Линклар

logo-print
Toshkent viloyati, Bo‘ka tumani sudi 19 yoshli Qozog‘istonda ishlab, O‘zbekistonga qaytayotganida qo‘lga olingan Homidjon Abudrahimovni besh yarim yilga ozodlikdan mahrum etish haqida 17 mart kuni hukm chiqargan.

Sudning bunday hukmiga Homidjonning noutbukidan chiqqan Tohir Yo‘ldosh, Abduvali qori, Rafiq qori kabilarning diniy ma‘ruzalari sabab bo‘lgan.

Homidjon yaqinlarining aytishlaricha, u noutbukni boshqa odamdan sotib olgani, kompyuterni tushunmasligi sababli bu fayllarni ko‘rmagani haqida sudga bergan ko‘rsatmalari inobatga olinmagan.

Andijon viloyatining Marhamat tumanida istiqomat qilgan 19 yashar Homidjon Abdurahimov O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining "Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz" va "Kontrabanda" moddalari bilan ayblandi.

Homidjon Abdurahimov taqdirini yaqindan kuzatgan “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati faoli Abdurahmon Tashanovning aytishicha, Homidjon o‘tgan yilning 28 dekabr kuni Qozog‘istondan mardikorlikdan qaytayotganida “G‘ishtko‘prik” postida hibsga olingan:

- U kambag‘al bir oiladan. O‘tgan yili mardikorlikka Qozog‘istonga borgan. O‘sha yerdan ishlatilgan bir noutbukni qo‘ldan sotib olgan. Chegaradan o‘tayotganda bojxonachilar noutbukni tekshirib, uning ichidan Tohir Yo‘ldosh, Abduvali qori, Obidxon qorining diniy ma‘ruzalarini topib olgan, deydi Abdurahmon Tashanov.

Shundan so‘ng bu ma‘ruzalar O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Din ishlari qo‘mitasiga ekspertizaga yuborilgan va ekspertiza bu ma‘ruzalar "konstitutsion tuzumga xavf soladi", degan xulosa bergan.

Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, bu ma‘ruzalar noutbukda borligini Homidjon bilmagan ham va uning sudda bergan bu haqdagi ko‘rsatmalari inobatga olinmagan:

- Homidjon aslida umrida bir rakat ham namoz o‘qimagan ekan. Uning yaqinlari ham oilasining dindan uzoqda ekanligini aytdilar. Qolaversa, kompyuterning ichidan bunday fayllar chiqqani u hali mamlakatning ichkarisiga kirmay turib tuzumga tajovuz qildi, degani emas. Diniy ekstremizm nima ekanligini fahmiga ham bormaydigan 19 yashar bolani sud besh yarim yilga qamab yubordi, deydi Abdurahmon Tashanov.

So‘nggi paytlarda O‘zbekistonga qaytayotgan mehnat muhojirlarining noutbuklari va telefonlari chegara punktlarida qattiq tekshirilmoqda.

Telefoni yoki kompyuteridan O‘zbekistonda ma‘ruzalari taqiqlangan shaxslarning audio yoki videoyozuvlari chiqqan odamlar hibsga olinmoqda.

Ozodlik olgan ma‘lumotlarga ko‘ra, hibsga olinganlarning ba‘zilari jarima bilan qutulib chiqqan, aksariyati esa turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan.

O‘tgan yilning yanvar oyida Toshkent viloyat sudi 3 ayol va 5 erkakni Obid qori va Abduvali qori ma‘ruzalari yozilgan kassetalarni uyida saqlagani uchun 8 yildan 18 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilgan edi.

2013 yilning iyul oyida qibraylik Ravshan Rahmatullayevning kompyuteridan o‘zbekistonlik mashhur imomlar Abduvali qori Mirzayev, Obidxon qori Nazarov, Rashodxon Kamolovning ma‘ruzalari topilgani uchun u olti yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.
XS
SM
MD
LG