Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:40

Podmoskovyeda er-xotin o‘zbek ikki bolasini pullaganlikda ayblanmoqda


Moskva viloyatida politsiya xodimlari o‘z farzandini sotishga uringan O‘zbekiston fuqarolarini qo‘lga oldi. O‘zbekistonlik er-xotin bir yarim yoshli o‘g‘il va yangi tug‘ilgan chaqaloq qizini 1 million rublga mahalliy televideniye xodimlariga sotishga uringan. Butunrossiya “Yoshlar” harakati faollari Rossiyaga kiritilayotgan har bir norasida mehnat muhojiri farzandini qat‘iy nazorat ostiga olish va daktiloskopiya qilish taklifi bilan chiqmoqda.


“Har bir bola uchun 500 ming rubl bering!”

Podmoskovyening Vidnoye shahri yaqinida ikkita bolasini 1 million rublga (28100 AQSh dollariga) pullamoqchi bo‘lgan 38 yoshli ayol va 42 yoshli erkak er-xotinlar qo‘lga olindi.

7 aprel kuni soat 16:00 dan 17:00 lar orasida Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi o‘zbekistonlik er-xotin Moskva viloyati Lenin tumani Ashcherino qishlog‘ida 18 oylik o‘g‘il va 1 oyga to‘lmagan chaqaloq qizini har birini 500 ming rublga sotmoqchi bo‘lgan paytda ushlanganini ma‘lum qildi.

“O‘zbekistonliklarga nisbatan Rossiya Federatsiya Jinoyat Kodeksining 127.1 moddasi 2 qismi qator bandlari asosida Moskva viloyati bo‘yicha Tergov qo‘mita boshqarmasi tomonidan jinoiy ish ochildi”, deydi hodisa tafsilotlarini gapirib bergan viloyat Tergov boshqarmasi rasmiysi Ol ga Vradiy.

- Ular ikki nafar voyaga yetmagan farzandini sotishga uringanlikda ayblanmoqda. Tergov ma‘lumotlariga ko‘ra, ular 1,5 yashar bolacha va 1 oylik qizchani avtomashina salonida 1 million pul evaziga sotayotgan paytda ushlandi. Hodisa joyi ko‘zdan kechirilganda bir million rubl miqdorida pul va bolalarini sotish to‘g‘risidagi tilxat musodara qilindi, dedi tergovchi Ol ga Vradiy.

Moskva viloyat Tergov boshqarmasi bola sotishda ayblanayotgan shaxslarni qo‘lga olishda ko‘mak bergan REN-TV kanali muxbirlariga alohida minnatdorchilik bildirayotganini ma‘lum qildi.

Aniqlanishicha, hodisadan bir kun oldin jurnalistlar tuman hududida ikki nafar farzand sotilayotgani to‘g‘risida osilib turgan e‘longa ko‘zi tushib qolgan. Ular qiziqib qolib, zudlik bilan politsiyaga xabar qilgan va “ota-ona” bilan uchrashuvga “farzandsiz mahalliy fuqarolar” ko‘rinishi ostida yashirin kamera va diktofon osib olgan telekompaniya xodimlari kelgan.

" - Bollarni so‘rab bizdan boshqa birov keldimi?
- Ha, ruslar keldi. Yosh er-xotin ekan. Bilmadim, shu ayoli yoqmadi menga, bergim kelmadi.
- Rahmingiz kelmayaptimi?
- Yo‘q, jonimga tegib ketdi, charchadim bulardan. Har biriga 500 ming rubldan so‘rayapman – men o‘z yurtimda kvartira sotib olmoqchiman", deydi tortinmasdan tergov tomonidan ismi oshkor etilmayotgan ayol yashirincha yozib olingan tasvirda.

Shu payt “xaridor”lardan biri 1,5 yashar bolakayning yuzi ko‘karganini ko‘rib qoladi va buning sababini onasidan so‘raydi. Ona bolalarning tarbiyasi bilan shug‘ullanishga vaqti yo‘qligi va barcha masalalar shafqatsizlik bilan hal etilishini aytadi.

"Men bugun uni qattiq urgan edim! Jonimga tegdi: mana u yerdagi tovani olib, ichidagi yog‘ini yotoq joyimizga quyib tashlabdi. Chiday olmadim – bu ikkalovi meni asabiy tutqanoqqacha olib boryapti", deydi kulimsirab savdogar ona.

So‘rab-surishtirib, jurnalistlar bu ayolning O‘zbekistonda uch nafar farzandi borligi, yangi tug‘ilgan chaqaloq ularni xonaga olib kelgan erkakdan tug‘ilgani, bu bolaning otasi noma‘lum ekanini biladi. Boz ustiga, bu erkak uning shunchaki vaqtinchalik birga yashab turishga olgan jazmani ekani aniqlanadi.
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:34 0:00
Бевосита линк


Go‘dak qizchaning otasi Vidnoye shahrida farrosh bo‘lib ishlar ekan. Bolalar bilan uyda o‘tirgan ona esa farzandlari nima uchun sotilayotganini, hatto so‘rab ko‘rmagani REN-TV jurnalistlarini hayratga soldi.

Hozirda ota-onasidan mahrum etilgan bolalar mahalliy shifoxonaga ko‘rikka jo‘natildi va tergov yakuniga qadar shifokorlar va ijtimoiy xizmat xodimlari qaramog‘ida qoladi. Tergovchi Ol ga Vradiy shifokorlar go‘dakning ahvoli yomonlashib borayotgani to‘g‘risida tashhis qo‘yganini aytdi: ona bolani muntazam ovqatlantirmagan.

Moskva viloyat tergov qo‘mitasida Ozodlikka aybdor deb topilsa, o‘zbekistonlik er-xotin 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkinligini bildirishdi.

Hozircha o‘zbekistonlik savdogar ota-ona sud qarori bilan tergov yakuniga qadar hibsga olingani aytildi.


“Muhojirlar farzandlari qat‘iy nazoratga olinishi kerak!”

Ozodlik bu kabi hodisalar ayniqsa so‘nggi paytlarda ko‘payib ketilganini kuzatmoqda.

Butunrossiya “Yoshlar” harakati rahbari Maxsud Abdujabborov Rossiyada so‘nggi paytlarda bolalar tashlanayotganiga qarshi qattiq choralar qo‘llash kerak, degan tashabbus bilan chiqmoqda.

Vidnoyedagi hodisa, uningcha, Moskva va Rossiyaning boshqa o‘lkalarida o‘zbek jamoalariga harakat qilishga turtki bo‘lishi kerak.

- Peterburg bo‘yicha raqamlarni keltiraman: o‘tgan 2013 yil davomida 210 nafar boladan ota-onasi voz kechdi! Bularning hammasi muhojir, eng dahshatlisi – o‘zbekistonlik ayollar voz kechgan bolalar. Men Tojikiston, Qirg‘iziston to‘g‘risida gapirmayapman... Asosan, o‘zbek ayollar tashlayapti yoki sotayapti: bir joyda 25 ming rublga, boshqa joyda 80 ming rublga. Mana Moskvada bolaning “narxi” 1 millionga yetibdi, - deydi vaziyatga jiddiy yondashish kerakligini aytayotgan Maxsud Abdujabborov.

“Yoshlar” faoli yaqinda bu masala yuzasidan Peterburg va Moskva bolalar ombudsmanlari va Davlat Dumasiga Rossiyaga kiritilayotgan barcha muhojirlar bolalaridan barmoq izlarini olish tashabbusi bilan chiqqanini ma‘lum qildi.
U shu tariqa yo‘qolgan yoki tashlab ketilgan bolalarning ota-onasini topish oson bo‘ladi, degan umidda.

- “Yoshlar” guruhi Davlat Dumasiga muhojirlar bolalaridan barmoq izlarini olish tashabbusi bilan chiqdi, chunki Rossiyada so‘nggi ikki yilda tashlab ketilgan bolalar soni keskin ko‘payib bormoqda. Mana oxirgi hodisa: kuni kecha Peterburg markazida ko‘rinishidan osiyolik bo‘lgan 5 yashar qizcha tashlab ketildi. 1,5 oy bo‘ldi – hech kimini topa olmayapmiz. Bola turkiy tillarni tushunadi, lekin ruscha gapiradi. Qonun bo‘yicha, Rossiyaga ota onasi bilan kirib kelgan bola 3 oy yashashi mumkin, keyin u chiqib ketishi kerak, aks holda noqonuniy holatga o‘tadi. Ota-onasiga muammo tug‘dirayotgan bolalar tashlab ketilyapti! Shu sababli, 3 oydan ortiq yashagan bolalar ota-onasi ruxsati bilan albatta, daktiloskopiya qilinishi kerak, deya o‘z pozitsiyasini tushuntirdi “Yoshlar” harakati rahbari Maxsud Abdujabborov.

Jamoatchilik harakati vakili tashlab ketilgan va ko‘rinishidan osiyolik bo‘lgan bolachalar mahalliy ruslarni unchalik qiziqtirmaydi, ya‘ni ular umr bo‘yi bolalar uyida qoladi.

Bu Rossiyada o‘z farzandini pullashga qo‘l urgan o‘zbekistonlik muhojirlar bilan bog‘liq birinchi hodisa emas.

Shu yilning fevral oyida Sankt-Peterburg shahrida ikki nafar o‘zbek ayol yangi tug‘ilgan chaqaloqni 80 ming rublga (2250 dollar) sotishga uringan paytda qo‘lga olingandi.

Samarada o‘zbek ayoli 4 oylik go‘dakni 35 ming rublga pullayotganda hibsga olingan va 17 yoshli ona politsiyachilarga bolasini sotib, topgan pulni Rossiya pasportini sotib olishga sarflamoqchi bo‘lganini aytgandi.

2012 yilning 7 mayida Moskva shahrida o‘z bolasini operativ xodimlariga 150 ming rublga pullayotgan 27 yoshli qirg‘izistonlik ayol va 23 yoshli o‘zbekistonlik erkak hibsga olingandi.

2011 yilning 22 martida soat 11 larda Krasnogorsk shahrida joylashgan “Ashan” gipermarketidagi oziq-ovqat aravachasida 7 oylik Amirjon To‘xtayev tashlab ketilgandi.

Leningrad viloyati Roshchino qo‘rg‘onida o‘zbek millatiga mansub erkak axlat konteyneriga bir oylik chaqaloqni tashlab ketgandi.

2010 yil 17 may kuni Mitishchi shahar kriminal militsiya xodimlariga mahalliy bozorda o‘z bolasini 10 ming rubl pulga taklif qilayotgan o‘zbekistonlik muhojir ayol qo‘lga olingandi.

2009 yilda Moskva yaqinidagi Istra shahrida tojikistonlik 26 yoshli yigit unga tashlab ketilgan 1 yashar bolani 30 ming AQSh dollariga organ savdogarlariga sotmoqchi bo‘lgan vaqtda qo‘lga olingandi.

2008 yilda Yekaterinburgda o‘zbekistonlik 44 yoshli ayol farzandini 30 ming rublga sotayotgan vaqtda qo‘lga olingan va keyinroq 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
XS
SM
MD
LG