Линклар

Alvido Antaliya - Bank xodimlarining xorijga chiqishi qattiq nazoratga olindi


Kuzatuvchilarga ko‘ra¸ O‘zbekiston tobora o‘z sarhadini turli cheklovlar bilan to‘sib¸ Shimoliy Koreya tipidagi yopiq davlatga aylanib bormoqda.

Kuzatuvchilarga ko‘ra¸ O‘zbekiston tobora o‘z sarhadini turli cheklovlar bilan to‘sib¸ Shimoliy Koreya tipidagi yopiq davlatga aylanib bormoqda.

O‘zbekistondagi nafaqat davlat¸ balki tijoriy va xususiy bank xodimlari ham bundan buyon faqat eng yuqori rahbariyatdan maxsus ruxsat berilgan taqdirdagina xorijga chiqish mumkinligidan ogohlantirilmoqda. Bunday yangi tartibning nafaqat bank¸ balki davlat siriga bevosita yoki bilvosita aloqador deb ko‘riladigan fuqarolarning barchasiga daxldor bo‘lishi kutilmoqda.

Tuyani shamol uchirsa¸ echkini osmonda ko‘r...

O‘zbekiston prezidenti 5 mart kuni imzolagan “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risi”dagi qarori ortidan mamlakatdagi turli tizimlar o‘z ichki “chora-tadbirlari”ni belgilashga kirishdi.

Mansabdor shaxslarning chet mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish, xizmat safarlari samaradorligini oshirish, O‘zbekiston Respublikasi milliy xavfsizligini ta‘minlash va davlat sirlarini saqlash maqsadida qabul qilingan prezident qarori endilikda nafaqat bu qarorda maxsus belgilangan¸ balki unda tilga olinmagan tizimlar¸ xususan¸ bank tizimiga ham tatbiq etilmoqda.

“Bankimizda majlis bo‘ldi¸ hammani yig‘ishdi. "Chetga chiqishlar ko‘payib ketdi. Bank ser‘yoznaya organizatsiya¸ bu sizga bozor emas”¸ deyishdi. Shuning uchun ishlab¸ joyingizda jimgina o‘tiring¸ tinchlik kerak bo‘lsa¸ hech qanaqa chet el-pet el yo‘q bundan buyog‘iga. Indamay o‘tirasiz endi. Bizga tepadan shunaqa buyruq keldi¸ tepada ham majlis bo‘ldi¸ Markaziy bankda shu haqda gapirildi. Xullas¸bank xodimlari chet elga chiqmasin ¸deyishdi. Bu narsa qattiq nazoratga olingan” deyishdi.

Bundan keyin juda kuchli zarurat tug‘ilib¸ chet elga chiqishi zarur bo‘lib qolgan bank xodimlari faqat va faqat eng katta rahbariyat ruxsati bilan chiqishi kerak bo‘larkan. Lekin bizning bank rahbariyatiyam o‘zicha bunaqa ruxsat berolmas ekan. Markaziy bankdan so‘rash kerak bo‘larkan. Qisqasi¸ bu endi ne tak uj prosto¸ shuning uchun jimgina o‘tiring¸ deyishdi”¸ deb xabar qildi Ozodlikka O‘zbekistondagi ochiq aktsionerlik-tijoriy banklaridan birining o‘rta bo‘g‘in boshqaruvida ishlovchi xodimi.

Uning aytishicha¸ keyingi yillarda bank xodimlari o‘rtasida o‘z ta‘tilida Turkiya¸ Malayziya¸ Tailand kabi davlatlarga oilaviy dam olishga borish ancha urf bo‘lgan va bank boshqaruvi o‘tkazgan majlisda bundan buyog‘iga bunday an‘ananing tugatilgani ochiq aytilgan.

“Majlisga kelganlardan¸ xorijga chiqish taqiqlanganiga oid yangi tartibdan xabardor qilishdi¸ men bu majlisda qatnashdim” deb ism-sharifi to‘liq yozilgan tilxatga qo‘l qo‘ydirib olishdi. Lekin hozir pasportida chiqish vizasi borlar chetga chiqsa¸ nima chora ko‘rilishi haqida aniq aytishmadi. Menimcha¸ chetga chiqsak¸ ishdan bo‘shatib yuborishsa kerak”¸ deb qo‘shimcha qildi Ozodlikning tijoriy banklardan biridagi ushbu manbasi.

Ushbu xabar bilan ayni paytda¸ O‘zbekistondagi xususiy banklardan birida bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlovchi boshqa manba o‘z banki xodimlarining ham xuddi shunday xorijga chiqish taqiqlanganidan ogohlantirilganini bildirdi. “Bizda unaqa majlis bo‘lmadi¸ lekin faqat maxsus ruxsat bo‘lsagina chetga chiqish mumkinligini hammamiz bilamiz. Bank xodimlarining chetga chiqishi mumkin emasligini hamma biladi”¸ dedi xususiy bank rasmiysi.

O‘rmonga o‘t ketsa¸ ho‘lu quruq baravar yonadi...

O‘zbekiston banklarida nafaqat boshqaruv tarkibiga kiruvchi mulozimlar¸ balki oddiy xodimlarning ham xorijga chiqishi ustidan kuchli nazorat o‘rnatilganini izohlagan Ozodlikning hukumat tizimidagi manbasi¸ ana shu maqolni tilga oldi.

“Bu nafaqat bank tizimi¸ balki davlat strukturalarining barchasida borayotgan umumiy tendentsiya. Prezident qaroridan keyin barcha tizimlar¸ xususan¸ banklarda ham xorijga chiqish tartibi keskinlashtirilayapti. Yangi tartib¸ nafaqat davlat banklari¸ balki ularda ham davlatning ulushi bo‘lgani bois¸ tijorat banklariga ham taalluqli bo‘ladi. Bu bir qaraganda insonning erkin harakatlanish haqqini toptayotgandek ko‘rinishi mumkin. Lekin fuqaroning shaxsiy haqaridan tashqari davlat xodimi sifatidagi majburiyatlari ham bor. Davlat xavfsizligi uchun shunday chora kerak bo‘lsa¸ uni qabul qilish kerak”¸ degan mazmunda izohladi bu tartibni davlat mulozimi.

Ayni paytda¸ Ozodlik bilan o‘z ismi ochiqlanmasligi sharti bilan mikrofonsiz suhbatlashgan bu rasmiy¸ bank xodimlarining xorijga chiqishini taqiqlash to‘g‘risidagi yozma buyruqqa ko‘z tushmagani¸ banklar rahbariyati qabul qilayotgan yangi tartib¸ aynan tepadan tushirilgan “prezident qarori asosida chora ko‘rilsin”¸ degan mazmundagi ko‘rsatmaga tayanishini qo‘shimcha qildi.

Mazkur manba¸ O‘zbekistonda davlat siriga¸ milliy xavfsizlikka aloqador axborotga aloqador deb ko‘rilayotgan rasmiylarning maxsus ro‘yxatdagi shaxslar darajasidan¸ butun boshli tizimlar xodimlariga qadar tushirilayotgani¸ xorijga chiqishi taqiqlangan yoxud keskin nazorat ostiga olingan sohalar ko‘lamining kengayib borayotgani sababi Ukrainadagi jarayonlar bilan bog‘liq ekanini tilga oldi.

“Ukrainada davlatchilik taqdirini savol ostida qoldirgan hozirgi voqealar fonida O‘zbekiston hukumati davlat manfaatlari¸ milliy xavfsizlikni yanada himoyalash zaruratini his etmoqda. Bu chora ularning shu maqsadda o‘ylab topgan navbatdagi harakatidir”¸ deydi Ozodlik manbasi.

Shimoliy Koreyacha boshqaruv modeli?

Prezident Karimov 5 mart kuni imzolagan “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risi”dagi qarorga muvofiq¸ Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, vazirlar, Oliy Majlis Senati raisi va Qonun chiqarish palatasi spikeri, mamlakat Ombudsmani, Markaziy bank raisi va uning o‘rinbosarlari, MXX raisi, Bosh prokuror, Markaziy saylov komissiyasi raisi, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud va Oliy xo‘jalik sudi raislari, Fanlar akademiyasi prezidenti, O‘zbekiston respublikasi inson huquqlari bo‘yicha milliy markazi direktori, viloyat hokimlari va Toshkent shahri hokimi – jami 25 ta mansab egasi chetga chiqish uchun shaxsan O‘zbekiston prezidentidan izn olishi zarur.

Agar Toshkent shahar hokimi xorijga chiqish uchun prezidentdan izn olishi lozim bo‘lsa, O‘zbekistondagi boshqa shaharlar hokimlari Vazirlar mahkamasidan ruxsat so‘rashlari kerak bo‘ladi. Ulardan tashqari Vazirlar mahkamasi ijroiya devoni mas‘ul xodimlari va axborot-tahliliy bo‘limlari rahbarlari, Milliy axborot agentligi bosh direktori, Milliy teleradiokompaniya raisi va uning muovinlari, Badiiy akademiya raisi, tuman hokimlari – jami 15 nomdagi mansabni egallab turgan amaldorlar O‘zbekistondan chiqish uchun hukumatdan maxsus ruxsat olishi kerak bo‘ladi.

Konstitutsiyaviy sud hakamlari, O‘zbekistondagi umumiy yurisdiktsiya va xo‘jalik sudlari sudyalari, IIV, Adliya vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasiga doxil oliy ta‘lim muassasalari rahbarlari (rektorlari) va o‘rinbosarlari (prorektorlari), shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, MXX Davlat chegarasini qo‘riqlash qo‘mitasi, Adliya vazirligi, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi hamda ularning hududiy va tuzilmaviy bo‘linmalarining mas‘ul xodimlari xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar (BMT, ShHT, MDH va sh.k.) tomonidan o‘tkazilayotgan rasmiy tadbirlarda ishtirok etish uchun o‘z komandirovkalarini Prezident devonining tegishli xizmatlari bilan muvofiqlashtirishlari lozim bo‘ladi. Mansabdor shaxslarning xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan rasmiy tadbirlarda ishtirok etishi Tashqi ishlar vazirligi orqali amalga oshiriladi. Bu mansab egalarining xizmat safaridan boshqa holatlarda xorijga chiqishi cheklab qo‘yilgan.

Prezident qarorida qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida”gi qonunida davlat siri yoki harbiy sir bo‘lgan ma‘lumotlar bilan ishlayotgan yoki ishlagan O‘zbekiston fuqarolarining huquqlari o‘zlarining yozma roziliklari asosida cheklanishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan. “Shu vajdan davlat siri yoki harbiy sir bo‘lib hisoblangan ma‘lumotlardan xabari bo‘lgan mansabdorlarning xorijiy mamlakatlarga chiqishi belgilangan tartibda maxsus kelishuvga ko‘ra amalga oshirilishi lozim”, deyiladi prezident imzolagan hujjatda.

Prezident qarori asosida ko‘lami kengayib borayotgan xorijga chiqishni cheklash amaliyoti¸ aftidan ushbu qarorda iqtibos keltirilgan qonunga moslanmoqda.

Endilikda mulk turidan qat‘iy nazar¸ davlat siriga aloqador deb topilgan har bir muassasaning o‘z xodimidan “shaxsiy huquqlari cheklanishi”¸ xususan¸ konstitutsiyada kafolatlangan erkin harakatlanish haqqidan o‘z ixtiyoriga ko‘ra voz kechayotganiga oid tilxat yozdirib olish amaliyotining nafaqat banklar¸ balki davlatning hech qanday sirga aloqasi bo‘lmagan boshqa idoralariga ham ko‘chishini taxmin qilish mumkin.

O‘tgan yil oxirida O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi maxsus buyruq chiqarib¸ o‘z xodimlarining xorijga chiqishini cheklagan va ularning faqat maxsus ruxsat bo‘lgan taqdirdagina chiqish amaliyotini joriy qilgan edi.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG