Линклар

O‘zbekiston fuqarosining amaldagi pasportini biometrik pasportga almashtirish bilan bog‘liq savollar dolzarbligicha qolmoqda.

Ozodlikka kelayotgan savollarning ko‘pchiligi pasport almashtirish jarayonining avichipta xaridiga ta‘siriga doirdir.

Muxbirimiz Toshkentdagi bir necha aviakassa bilan bog‘lanib, masalaga oydinlik kiritishga urindi.


“O‘zbekistonda eski pasport bilan hozir aviabilet sotilmayotgan emish. Shu rostmi?”

Ozodlikka kelayotgan ko‘plab savollar shu mazmunda.

Aviachipta sotuvchi Abdulatif Business mas‘uliyati cheklangan jamiyat xodimasining aytishicha, “eski pasportlar 1 iyulgachagina yaroqli. 1 iyuldan keyin eski pasport bilan bilet sotib ololmaysiz.”

Xuddi shunday gapni xorijiy avishirkatlardan birining O‘zbekistondagi vakolatxonasi xodimidan ham eshitdik.

Abdulatif Business vakiliga yana bir savol berdik: agar men 1 iyulgacha uchib, masalan, 1 avgustda qaytmoqchi bo‘lsam, eski pasportimga bilet sotaverasizmi?

Shirkat vakili darhol javob berolmadi va boshlig‘i bilan maslahatlashganidan so‘ng bunday dedi:

- Mumkin emas ekan. Qaytish biletini 1 iyulgacha bo‘lgan muddatgagina eski pasport bilan olishingiz mumkin.

Ayni paytda xorijiy avishirkatlardan birining O‘zbekistondagi vakolatxonasi xodimi xuddi shu vaziyatni boshqacharoq tushuntirgan bo‘ldi.

- 1 iyulgacha eski pasport bilan uchib ketishingiz mumkin. Qachon bo‘lsayam qaytib kelsangiz bo‘laveradiku?! deb hayron bo‘ldi O‘zbekistonda ishlayotgan chet ellik.

Lekin, aytishicha, bu xodim ham 1 iyuldan keyingi kunlarda, masalan, 2 iyulda O‘zbekistondan uchish uchun aviachiptani pasporti eski o‘zbekistonlikka sotmaydi.

Vazirlar Mahkamasining 2014 yil, 6 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elga chiqish tartibini takomillashtirish choralari to‘g‘risida”gi qarorining 1-bandida “2014 yilning 1 iyulidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elga chiqishi faqat biometrik pasportlar bilan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilsin”, deyilgan.

Aviakassalar, aftidan, shu talabdan kelib chiqib avichiptalarni faqat 1 iyulga qadargina eski pasportlarga rasmiylashtirishi mumkin.

Agar biron bir agent 1 iyuldan keyingi muddatga eski pasportga bilet sotib qo‘ygan bo‘lsa ham, fuqaro o‘sha biletdan foydalana olmaydi.

Chunki vazirlar Mahkamasi qarorining 4-bandida Davlat chegara qo‘mitasi va Milliy xavfsizlik xizmatiga 1 iyuldan boshlab tilga olingan qaror talablari bajarilishi ustidan nazorat o‘rnatish yuklatilgan.
XS
SM
MD
LG