Линклар

O‘zbekiston hukumati Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD shirkatidagi 57,12 foizlik aktivlarini Davlat aktivlarini boshqarish markaziga o‘tkazdi. Vazirlar Mahkamasining bu xususdagi qarorida aytilishicha, maqsad so‘nggi 3 oydan buyon ishlab chiqarish oqsab turgan shirkatdagi davlat aktivlaridan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yishdir. Ekspertlar bu qaror ortidan qolgan aktivlari muqaddam Gayane Avakiyanga tegishli bo‘lgan shirkatda tez orada yangi rahbarlar paydo bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Yanvarь oyidan buyon asosiy mahsuloti - Coca-Cola ichimligini ishlab chiqarmayotgan Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD shirkatidagi davlat aktivlari O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markaziga o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Davlat mulkidan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga tayanib berilayotgan xabarlarda aytilishicha, shirkatda O‘zbekiston hukumati ulushi 57,12 foizni tashkil qiladi.

O‘zbekistonda eng xaridorgir ichimliklardan birini ishlab chiqargan va uch oydan buyon ishi yurishmayotgan shirkatdagi davlat ulushlarini o‘z tasarrufiga olgan markaz esa aktivlardan foydalanish samaradorligini qanday qilib oshirishni rejalayotgani hozircha noma‘lum.

Ushbu tashkilotning ismini ochiqlamayotganimiz xodimidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, davlat aktivlarining turiga ko‘ra — "uzoq muddatli yoki joriy muddatli; mulk, ishlab chiqarish uskunalari yoki inshootlar ko‘rinishida; birovdan haqdorlik yoki pul ko‘rinishida ekanidan kelib chiqib" tezkor choralar ishlab chiqiladi.

Shu vaqtga qadar bu aktivlar O‘zbekiston "Oziqovqatsanoat" davlat uyushmasi tasarrufida bo‘lgan. Davlat uyushmasi bu aktivlardan qanday foydalangan, qancha daromad ko‘rgan - bunisi ham jamoatchilikka noma‘lum.

Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD shirkatining Ozodlik muxbiri bilan mikrofonsiz suhbatlashgan mulozimlari esa bu xabarni izohlamadilar.

Ammo, hozircha shirkat tasarrufida ishlab turgan asosiy korxona - Bektemirdagi Megazavod tez orada Coca-Cola ishlab chiqarishni qayta yo‘lga qo‘yishga hozirlik ko‘rayotganini ma‘lum qilindi.

- Coca-Cola ishlab chiqarishda kerak bo‘ladigan kontsentrat postavkasida uzilish bor edi. Shuning uchun uch oycha chiqarmadik. Lekin Bonaqua suvi, Burn enerjayzeri, choylarimiz chiqarilayapti. Bir oyga borib-bormasdan kontsentrat ham kelishni boshlaydi. Problema hal bo‘ladi yaqinda, - dedi shirkat mulozimi.

Ammo, poytaxt bozorlari va savdo do‘konlarida Coca-Cola hanuz kamyobligicha qolmoqda. Toshkentdagi bir qancha savdo do‘konlaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, mahalliy tujjorlar allaqachon bu ichimlikni qo‘shni Qozog‘istondan olib kelishni boshlab yuborgan.

Bu ma‘lumotni xushlamaganini yashirmagan Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD shirkati mulozimi: "Optoviy tochkalarda bizda ishlab chiqarilgan Coca-Cola zapasi oy oxirigacha bemalol yetadi. Qozoq kolasiga joy qoldirmaymiz", deya komili ishonch bilan ta‘kidladi.

7 aprelь kungi rasmiy xabarlarda jamoatchilik e‘tiborini tortgan yana bir jiddiy jihat shirkatdagi davlat ulushining oshgani bo‘lmoqda.

Biroz muqaddam Ozodlik tasarrufiga kelib tushgan hujjatda Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD shirkatiga qarashli aktivlarning 49 foizi ularni Rockdale/Muzimpex shirkati orqali qo‘lga kiritgan Gayane Avakyan hamda o‘zbekistonlik biznesmen Bahodir Karimjonovga tegishli ekani aytilgan.

Bularning ikkisi ham O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning yaqin biznes sheriklari bo‘lgani aytiladi. Ayni kunlarda Avakyan O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan og‘ir iqtisodiy va moliyaviy jinoyatlarda ayblanib¸ hibsga olingan. Karimjonov esa¸ o‘ziga qo‘yilaëtgan ayni mazmundagi ayblardan qochib¸ Dubaydan boshpana topgani haqida ma‘lumotlar bor.

Tahlilchilar so‘nggi rasmiy ma‘lumot bu ikki shaxsga tegishli bo‘lgan 6 foizlik ulush ham davlat tasarrufiga o‘tib ketganini anglatishini aytmoqda.

Bundaylardan biri bo‘lgan toshkentlik iqtisodchi Faxriddin Karimov shu tariqa nazorat paketidagi aktivlar sonini 57 foizga yetkazgan hukumat tez orada shirkatning o‘zini ham qaytadan shakllantirishini kutish mumkin, deb hisoblaydi.

- Nazorat paketiga egalik qilayotgan O‘zbekiston hukumati Coca-Cola shirkatining boshqa egalari bilan kelishadida: "Bu tsentr bizning vakilimiz bo‘ladi", deydi. Tsentr esa kompaniyadagi nosog‘lom muhitni to‘g‘irlash va samaradorlikni oshirish uchun falonchini boshliq qilib qo‘yamiz, deydi. Ya‘ni, ochiq-oydin reorganizatsiya bo‘layaptida, deb hisoblaydi Faxriddin Karimov.

Biroz muqaddam Karimova biznes tizimlarida O‘zbekiston prokuraturasi va MXX oylardan beri o‘tkazaëtgan tekshiruvlar davomida Coca-Cola mahalliy boshqaruvchilaridan ikkitasining hibsga olingani aytilgan edi. Ularga shirkatning 12 million AQSh dollariga teng mablag‘ini noqonuniy o‘zlashtirganlik va mamlakatga olib kelingan 4.6 million AQSh dollarilik shakar uchun soxta deklaratsiya tuzganlik aybi qo‘yilgani aytilgan.

Shuningdek, Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD shirkatining yana ikki boshqaruvchisi Alisher Ergashev va Shohruh Sobirovlar 2012 yil iyulida Shveytsariya prokuraturasi boshlagan jinoyat ishda rasman gumon qilinuvchi shaxs sifatida tirkalgan.

O‘zbekistondagi Coca-Cola menejerlari¸ qolaversa¸ uning rasmiy egalaridan biri bo‘lgan Gayane Avakyan ham Shveytsariya prokuraturasi tomonidan katta miqdordagi pul yuvish amaliëtlarida gumon qilinmoqda.

Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD shirkatining O‘zbekiston prokuraturasi tomonidan hibsga olingan ikki menejerining aynan Shveytsariyadagi jinoiy ish figurantlari bo‘lgan Ergashev va Sobirov ekanini hozircha tasdiqlashning imkoni bo‘lmadi.

O‘zbekiston bozorida 1993 yildan beri faoliyat olib borayotgan “Coca-Cola Ichimligi – Uzbekistan LTD” qo‘shma korxonasi turli idishlarda besh xil – Coca-Cola, Coca-Cola Zero, Fanta, Sprite, Bonaqua va Fuse Tea, Ice Tea salqin ichimliklarini ishlab chiqaradi.

Shirkat O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning sobiq eri¸ AQSh fuqarosi¸ asli afg‘onistonlik o‘zbeklardan bo‘lgan Mansur Maqsudiy oilasi tomonidan Toshkentda tashkil qilingan edi.

2001 yilda O‘zbekiston prezidentining qizi Maqsudiydan ajrashgach, Gulnora Karimova sobiq erining o‘sha paytda 60 million AQSh dollariga baholangan "Coca-Cola Ichimligi - Uzbekistan" korxonasini tortib olgani aytiladi.

2001 yilning avgustida "Coca-Cola Ichimligi - Uzbekistan" kompaniyasida taftish boshlanib, Maqsudiylarning bir qancha qarindoshi qamoqqa tashlangan edi. Keyinchalik Gulnora Karimovaning Coca-Cola kompaniyasi ustidan to‘liq nazorat o‘rnatgani aytiladi.

Coca-Cola shirkatining Rossiya, Ukraina va Belorusdagi filiallarini muoviqlashtiruvchi bo‘limidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, filiallardagi davlat aktivlari soni 50 foizdan oshiq bo‘lgan mamlakatlardan biri O‘zbekiston bo‘lsa, yana biri Xitoydir.
XS
SM
MD
LG