Линклар

Suriyada xorijiy janggarilarga tegishli ekani aytiladigan Internet saytlaridan biriga Tojikiston fuqarolarining o‘z pasportini yoqayotgani aks etgan videotasvir qo‘yildi. Bu videoda tojik janggarilari endi vataniga qaytmasligi va shahid bo‘lish uchun Suriyaga borganini aytadi.

Rus tilidagi islomiy saytlardan biri jang qilgani Suriyaga borgan tojikistonlik besh fuqaro o‘z pasportini namoyishkorona yoqayotgani aks etgan uch minutlik videoni joylashtirdi. Shu yo‘l bilan ular Bashar Asad rejimiga qarshi jang qilgani kelgani va bu jihod yo‘lidan qaytmasligini namoyish qilishi aytilgan.

Videotasvir tojikcha subtitr bilan sharhlangan. Kadr ortida rus va tojik tilidagi so‘zlashayotganlardan biri rus tilida aniq-tiniq qilib shunday deydi:

“Mana yangi birodarlarimiz jihod uchun kelishdi, inshaalloh, bu kufr tojik pasportlarini, inshaalloh, biz yoqamiz, va bizning niyatimiz, inshaalloh, bu kufrga boshqa qaytmaslikdir!”


Bundan keyin Tojikistonning to‘rtta xorijiy pasporti va bitta ichki pasport namoyishkorona yoqila boshlaydi. Kadr ortidan eshitilgan ovozlardan, jihodga kelgan janggarilarning jiddiy maqsadlari borligi, Suriya janggohlarida oxiriga qadar kurashib, shahid bo‘lmoqchi ekani anglashiladi.

Pasportlar yondirilishi jarayoni “Allohu Akbar” qichqiriqlari va rus tilida yozilgan “Biz Tojikistondagi kufrga ham yetib boramiz” degan yozuvlar bilan davom etadi.

Pasport yondirish marosimidan so‘ng rus tilida gapiruvchilar safiga yangi qo‘shilganlarni “kufrdan xalos bo‘lgani va Iroq va Shom davlatlarining fuqarolari” bo‘lgani bilan tabriklashadi.

Video Internetga 7 aprel kuni joylashtirilgan. Tasvirning haqiqiyligi, kuni va olingan joyini aniqlashning hozircha imkoni bo‘lmadi. Shuningdek, pasport yoqayotgan shaxslarning ham yuzi ko‘rsatilmagan, ya‘ni bu kimsalarning shaxsini aniqlash ham hozircha imkonsiz.

Janggari guruhlarga tegishli ko‘rilgan yana bir Internet saytida Suriyada jihod qilgan tojikistonlik va o‘zini Abu Ahmad Tojikiy, deb tanishtirgan shaxsning mart oyi oxirida o‘lgani xabar qilingan.

Ko‘lob shahrining 9-mikrorayonida yashaydigan bir necha kishi Ozodlikning tojik xizmatiga qo‘ng‘iroq qilib, Abu Ahmad Tojikiyni tanigani, bu odam ularning hamshahari 26 yoshli Baxtiyor Sherov ekanini aytgan. Baxtiyor bundan ikki yil oldin Rossiyaga mehnat muhojirligiga ketgan va so‘nggi bir necha oydan buyon bedarak qolayotgan edi.

Baxtiyor Sherov Suriyadagi janglarda halok bo‘lgan to‘rtinchi tojikistonlikdir. Bundan ilgari Suriyadagi janglarda ikki ko‘loblik va bir voselik halok bo‘lgani xabar qilingan edi.

Tojikiston hukumati taxminicha, Bashar Asad rejimiga qarshi kurashda ikki yuzga yaqin tojikistonlik ishtirok etmoqda. Tojik hukumati bundan jiddiy xavotir bildirgan.
XS
SM
MD
LG