Линклар

Chiroqchilik yosh ona oilaviy zo‘ravonlik oqibatida o‘zini osdi...mi?


O‘zbek oilalarida zo‘ravonlik tufayli o‘z joniga qasd qilgan ayollar soniga oid na rasmiy¸ na norasmiy statistika mavjud.

O‘zbek oilalarida zo‘ravonlik tufayli o‘z joniga qasd qilgan ayollar soniga oid na rasmiy¸ na norasmiy statistika mavjud.

Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida ikki farzandning onasi bo‘lgan 25 yashar Dilafruz (ism o‘zgartirilgan) 8 aprel kuni tuproqqa berildi. O‘z hojatxonasida dorga osilgan holda topilgani iddao qilinayotgan bu ayolning eridan ko‘rib kelgan muttasil zo‘ravonlik oqibatida o‘z joniga qasd qilgani aytilmoqda.


Jasad tekshiruvsiz dafn etilgan

Chiroqchi tuman rasmiy tizimlari vakillari Dilafruzning sirli o‘limi yuzasidan tekshiruv boshlaganini tasdiqladi.

Xafsizlik idorasini bu ayolning tibbiy tekshiruvsiz yaqinlari tomonidan dafn etilgani tashvishga soldi.

Chiroqchi tuman Fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish idorasi vakili esa bunday o‘lim holatining hozircha qaydga olinmaganini bildirdi.

Ozodlikning Chiroqchi tuman rasmiy tizimlaridagi manbasi ayolning ruhiy xastaga chiqarilib¸ aynan xastalik oqibatida o‘zini osib qo‘ygani taxmin etilayotganini bildirdi:

- Oldin ham bu ayol ikki marta o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘lgan, eri qutqarib qolgan ekan. Oilada zo‘ravonlik holati, bizni bilishimizcha, bu yerda yo‘q. Ayolning o‘zi ruhiy zaifroq ekan, dedi Ozodlikning tumandagi rasmiy manbasi.


Maktub

Ayolning sirli o‘limi borasida dastavval Ozodlikka marhumaning mahalladoshlaridan biri maktub yo‘llab, qotillik iddaosini ilgari surdi.

"Jasadni ko‘rgan qo‘ni-qo‘shnilarning aytishicha, marhumaning yuzlari, ko‘z ostilarida qattiq zarbdan qoladigan jarohat izlar bo‘lgan, hamda bo‘yin qismlari momataloq bo‘lib ketgan", deyiladi maktubda.

"Qishloqdoshlarining aytishicha, ayolning eri 1984 yilda tug‘ilgan Q.N (tarh. ismni aybsizlik prezyumptsiyasi tufayli oshkor qilmayotir) yosh bo‘lishiga qaramay ichkilikka mukkasidan ketgan, har gal ichib kelsa oilada janjal chiqarib xotinini kaltaklab, muttasil ruhiy va jismoniy azob berib kelgan.

Yolchitib bir joyda ishlamagan, bir necha marta Rossiyaga mardikorlikka ham borib kelgan bu yigitni kecha 17-18 atrofida ham do‘konma-do‘kon kirib araq izlab yurganligi va araq olib uyi tomon ketganligini ko‘rganlar bor. Kayfi yanayam taraq bo‘lgan er tarki odat amri mahol deganlaridek¸ kayf ustida xotinini kaltaklagan bo‘lishi va bunday azoblanishlardan to‘yib ketgan ayol o‘zini osgan bo‘lishi mumkin.

"U o‘zini osmagan, uni eri o‘rib yo bo‘g‘ib o‘ldirib qo‘ygan" degan taxminlar ham bor. Shunisi achinarliki, ushbu voqea yuzasidan hech kim Ichki ishlar bo‘limiga xabar bermagan va ayolning jasadi sud tibbiy zkspertizadan o‘tkazilmasdan qabrga qo‘yilgan. Marhuma bugun tushgacha dafn ztilgan, uning janozasini tuman markazidagi masjiddan kelgan imom o‘qigan"¸ deb yozilgan Ozodlikka 9 aprel kuni yetib kelgan maktubda.

Tuman xavfsizlik idorasi vakiliga ko‘ra, bu iddaoni tekshirish uchun noqonuniy dafn etilgan ayol jasadi eksgumatsiya qilinishi va O‘zbekiston jinoyat kodeksining "O‘zinini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish" jinoyatini nazarda tutgan 103-modddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi lozim. Ushbu holat yuzasidan surishtiruv davom etmoqda.


O‘zbek jamiyatida oilaviy zo‘ravonlik hamon norma bo‘lib qolmoqda

O‘zbekistonda aynan oilaviy zo‘ravonlik¸ odatda er va qaynona zulmidan chora topa olmay¸ o‘z joniga qasd qilayotgan ayollar soniga oid aniq raqamlarni topishning imkoni yo‘q. O‘zbekiston rasmiy tizimlari bu zo‘ravonlikka oid haqiqiy raqamlarni yashirishga urinadi¸ mamlakatda mustaqillikdan so‘ng bu muammo bilan jiddiy shug‘ullana boshlagan nohukumat tashkilotlari esa¸ fuqaroviy jamiyatiga nisbatan boshlangan kuchli bosim oqibatida o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan.

O‘zbek ayollari¸ xususan¸ yosh kelinlar o‘z erlari¸ qolaversa erning yaqinlari tomonidan qilinayotgan jismoniy¸ ruhiy va jinsiy tazyiq va tahqirlarni huquqni muhofaza qilish tizimlari¸ yoxud huquq faollari e‘tiboriga olib chiqishni hamon nomaqbul harakat deb biladi. Hamon aksar oilalar o‘z qizlarini bunday zo‘ravonlikdan himoyalanishga tayyorlash o‘rniga¸ ularni bunday zulmni qabul qilish¸ “uydagi gapni ko‘chaga olib chiqmaslik”ka o‘rgatishadi.

O‘zbekistonda oila mustahkamligini kuchaytirish iddaosi ostida qilinayotgan ajralishga oid statistikani kamaytirish jarayonida ajralish usun sudga ariza topshirishdan avval mahalla qo‘mitasidan ruxsat olinishi shart qilib qo‘yilgan.

Yillar davomida yashab kelgani zo‘ravonlikdan to‘yib¸ nihoyat ajralishga qaror bergan ayollar mahalla "oqsoqol va kayvoni"lariga bunday ruxsat so‘rab chiqar ekan¸ eshitadigani sabrli bo‘lish¸ er va qaynonaga itoat qilib yashash¸ ajralishni xayoldan chiqarish haqidagi maslahat bo‘ladi.

O‘zbekiston davlat tizimlarining norasmiy qismiga aylangan mahalla mutasaddilari aksar hollarda faqat ichkilikboz yoki ruhan kasal erning xotinini o‘ldirib qo‘yishi yoki zo‘ravonlikdan to‘ygan ayolning o‘z joniga qasd qilishi yaqin qolganini sezgan taqdirda¸ ya‘ni zo‘ravonlikning eng so‘nggi bosqichidagina ayolning ajralish haqidagi so‘rovlarini qondirib¸ sudga tegishli qog‘oz berishga rozilik beradi.

Chiroqchilik Dilafruz fojiasi ¸ mahalla faollarining o‘z zimmasiga yuklatilgan hakamlik vazifasini vaqtida¸ adolatli hal eta olmayotganidan berilgan navbatdagi ogohlantiruvdir.
XS
SM
MD
LG