Линклар

“Prezident melisasi” haydovchiga tuhmat qildi


Ozodlikka bog‘lanadigan o‘zbekistonlik haydovchilar yo‘l harakati xavfsizligini nazorat qiluvchi xodimlarining poraxo‘r va tuhmatchilik borasida ustasi farang bo‘lib ketgani haqida ko‘p gapiradilar.

Ozodlikka bog‘lanadigan o‘zbekistonlik haydovchilar yo‘l harakati xavfsizligini nazorat qiluvchi xodimlarining poraxo‘r va tuhmatchilik borasida ustasi farang bo‘lib ketgani haqida ko‘p gapiradilar.

Toshkent Yo‘l harakati xavfsizligi patrul xizmati inspektori bilan mashinasi to‘xtatilgan haydovchi o‘rtasidagi tortishuv aks etgan videorolik ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqab¸ o‘zbekistonlik Internet foydalanuvchilari o‘rtasida qizg‘in muhokamaga sabab bo‘lmoqda. Haydovchiga “prezident melisa”siman deya o‘shqirgan melisa hatti-harakati o‘z haq-huquqini bilmaydigan fuqarolarni qanday qilib “jinoyatchi”ga chiqarish amaliyotini fosh qiladi.

Ayni kunlarda o‘zbekistonlik ijtimoiy tarmoq mushtariylarini junbushga solayotgan melisa-haydovchi aytishuvi¸ Internetda 7 aprelь kuni paydo bo‘ldi.

Tasvirning cheklangan va qiyshiq holatda ekanidan uning yo mashina burchagiga o‘rnatilgan videoregistrator¸ yoki haydovchining old o‘rindiqda o‘tirgan sherigi tomonidan qo‘l telefonida yozib olinganini taxmin qilish mumkin.

Aytishuv

Videoyozuv¸ Yo‘l harakati xavfsizligi xodimi mashinani to‘xtatishi bilan boshlanadi va ko‘p o‘tmay melisa-haydovchi aytishuvi boshlanadi.


Inspektor: Assalomu alaykum¸ inspektor Ergashev¸ hujjatlaringiz.
Haydovchi: Tinchlikmi? Bu proverkami?
Inspektor: Proverkamas¸ harakat tezligini oshirdingiz aka.
Haydovchi: Shuni aytingda siz. Nechta ekan(tezlik)?
Inspektor: 86 km harakat qildingiz.
Haydovchi: Qani ko‘raychi nomerimni?
Inspektor: Hujjatlarni bering oldin.
Haydovchi: Oldin tezlikni ko‘rsatmaydimi?
Inspektor: Oldin hujjatlarni ko‘rsatsangiz¸ keyin men sizga ko‘rsataman.
Haydovchi: Naoborot aytayapsiz.
Inspektor: Xohlasangiz tushing¸ xohlamasangiz yo‘q aka. Protokolni hozir opkeberaman. Xohlasangiz qo‘l qo‘ying¸ xohlamasangiz qo‘l qo‘ymang¸ aka. O‘zingizning huquqingiz aka.
Haydovchi: Udostovereniyeni ko‘rsatvoring.
Inspektor: Sizga nima uchun hujjat ko‘rsatishim kerak aka? Znachogim turibdi.
Haydovchi: Yo‘q¸ yo‘q. Znachokka ishonmayman aka. Bozordan sotib olgandirsiz. Poddelkadir balki. Man pechatlik narsaga ishonaman.
Inspektor: O‘zbekistonda yashayapsizmi aka?
Haydovchi: Ha.
Inspektor: O‘zbekiston fuqarosimisiz? O‘zbekistonning melisasi turibdi oldingizda aka.
Haydovchi: To‘xtang.
Inspektor: O‘zbekiston prezidentining melisasi turibdi aka.
Haydovchi: Tushundim. Manam O‘zbekiston fuqarosiman.
Inspektor: Ko‘rsating dokumentlarni.
Haydovchi: Man o‘zimni haq-huquqimni talab qivomman.
Inspektor: Pasportlarni taqdim qiling aka.
Haydovchi: Naoborot¸ oldin siz o‘zingiznikini ko‘satishingiz kerak. Balki siz melisamasdirsiz. Melisa odam udostovereniyeni taqdim qiladi.

(Shu yerda inspektor kimnidir chaqiradi. Mashina eshigini ochadi.)

Inspektor: Hujjatlarni taqdim qiling aka.
Haydovchi: Haqqingiz yo‘q aka. Mashinani yoping. Mani moshinam¸ qoching.
Inspektor: Oching. Narkotika bo‘lishi mumkin moshinangizda. Geroin bo‘lishi mumkin. Hizbut-Tahrirni narsalari bo‘lishi mumkin.

(Haydovchi yigit eshikni yopishga urinadi...)

Haydovchi: Guvoh¸ guvoh chaqiring. Narusheniye qivossiz.

Melisa sherigiga baqiradi...

Inspektor: Okamlar ja zo‘ru bag‘i. Buyog‘i ishdan ketamiz shekilli buni orqasidan.

(Cho‘ntagidan hujjat chiqarib¸ haydovchiga ko‘rsatadi. Haydovchi ochiq eshikni yopishga urinadi.)

Inspektor: Mana bu sizga guvohnomam¸ ko‘ring aka.
Haydovchi: Moshinamni yopvoring.
Inspektor: Ko‘ring aka siz¸ mana ko‘ring. Marhamat ko‘ring.
Haydovchi: Kichik serjant Erpashevmi?
Inspektor: O‘qishni bilasizmi?
Haydovchi: Erpasiyev (Ergashev degan ism aftidan qo‘lda noaniq yozilgan shekilli¸ uni xato bilan o‘qiydi) Baxtiyor Muhamadiyevich. Amal qilish muddati 2017 yil 31 dekabr.oshinani yoping oldin. Moshina mani mulkim. Unga tegishga haqqiz yo‘q.
Inspektor: Hujjatlarni taqdim qiling aka.
Haydovchi: Skorostimni ko‘rsating siz.

Shu orada inspektorning sherigi mashinaga yaqinlashadi. Unga inspektor qarata “S‘yomka qiling”¸ deydi va ovozini ko‘tarib¸ tahdid va tuhmat qilishga o‘tadi:

Haydovchi: Skorostimni ko‘rsating. Eshikni yoping¸ qoching. Haqqiz yo‘q birovning mulkiga. Sherigi yoki boshliq ko‘rinish beradi. Hozir narusheniye qilganingizni bildingiza. Eshikni ochib.
Inspektor: Xohlagan joyingizga borib jaloba qilishingiz mumkin aka.
Siz O‘zbekiston melisasini yerosti qilganiz uchun javob berasiz.
Haydovchi: Qanaqa yerosti qildim?
Inspektor: Onamdan so‘kindingiz¸ onamdan. Men onamni olib kelaman oldingizga¸ so‘kinganingizni isbotlayman¸ tushundingizmi?

(Tasvirga tushgan sherigi haydovchining hujjatlarini olib¸ ko‘ra boshlaydi.)

Haydovchi: Hozir zapisь ketvotti¸ isbotlab berasiz (boshqa melisaga qarata).Hozir videos‘yomkaga tushdilar¸ aytib qo‘ying. Videoregistratorim bor. So‘kdi-po‘kdi deb tuhmat qildilar. Skorostimniyam ko‘rsatmadilar. Voobshe qonunni buzdilar.

(Inspektorlar ketadi. Videopolik shu yerda tugaydi.)

Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi videorolikdan xabardor

9 aprel kuni o‘zbekistonlik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o‘rtasida eng ko‘p ko‘rilib¸ eng ko‘p sharhlangan videorolikka aylangan melisa-haydovchi tortishuvi munosabati bilan Ozodlik muxbiri Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga sim qoqdi. Boshqarmaning o‘zini tanishtirmagan rasmiysi¸ bunday videodan bexabarligi¸ Ergashev Baxtiyorning shahar YHX tizimida ishlashini tasdiqlay olmasligini bildirdi.

Ayni paytda¸ Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan rasmiysi bu videorolikni yarim soat avval o‘zi ham tomosha qilganini e‘tirof etdi.

“Bu rolikni boshliqlar ko‘rdimi-yo‘qmi¸ bilmayman. Ammo hamma joyda tarqab ketganini bilaman. O‘zim ham hozir ko‘rdim. Tepadagilar videodan xabar topsa¸ buni inspektsiya ko‘rib chiqadi. Ikkala tomonni ham eshitib¸ bir qarorga keladi”¸ dedi rasmiy.

Unga ko‘ra¸ Yo‘l harakati xavfsizligi xodimi ko‘kragiga osilgan nishon
(znachok) uning hujjati hisoblanadi va bunday nishonli rasmiyga haydovchi darhol o‘z shaxsiy hujjatlarini taqdim qilishi shart.

Ayni paytda¸ tezlikni oshirganlik iddaosi bilan to‘xtatilgan haydovchiga yoki inspektor qo‘lidagi ko‘chma radar¸ yoxud uning mashinasidagi radarda aks etgan aniq tasvir taqdim etilishi kerak¸ deydi Toshkent shahar IIB rasmiysi.

YHX xodimiga hujjat ko‘rsatmaslik orqali haydovchi O‘zbekiston militsiyasi xodimiga bo‘ysunmaslik qildi¸ ayni paytda¸ umuman so‘kinmagan fuqaroga¸ “onamdan so‘kding” deb dag‘dag‘a qilish orqali inspektor ham unga tuhmat qildi¸ dedi IIB rasmiysi.


Ijtimoiy tarmoq haydovchiga “ofarin” demoqda

Ayni soatlarda mobil telefonlardagi turli dasturlar orqali yashin tezligida tarqab borayotgan bu videorolikka munosabat bildirayotgan o‘zbekistonliklar¸ tasvirdagi “kichik serjant Ergashev Baxtiyor”ni O‘zbekiston militsiyasi¸ xususan¸ Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarining tipik vakili deb e‘tirof etmoqda.

“Bu gaishniklarning iflos qiliqlariga har kuni o‘zim guvoh bo‘laman. Agar haydovchi salgina bo‘shlik qilganida terrorchiga chiqarib¸ 159 ni yopishtirgan bo‘lardi”¸ deb yozdi Ozodlikning Odnoklassniki tarmog‘idagi muhokamasida qatnashganlardan biri.

“Poraxo‘r¸ mirshab kiyimidagi shaytonlarni qamash kerak!”¸ “Lyuboy mansabi bor odam PORA oladi bu garantiya! Bu gailar oxirgi paytlari juda oshirib yuborayapti remenь, aptechka deb yopishib olgan. Endi Damasga 13R degan shina bo‘lmasmish. Tavba bularni kasridan mashina ham haydab bo‘lmaydigan bo‘ldi”¸ “Qoyil¸ haydovchi boplapti lekin!!” deb yozdi yana boshqa mushtariylar.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG