Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:14

Hollivuddan anbiyolar qissasi: Nuh haqida fantastik epos


"Noy" filmining Nuh payg‘ambar kemasi qurilishi aks etgan sahnasidan bir ko‘rinish.
"Noy" filmining Nuh payg‘ambar kemasi qurilishi aks etgan sahnasidan bir ko‘rinish.
Dunyo kinoekranlarida 10 kundan buyon muvaffaqiyat bilan namoyish qilinayotgan, hozirdanoq harajatini deyarli qoplagan "Noy"(Nuh) hollivud filmi nasroniy va musulmon jamoalari noroziligiga sabab bo‘ldi. "O‘zbekkino" agentligi filmni avvaliga taqiqladi, ammo oz o‘tib “hech bir millat va din vakillarini kamsitmaydi” degan xulosa bilan uning namoyishiga ruxsat berdi.


Dastlab, Injilga asoslangan fantastik epos haqida:

Keyingi kunlarda bahslarga sabab bo‘layotgan “Noy” filmi 27 mart kuni taqdim etildi va aprelь oyining ilk haftasidayoq ijodkorlarga sarflangan 125 million dollarning 111 million 354 ming dollarini qaytardi.

Hollivudda ishlangan bu film Qur‘onda besh buyuk payg‘ambardan biri sifatida ulug‘langan Nuh alayhissalom, Injilda esa Noy, deb kelgan payg‘ambar tarixini hikoya qiladi.

Odam Ato va Momo Havodan keyin boshlangan hayotni batamom yo‘q qilgan buyuk to‘fon va unda Nuhga ergashgan bir hovuch iymon keltirganlar hamda hayvonot va nabodot olamini saqlagan kema qissasi jonlantiriladi.

Voqealar zanjiri va ekranga olib chiqilgan obrazlar ko‘proq insoniyat tarixining Injildagi talqiniga yaqinroqdir. Ammo, 13 yoshidan boshlab Nuh payg‘ambar hayotiga qiziqib qolgan rejissyor Darren Aronofski Injildagi Noy (Nuh alayhissalom) qissasini o‘z ta‘biga ko‘ra o‘zgatirgan.

Aronofski versiyasida:

... To‘fon oldidan kelgan qurg‘oqchilik bois o‘ta kambag‘allashgan va ocharchilikdan bir-birin g‘ajiy boshlagan olomonga qarshi turgan Noy odamlarni Parvardigorga iymon keltirishga chaqirishdan to‘xtamaydi.

Odamlar iymonga kelmaydi. Parvardigor Noyning da‘vatlariga quloq solmaganlarga jazo – buyuk to‘fonni va‘da qiladi. To‘fon yer yuzida insoniyatni to‘liq tugatish uchun Parvardigor tomonidan jo‘natilgan jazo edi. Noy zimmasidagi vazifa esa zulm, jaholatga qodir bo‘lmagan hayvonot va nabodot olaminigina saqlab qolishdir.

Butun hayvonot olamini jufti bilan bir nusxadan o‘at bahaybat kemaga joylagan Noy oilasida insoniyat naslini davom ettiruvchi ayol yo‘q. Ikki ayoldan biri - rafiqasi tug‘ish yoshidan o‘tgan. Yoshgina kelinini esa bepusht, deb biladilar.

Ammo, Xudovand uning bepusht keliniga egizak qizlarni berib, Noyni qattiq sinovga soladi. filmda Injilda kelgani kabi Parvardigorning irodasiga so‘zsiz itoat qilishga buyurilgan Noy egizak nabiralarini o‘ldirish o‘rniga ularning hayotini saqlab qoladi.

Kelini Ila so‘zlari bilan aytganda, "eng so‘nggi onda rahm-shafqat va mehr-muhabbatni tanlaydi". Ya‘ni, to‘fondan so‘ng yer yuzida izi qurishi kerak bo‘lgan insoniyatni Noy qutqarib qoladi...

Darren Aronofski o‘z kinoasarida tomoshabinning butun e‘tiborini Noyga tortadi va muhimi, Xudo tanlov ixtiyorini unga bergan, deb talqin qiladi. U bu filmni din tarixidan hikoya qiluvchi asar emas, balki insoniyat tarixidan hikoya sifatida havola qiladi. filmda ham diniy kontekst berilmaydi, hatto "payg‘ambar" so‘zi ham tilga olinmaydi.


Ammo Aronofski 125 million AQSh dollariga ekranlashtirgan asari Injildagi Nuh payg‘ambar qissasiga asoslanganini e‘tirof etadi va shu bois ham uni “Injildan ilhom olib ishlangan fantastik epos”, deya taqdim qiladi.

Bir qarashda bu film – keyingi yillarda Hollivud rejissyorlari olayotgan boshqa kassabop filmlardan deyarli farq qilmaydi. Zero, Nuh alayxissalom tarixidagi voqeaning o‘zi - buyuk to‘fon va insoniyat boshiga tushgan musibatdan bir hovuch iymon keltirganlarning omon qolishi, ayniqsa, 3D rusumidagi film uchun o‘ta qizirqali qissadir. Rassel Krou, Emma Uotson, Jennifer Konelli, Entoni Hopkins kabi yulduzlar, odatdagidek rollarini qoyilmaqom qilib ijro etganlar.


Ammo, konservativ nasroniylar filmidan norozi:

To‘g‘ri tushuntirishga urnishlariga qaramay, AQShdagi taqdimot marosimidan keyinoq “Noy” filmi ustida bahsu munoazarlar boshlanib ketdi.

AQShdagi ayrim konservativ nasroniy jamoalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri payg‘ambar nomi bilan atalgan va shu bois, ko‘proq diniy mazmun kasb etadigandek ko‘ringan bu asarda payg‘ambar tarixi buzib ko‘rsatilgan, deb norozilik bildirdilar.

Nasroniy jamoasi yetakchilaridan biri: “Otasi yoki onasi nima desa desin, bolalar tokchada chang bosib yotgan Injilni qanchalik hijjalamasin, Noy payg‘ambar hayoti haqida Hollivud yaratgan hikoya ularning ongiga manguga muhrlanadi. Bu bugungi kinoindustriyaning o‘ta xavfli jihatlaridan biridir”, deb bayonot berdi.

Natijada, filmni tayyorlagan Paramount Pictures shirkati film tadimotidan so‘ng uning izohiga “bu film Injildagi Noy payg‘ambar hikoyasining ayni talqini emas” mazmunidagi qo‘shimchani ham qo‘shdilar.

Injildan ilhom olingani va unda Noy (Nuh) payg‘ambarning o‘zi ham aks ettirilgani uchun hali film taqdim etilmasidan turib uni qator musulmon davlatlari - Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Pokiston, Malayziya, Indoneziya hamda Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlari taqiqladi.

Aholisi musulmon bo‘lgan O‘zbekistonda esa bu film taqdimotidan bir kun o‘tib - 29 mart kuni taqiqlandi va bu taqiq ko‘proq litsenziyaga oid tartib-qoida buzilganiga asoslandi.

Mamlakat hududiga kirib kelayotgan diniy mazmundagi matn, audio-video materiallar mazmuni uchun mas‘ul O‘zbekiston Musulmonlari idorasi esa bunday filmning mamlakatga kirib kelganiyu, ekranga chiqqanidan bexabarligini ma‘lum qildi.


Muhimi, "O‘zbekkino" filmga taqiqni 3 kunda qaytib oldi:

3 aprelь kuni “O‘zbekkino” agentligiga bog‘langan Ozodlik muxbiri “Noy” filmini O‘zbekistonda namoyish etishga qayta ruxsat berilgani haqidagi ma‘lumotni oldi. Agentlik 28 mart kuni film namoyishini taqiqlagan edi.

Agentlik mutasaddisi 28 mart kuni agentlik qoshidagi maxsus hay‘at filmni ko‘rikdan o‘tkazgani va uni taqiqlashga hech qanday asos yo‘q, degan xulosaga kelganini aytdi.

filmni ko‘rgani va undan juda ta‘sirlanganini yashirmagan mutasaddi so‘zlaridan tushunilishicha, agentlik ekspertlari bu filmni “hech bir millat, elat va din vakillarining haqqiga, muqaddas tushunchalariga daxl qilmaydigan, insoniyat tarixidagi buyuk to‘fonni ta‘sirli qilib yoritgan va bugungi dunyoning rahmsizlashib borayotgan ahliga yaxshilik va yomonlik oqibatlarini aniq ko‘rsatgan” deb topishgan.

Shu bois, uning qayta namoyish etilishiga ruxsat berilgan va litsenzion masalalar ham darhol hal qilingan.

Toshkentdagi qator kinoteatrlarga bog‘langan Ozodlik muxbiri “Noy” filmi aprelь oyi boshidan namoyish qilinayotgani va, asosan, yoshlar katta qiziqish bilan tomosha qilayotgani haqidagi ma‘lumotni oldi.

“Endiii, Gollivud ishlagandabu kinoni. Rassel Krou rostdan juda zo‘r o‘ynagan, kino ZD. Kirganlar zo‘r ekan, deb chiqyapti”, dedi Aziya kinoteatri kassasidagi xodimlardan biri.

Toshkent kinoteatrlaridan yana birining, aftidan din tarixidan umuman xabari bo‘lmagan pattasichisi muxbirning “Nuh payg‘ambar haqidagi kinoni qo‘yapsizlarmi?” degan savoliga: “Qanaqa payg‘ambar? Bu kino Nuh payg‘ambarmas, Noy kovchegi haqidayu, katta potop haqida bu film. Unda payg‘ambar-mayg‘ambar yo‘q”, deb javob berdi.


Ayni paytda Musulmonlar idorasi hanuz "Noy"dan bexabar:

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, shayx Abdulaziz Mansur mamlakatga kirib kelayotgan diniy mazmundagi materiallar mazmunini tekshirib beruvchi maxsus hay‘at raisidir.

Ma‘lum bo‘lishicha, "Noy" filmni ularning ko‘rigiga taqdim qilinmagan va shayx hazratlari film mazmunidan bexabar.

Qur‘on ma‘nolarini tarjima qilgan shayx Abdulaziz Mansur payg‘ambarlar tarixiga oid musulmon bo‘lmagan davlatlar, xususan Hollivud olgan filmlarni ma‘qullamasligini aytadi.

Ammo, u kishi yoshlik paytlarida Injil asosida olingan bir filmni tomosha qilganini xotirladi.

- Birinchidan, o‘tgan yili men Riyod shahrida bo‘lgan Islomiy ulamolar anjumanida qatnashdim va unda payg‘ambarlar rolini aktyorlar o‘ynashi shar‘an mutlaqo mumkin emas, degan qaror qabul qilindi. Sahobalar rolini o‘ynash masalasida esa kengash kelisha olmadi va keyingi yig‘ilishga qoldirildi. Endi hozir musulmonlar payg‘ambarlar haqida film olinganini eshitsa, kim ishlaganiga qaraydi va agar musulmonlar olmagan bo‘lsa, ko‘rmaydilar. Chunki, ular ko‘proq Injilga tayanib kino oladilar, - deydi shayh hazratlari.

Shayx hazratlarining aytishicha, hozir O‘zbekistonda payg‘ambar tarixi haqida kino olish istagini bildirgan ijodkorlar yo‘q.

- 1995 yillarda ikki buyuk muhaddis - Imom Buxoriy va Imom Termiziylar to‘g‘risida filmlar ishlangan edi. Men diniy maslahatchi bo‘lganman. Qani endi shunaqa filmlarni olishsa, bizda diniy qadriyatlarni tiklashga chaqiriladiyu. Bizda diniy manbalar, ma‘lumotlar juda ko‘p va ishonchli, - deb orzu qildi shayx hazratlari.

Quyida u kishi bilan qurilgan suhbatni to‘liq tinglash mumkin:
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:36 0:00
Бевосита линк


Aslida payg‘ambarlar tarixi Islomda ixtilofli mavzu:

Payg‘ambarlar tarixiga oid ma‘lumotlar nafaqat turli dinlar, balki Islomiy manbalarda ham bir-biridan farq qiladi va shu bois, ixtiloflar mavjud.

- Bunday ixtiloflarning bo‘lishiga ruxsat beriladi. Chunki, har bir roviy bilganini yozib, aytib ketish kerakda. Masalan, ba‘zi roviylar Nuh alayhissalom suvda 40 kun yurgan, yana biri bir oy, 10 kun yoki bir yil, degan rivoyatlarni yozganlar va hikoyasi oxirida "vallohi-a‘lam" - ya‘ni, haqiqatni Olloh biladi, deb yozib qoldirishgan, - shayx Abdulaziz Mansur.

Shuningdek, musulmon roviylardan qolgan qissalarda Nuh alayhissalomning 4 o‘g‘li bo‘lgani, ulardan Xom, Som va Yofas iymon keltirgani, yana bir o‘g‘li Yom esa kofirlardan bo‘lgani aytiladi. Ba‘zi manbalar Yomga qo‘shilib Nuhning xotini ham kofirlar sirasida suvga g‘arq bo‘lgani, ba‘zi manbalar esa Nuh alayhissalomning iymon keltirgan yana bir xotini u bilan omon qolganini aytadi.

Buyuk to‘fondan omon qolgan musulmonlan soni ham islomiy manbalarda farq qiladi. Ularning soni turli manbalarda 6 kishi, 8 kishi, 18 kishi, 40 kishi va 80 kishi, deb keltiriladi. Kemaning hajmi va voqealar sodir bo‘lgan kezda Nuh alayhissalomning yoshi borasida ham farqli ma‘lumotlar bor.

Ammo, bunday farqlar Islom tarixiga oid manbalarida qanchalik ko‘p bo‘lsa, Nasroniy va Yahudiy jamoalar muqaddas kitoblari hamda roviylari qoldirgan manbalarda ham shunchalik ko‘p.

Darren Aronofskiy sahnaga olib chiqqan "Noy" filmidagi mazmun bularning birortasiga aynan o‘xshash, hatto yaqin emas.


Vaholanki, anbiyolar qissalari hanuz bitilmoqda:

Dunyoning turli davlatlarida islom olimlari hanuz payg‘ambarlar qissalarini jamlab, nashr qilmoqdalar.

Turkiyada esa yilda bir bor eng yaxshi qissalar to‘plamini yozgan adiblar yoki yoddan hikoya qilib beradigan roviylar tanlovi bo‘lib o‘tadi. Saudiya Arabistonida ham payg‘ambarlar hayotiga oid ma‘lumotlarni yangidan jamlagan va hikoya qilganlar taqdirlab boriladi.

2009 yilda yilda ana shunday to‘plamlardan biri - 4 tomlik "Payg‘ambarlar tarixi" to‘plamini o‘zbek tilida chop ettirgan shoir va o‘zbek muholifati faoli Muhammad Solih 8 yil davomida islom olamida eng ishonchli, deb tan olingan 15 ta manbadagi ma‘lumotlarni jamlaganini aytadi.

- Bu kitobni men umrimning eng asosiy ishi, deb bilaman. 8 yil davomida eng ishonchli manbalardan ma‘lumotlar olingan va tarjima qilingan. Unda mening o‘zimdan bitta so‘z ham qo‘shilmagan. Biz va farzandlarimizda bunday bilimga juda katta ehtiyoj bor, - deydi Muhammad Solih.

U ham shu kunlarda toshkentlik yoshlar Nuh payg‘ambar tarixini Hollivuddan tinglab, tomosha qilayotganidan hali xabar topmaganini aytdi.

- Albatta, payg‘ambarlar hayoti haqidagi eng to‘g‘ri va ishonchli manbalarga asoslangan kitoblar, vizual ma‘lumotlar, ya‘ni shunday filmlarga ham katta ehtiyoj bor. Lekin, tabiiyki bunday filmlar shariat talabi asosida olinishi shart. Ya‘ni, yaxshilik qilaman, deb Islomga zarar keltirib qo‘ymasligimiz, shirk keltirib qo‘ymasligimiz kerak, - deydi suhbatdosh.

Quyida Muhammad Solih bilan u chop ettirgan "Payg‘ambarlar tarixi" kitobining nashrga tayyorlanishi, islomiy manbalardagi farqlar, taqdir tushunchasi va boshqa masalalarda bafurja qurilgan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin:
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:56 0:00
Бевосита линк
XS
SM
MD
LG