Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 02:27

Duma osonlashtirilgan tartibda fuqarolik berish qonunini qabul qildi


4 aprel kuni Rossiya Davlat Dumasi mamlakat fuqaroligini berish tartibini osonlashtiruvchi qonun loyihasini qabul qildi. Rossiya pasportini olish uchun da‘vogar shaxs o‘z fuqaroligidan voz kechishi, Rossiyaga ko‘chib o‘tishi va rus tilini mukammal bilishi shart.

O‘tgan juma kuni Rossiya fuqaroligini osonlashtirish masalasi yuzasidan parlamentning qonunchilik palatasiga kiritilgan loyiha ikkinchi va uchinchi o‘qishda deyarli bir ovozdan qabul qilindi.

“Rossiya Federatsiyasi fuqaroligi to‘g‘risida” Federal qonun va tegishli boshqa hujjatlarga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, Rossiya fuqaroligi osonlashtirilgan tartibda rus tili ona tili hisoblangan yoki maishiy hayotda undan doimiy foydalanadigan shaxslarga beriladi.

Qonunni ishlab chiqqan “Yedinaya Rossiya” partiyasi deputatlari RSFSR, SSSR yoki Rossiya imperiyasida bir vaqtlari yashagan shaxslarning avlodlari ham olishi mumkinligini ta‘kidlamoqda.

- Biz yurtdoshlarimizni shu yerga, Ona yurtimizga jamlayapmiz. Jarayon boshlandi, uni to‘xtatib bo‘lmaydi, maqsadimiz rus olami, rus madaniyati, rus tamaddunini birlashtirishdir. Mana qaysi nuqtai nazardan biz bu qonunga qarashimiz lozim,- dedi Davlat Dumasi deputatlariga parlamentning Konstitutsiyaviy qonunchiligi va davlat qurilishi qo‘mitasi raisi muovini, “Yedinaya Rossiya” fraktsiyasi a‘zosi Dmitriy Vyatkin.

Asosan MDH davlatlarida yashovchi va Rossiya fuqaroligiga da‘vogarlarga osonlashtirilgan tartibda pasport berilishi uchun Rossiyaga doimiy yashash uchun ko‘chib o‘tish va avvalgi fuqaroligidan voz kechish talab etiladi.

Loyihani qo‘llab-quvvatlagan kommunist deputatlar shu tariqa Rossiya tashqarisida yashovchi 25 million rus millatiga mansub mutaxassislarni jalb qilish mumkinligini uqtirdi.

O‘zini “rus millati himoyachisi” deb hisoblovchi LDPR rahbari Vladimir Jirinovskiyga ko‘ra, bu qonun nafaqat rus millati balki boshqa millat vakillariga ham osonlashtirilgan tartibda fuqarolik berishni ko‘zda tutadi.

- Qonun rus tilida so‘zlovchi barcha shaxslarga tegishli. Ular SSSRda yashagan bo‘lsa, demak har qaysi millat vakili bu qonun doirasiga kiritiladi. Shuningdek, biz ayrim cheklovlarni yo‘q qilish niyatidamiz. Ya‘ni Rossiyaga kelib, rus pasportini olib yashash istagida bo‘lganlar o‘zlari yashagan joylarida yashashni davom ettirishlari mumkin, dedi Vladimir Jirinovskiy.

Deputatlar orasida faqatgina “Spravedlivaya Rossiya” fraktsiyasi deputatlari bu yangilikning joriy qilinishiga qarshi chiqdi. Mazkur partiya rahbari Sergey Mironov yangi tartibdan noqonuniy migrantlar foydalanib qolishi mumkinligidan ogohlantirdi.

- Hukumat tomonidan kiritilgan qonunning eng asosiy kamchiligi shundaki, Rossiya hududida qolayotgan barcha 11 million noqonuniy muhojir bir zumda Rossiya Federatsiyasi fuqaroligini olishi mumkin. Biz qonunni o‘ta soddalashtirilgan va yirik demografik va mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy holatidagi o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin, deb hisoblaymiz, dedi Sergey Mironov.

“Spravedlivaya Rossiya” rus pasportiga da‘vorgarlar sonini keskin kamaytirish uchun oxirigacha kurashishini bildirdi.

Qonun tashabbuschilaridan biri, Duma qo‘mitalaridan birining rahbari Vladimir Pligin jurnalistlar oldida qilgan chiqishida qonun eng avvalo Qrim Respublikasi va federal ahamiyatga ega Sevastopol shahri fuqarolariga tegishli ekanini ham eslatib o‘tdi. U Rossiya fuqaroligini osonlashtirilgan tartibda olish niyatida bo‘lgan shaxslar FMS qoshida tuzilajak maxsus komissiyaga rus tilidan imtihon topshirishini aytdi.

Yangi tartibda fuqarolikka topshirilgan hujjatlar 6 oy o‘rniga 3 oy davomida ko‘rib chiqilishi belgilandi. Da‘vogarlarga vaqtinchalik yashash ruxsatnomasi (RVP) o‘rniga 3 yillik muddatga doimiy yashash ruxsatnomasi (“Vid na jitel stvo”) beriladi. Bundan tashqari, 2 yil davomida bu shaxslar Rossiya fuqaroligiga kirish talabi bilan tegishli idoralarga murojaat qilmasa, ularning doimiy yashash ruxsatnomasi bekor qilinadi.

Rossiya Federal migratsiya xizmati fevralning oxirida 143 ming Ukraina fuqarosi Rossiya fuqaroligini so‘rab murojaat qilganini ma‘lum qildi.

Yangi qonun kuchga kirishi uchun parlamentning yuqori palatasi - Federatsiya Kengashi va Rossiya prezidenti tasdig‘idan o‘tishi zarur.

Ayni paytda, 21 mart kuni Moskvaning Manejnaya va Qizil maydonlari, Davlat Dumasi binosi yonida “Russkiye” millatchilar ittifoqi a‘zolari Markaziy Osiyo va Kavkazorti migrantlariga Rossiya Federatsiyasi fuqaroligini osonlashtirgan tartibda beruvchi qonunga o‘zgartish kiritishga qarshi 20ga yaqin piket va mitinglarni uyushtirgan edi.
XS
SM
MD
LG