Линклар

O‘zbekistonda biopasport berishni Davlat personallashtirish markazi cheklab qo‘ydi


Navoiy viloyatining Zarafshon shahri Pasport stoli oldidagi navbat

Navoiy viloyatining Zarafshon shahri Pasport stoli oldidagi navbat

O‘zbekiston fuqarolarining biometrik pasport olishi kun sayin qiyinlashmoqda. Viloyatlarda biometrik pasport olish uchun odamlar oylab navbat kutmoqda. Pasport berish bo‘limlari oldida har kuni 300-400 kishilik navbatlar paydo bo‘lgan.

Rasmiylarning aytishicha, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Davlat personallashtirish markazi har kuni 70 ta pasport berilganidan so‘ng viloyatlardagi markazlashtirilgan apparatlarni o‘chirib qo‘yayotgani sababli bunday katta navbatlar paydo bo‘lmoqda.

Samarqand shahridan Ozodlikka murojaat qilgan tinglovchilardan biri pasport olishdagi qiyinchiliklar to‘g‘risida yozdi:

“Salom Ozodlik. Shu biopasport haqida ko‘p maqola yozdingiz, lekin ahvol haliyam o‘sha-o‘sha. Samarqand shahrining Yoshlar markazi oldidagi pasport stoli oldida har kuni kamida 300 odam navbatda turadi. Ura-ur, to‘polon. Men ertalab 8 da borgandim, kechqurun soat 4 larda navbatim keldi. Nahotki shuni tezlashtirishning imkoni bo‘lmasa?”, deb yozdi tinglovchi.

Ozodlik olgan ma‘lumotlarga ko‘ra, respublikaning aksariyat viloyatlarida biometrik pasport olish bilan bog‘liq ahvol shunday bo‘lib qolmoqda.

Ozodlikning “Odnoklassniki” sahifasidagi mushtariylar ham biometrik pasport olishdagi muammolar to‘g‘risida turli xil fikr bildirishdi:

"Kecha borib topshirib keldim dokumentlarni biopasportga. Ur-to‘polon, navbat yo‘q, kim zo‘r bo‘lsa kirib topshirib chiqayapti. Qo‘llarim eshikka qisilib, ko‘karib qolgan. Dokumentlarimni qabul qilishdi, 2 oyda tayyor bo‘ladi, deb javob berishdi."

“Bizda Bekobodda xam yangi pasport olish muammo bo‘lyapti, sababi shu sohadagi ishlovchilar porayam olyapti, tanish-bilish qilyapti. Boshligi yosh bola, orqasida ishbilarmon akalari bor.”

“Men joriy yilning noyabr oyida 4 kunda oldim, uzlari tel. qilib tayyor boldi pasportiz olib keting deyishdi”

“Ha, barini pul hal qilopti..”

“Pul gapirganda haqiqat jim turarkan...”

“Bizda, Xorazmda juda qiyin, tez olish uchun 150 ming so‘rashdi mandan. 15 kun ichida qilib berishdi”

“Mani qizim Fargona shaxridan yetti kunda oldi. Fargona shahar pasport stoli yaxshi ishlaypti”

“Men Andijonning Shahrixonidanman yanvarь oyida pasportimni almashtirdim 10 kunda o‘zlari telefon qilishib, iltimos pasportingizni olib keting deyishdi”.

Ozodlikning “Odnoklassniki”dagi mushtariylari fikrlarini keltirdik.

Biometrik pasport olish bilan bog‘liq muammolar joriy yilning birinchi fevralidan boshlangan.

Buning sababini O‘zbekiston viloyatlaridan biridagi Xorijga kirish chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi ochiqladi:

“Haqiqatan ham bugun pasport olishga navbat juda cho‘zilib ketdi. Buning asosiy sababchisi O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Davlat personallashtirish markazi bo‘ladi. Chunki pasport yozadigan apparatlarimiz personallashtirish markazi bilan bog‘langan. Hozir har kuni 70 ta pasport chiqarganimizdan keyin apparatlarni markazdan o‘chirib qo‘yishadi. Ya‘ni kuniga 70 dan ortiq pasport chiqarmaslik limiti qo‘yilgan”, deydi mulozim.

Suhbatdoshga ko‘ra, joriy yilning fevraligacha ular har kuni 150tadan pasport tayyorlashga ulgurishgan:

“Respublikaning viloyat, shahar va tumanlariga 200 tadan ortiq shunday apparat qo‘yilgan. Birinchi fevraldan pasport berish 70 tagacha qilib cheklandi. Endi esa limitdan tashqariga chiqolmayapmiz. Shuning uchun navbat ko‘payib ketyapti. Fuqarolar to‘g‘ri tushunishsin, ayb bizda emas”, dedi O‘zbekiston viloyatlaridan biridagi Xorijga kirish chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Davlat personallashtirish markazining telefoni kun bo‘yi javob bermagani uchun bu masalaga izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

2014 yilning 1 iyulidan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari chet elga faqat biometrik pasport bilan chiqishi mumkinligi haqidagi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 6 fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elga chiqishi tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroridan so‘ng pasport bo‘limlari oldida turnaqator navbatlar paydo bo‘la boshladi.

Ayni paytda O‘zbekiston Prezidenti farmonida eski rusumdagi pasportlar 2015 yilning 31 dekabrigacha amal qilishi belgilab qo‘yilgan edi.
XS
SM
MD
LG