinmoqda.

Ukrainada Rossiya tarafdorlarining namoyishlari Rossiya qo‘shinlari chegara yaqiniga to‘plangan paytda o‘tkazilmoqda.

Namoyishlardan oldin Ukraina xavfsizlik xizmati mamlakatning rus tilida so‘zlashuvchi aholisi yashaydigan sharqiy viloyatida hokimiyatni egallab olishni rejalaganlikda gumonlangan 15 kishi qo‘lga olinganini bildirdi.

Ukraina xavfsizlik xizmatining ma‘lum qilishicha, ular 10 aprel kuni Lugansk viloyatida hokimiyatni qurol yordamida egallab olishni mo‘ljallagan.

Ukraina xavfsizlik kuchlarining amaliyoti chog‘ida katta miqdorda qurollar qo‘lga tushirilgan.

O‘tgan haftada Rossiya Federal xavfsizlik xizmati mamlakatda terror hujumlari uyushtirishni rejalagani gumonlangan 25 nafar ukrainalik hibsga olinganini ma‘lum qilgan edi.
XS
SM
MD
LG