Линклар

logo-print
Ozodlikka Farg‘onadan kelgan bir maktub muallifi o‘zi yashab turgan hududda oilalar buzilib ketayotganidan tashvish bildirdi. Xat muallifi oilalar buzilishi ortida aksariyat hollarda mayda maishiy sabablar yotganini yozdi. Masalaning muammo darajasiga yetayozganini u masjidlar imomlari o‘z ma‘vizalarida shu mavzuga ko‘proq e‘tibor qarata boshlaganidan ham sezgan.

Muxbirimiz mavzuni o‘rganar ekan, viloyatning ba‘zi tumanlarida ajralishlar bir yilda 20 foyizdan ko‘proqqa oshganini aniqladi.

Eng avvalo O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi yaqinda e‘lon qilgan ma‘lumot bilan tanishing: 2013 yili mamlakat bo‘ylab 303,7 ming nikoh va 24 ming ajralish qayd etilgan.

Ya‘ni 1000 kishiga 10 nikoh to‘g‘ri kelgan va 2012 yilda ham xuddi shunday ko‘rsatkich qayd etilgan.

Nikohlar sonida o‘zgarish qayd etilmagan bir paytda ajralishlar soni oshgan. 2012 yili har 1000 kishiga 0,6 ajralish to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2013 yili har 1000 kishiga 0,8 ajralish to‘g‘ri kelgan.

Bir qarashda butun mamlakatning bu o‘rtacha ko‘rsatkichi katta tashvish uchun asos bo‘lolmaydiganday.

Biroq alohida bir tuman ko‘rsatkichi ancha tashvishlidir. Masalan, Farg‘ona viloyat Buvayda tumanida 2012 yili hammasi bo‘lib 65 oila ajrashgan bo‘lsa, 2013 yili bu ko‘rsatkich 87 oilani tashkil qilgan. Demak, Buvaydada ajralishlar soni bir yilda 20 foizdan ko‘proqqa oshgan. Keltirilgan raqamlar Ozodlikning tuman hokimligidagi manbasidan olindi.

O‘zbekistonda oilani saqlab qolishga mahalla faollari hamda davlat tashabbusi bilan tuzilgan nodavlat tashkilotlar jalb etilgan.

“Mahalla” xayriya jamg‘armasi o‘sha tashkilotlardan biri bo‘lib, uning Buvayda tuman bo‘limi vakili ajralishlarning oldini olish bo‘yicha olib boriladigan ishlar to‘g‘risida gapirar ekan, bunday dedi:

- Mahallalarning maslahatchilari bor. Ular o‘z hududidagi notinch olilalarning hammasini biladi. Notinchlik sababini o‘rganishadi. Iloji boricha yarashtirishga harakat qiladi, dedi “Mahalla” jamg‘armasi vakili.

Uning aytishicha, mahallalardagi yarashtiruv komissiyalari juda toqatli bo‘lib, ajrashmoqchi bo‘lgan er-xotin mojarosini “necha marta kerak bo‘lsa, shuncha marta ko‘rib chiqishga tayyor”.

- Mahallaning yarashtiruv komissiyasi ajrashmoqchi bo‘lgan oila masalasini necha marta ko‘radi?

- Ko‘ro‘vradi yarashtirguncha...

Oxir-oqibat mahalla darajasida yarashtirishning imkoni topilmasa, er-xotin... yo‘q, sudga emas, tuman yarashtiruv komissiyasiga chaqirtiriladi.

- Agar mahallaning kuchi yetmasa, tuman yarashtirish komissiyasiga tavsiya etiladi. Tuman komissiyasi ham yarashtira olmasa, sudga berishi mumkin. Lekin biz sudga ber, deb aytmaymiz, dedi “Mahalla” xayriya jamiyati Buvayda tuman bo‘limining o‘zini tanishtirmagan vakili.

Pensioner Ma‘rufjon aka Abdurahmonov Farg‘ona shahri, Ma‘rifat mahallasi yarashtiruv komissiyasi a‘zosi. U ham keyingi paytlarda ajralishlar ko‘payib borayotganini e‘tirof etdi. Lekin Ma‘rufjon aka shahar ko‘rsatkichlarini pasaytirmaslik uchungina nima qilib bo‘lsa ham oilani saqlab qolish tarafdori emas.

- Men o‘shanday “razbor”larda ishtirok etib, er-xotinning bundan buyon birga yashay olishiga ko‘zim yetmasa, buni darhol o‘zlariga aytaman. Ikkalalaring ham bir-birlaring uchun butunlay yot odam ekansizlar, ajralasha qolinglar, deyman. Chunki yaxshilik bilan ajrashishni ham bilish kerak, dedi Ma‘rufjon aka Abdurahmonov.

Mavzuni o‘rganishimizga turtki bergan tinglovchimiz “masjidlar imomlari o‘z ma‘vizalarida shu mavzuga ko‘proq e‘tibor qarata boshlagani” to‘g‘risida yozgani uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muovini shayx Abdulaziz Mansur bilan ham bog‘landik.

Olimning aytishicha, imomlarning oila masalalariga ko‘p to‘xtalayotgani rost va imomlarga tavsiya etilayotgan mavzular tezislarini yozishda shaxsan o‘zi ham ishtirok etadi.

Shayx Abdulaziz Mansurning fikricha, yosh kuyov-qalliq dunyoqarashining bir-biriga mos kelmasligi, quda tutinayotgan oilalar moddiy imkoniyatlarining turlicha ekanligi, ikki yoshning ko‘ngliga qarashning o‘rniga ota-onalar o‘z qarashlaridan kelib chiqib xudbinlik qilayotgani, kelinning to‘ydan keyinoq homilador bo‘lmasligi, ya‘ni kuyov tomonning sabrsizligi, ish izlab boshqa davlatlarga ketgan erlarning oilasidan xabar olmay qo‘yayotgani kabi sabablar oilalar buzilishiga olib kelmoqda.
XS
SM
MD
LG