Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:02

Andijon kollejining uch o‘quvchisi o‘z kursdoshini urib o‘ldirdi


Andijon Axborot texnologiyalari kollejining uch nafar o‘quvchisi o‘z kursdoshi Ulug‘bek Qosimovni kaltaklab o‘ldirib qo‘ydi. Bu haqda xabar bergan Ozodlik manbasiga ko‘ra, talabalar kursdoshini xo‘rlab, O‘zbekiston gimnini aytishga majburlagan. Rasmiylar esa talabalar o‘rtasidagi janjalning qiz talashib chiqqanini aytmoqdalar. Bu so‘nggi oyda Andijonda talabalarning o‘zaro janjali oqibatida o‘quvchi halok bo‘lgan ikkinchi holatdir.

Andijon Axborot texnologiyalari kollejining uch nafar o‘quvchisi 17 mart kuni kollej binosida kursdoshi Ulug‘bek Qosimovni urib o‘ldirib qo‘ydi. Bu haqdagi xabar Ozodlikka 10 aprel kuni yetib keldi.

Ozodlikning Andijondagi manbasiga ko‘ra, janjal o‘quvchilarning kursdoshini O‘zbekiston madhiyasini aytishga majburlashi ortidan kelib chiqan:

“Andijon shahridagi Aloqa kollejida birinchi kurs talabasini katta kurslar urib, madhiya ayttirgan. Natijada u kaltakdan vafot etgan”, deb xabar berdi manba.

Ozodlikning Andijon shahar huquq tizimidagi manbasi o‘quvchilarning o‘z kurdoshini majburlab madhiya ayttirganini rad etar ekan, bu voqea kollej tashqarisida sodir bo‘lganini aytadi:

“Andijon Axborot texnologiyalari kollejining 1-kurs o‘quvchilari B. Abdulhafizov, Sh. Muhsinov va S. Abdurahmonovlar shu kollejning birinchi kurs o‘quvchisi Ulug‘bek Qosimov bilan o‘zaro janjallashib, unga tan jarohati yetkazishgan. Bu voqea kollej tashqarisida, 17 mart kuni soat birlarda 46- maktabning oldida bo‘lgan”, deydi Ozodlikning rasmiy tizimdagi manbasi.

Unga ko‘ra, bolalardan birining qattiq zarbasidan so‘ng Ulug‘bek boshi bilan yerga yiqilgan va orqa miyasi qattiq lat yegan.

Kasalxonaga olib borilgan Ulug‘bek Qosimovning boshi operatsiya qilingan, biroq u oradan bir hafta o‘tib, 24 mart kuni kasalxonada jon bergan.

Ozodlikning huquq tizimidagi manbasiga ko‘ra, yigitlar o‘rtasidagi janjal qiz talashib chiqqan:

“Ulug‘bek 8-mart kuni kursdosh qizlaridan biriga sovg‘a bergan. Lekin anavu uch boladan bittasi ham bu qizni yaxshi ko‘rgan. Xullas¸ janjal qizning ortidan kelib chiqqan”, dedi manba.

Manbaning aytishicha, ayni paytda bu voqea yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va surishtiruv jarayoni davom etmoqda. Ulug‘bek Qosimovni o‘ldirganlikda ayblanayotgan uch talaba hozirda uy qamog‘ida saqlanmoqda.

Aynan 17 mart kuni Andijonda yana bir talaba yuqori kurs talabasi zo‘ravonligi qurboni bo‘lgan edi.

Andijon Qishloq xo‘jalik instituti yotoqxonasida 17 mart kuni kechqurun Agronomiya fakul teti talabasi Umidjon Ostonayev zinadan tushayotganida turtinib ketgani uchun 3-kurs talabasi Behzod Ma‘murov tomonidan urib o‘ldirilgan edi.
XS
SM
MD
LG