Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:52

Rossiyadan O‘zbekistonga o‘tgan yili 6,6 milliard dollar jo‘natildi


2013 yil davomida Rossiyadan O‘zbekistonga bo‘lgan pul jo‘natmalari hajmi 17 foizga oshdi va 6 millard 633 million AQSh dollarini tashkil etdi. Rossiya Markaziy banki tarqatgan ma‘lumotlarga ko‘ra, 2012 yilda o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari Rossiyadan O‘zbekistonga bundan roppa-rosa 1 milliard dollarga kam mablag‘ yuborgan.


Pul jo‘natish bo‘yicha yana o‘zbeklar peshqadam

O‘tgan yili Rossiyaning turli o‘lkalaridan O‘zbekistonga 6,633 milliard dollar mablag‘ jo‘natilgan. Rossiya Markaziy banki hisobotiga ko‘ra, bir yil oldin bu ko‘rsatkich taqriban 17 foizga kamroq bo‘lib, 5,668 milliard dollarni tashkil etgan.

Iqtisodiy tahlilchilar Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi umumiy pul jo‘natmalari hajmi ham 1 milliard ollardan ko‘proqqa oshganini qayd etdilar. Ya‘ni o‘tgan yil davomida ikki mamlakat o‘zaro pul ayirboshlashi 7 milliard 196 million dollar mablag‘ni tashkil etdi.

O‘zbekistondan Rossiyaga jo‘natilgan pul miqdori bir yilda 416 milliondan 593 million AQSh dollariga yetgan ya‘ni aholi tomonidan Rossiyaga olib chiqilayotgan pul mablag‘lari 35 foizdan oshgani qayd etildi.

Bir qarashdan, o‘rtacha har bir pul jo‘natmasi hajmi ham oshgan, degan xulosa chiqarish mumkin, zero bu ko‘rsatkich ham 1742 dollardan 1901 dollargacha yetgan.

O‘tgan yilda Rossiyadan MDH mamlakatlariga jami 20,7 mlrd AQSh dollari miqdorida mablag‘ jo‘natilgan va bu bir yil oldingi ko‘rsatkichga nisbatan 1,5 mlrd dollarga ko‘proqdir.

Yillar davomida o‘zbek muhojirlari Rossiyadan uylariga pul jo‘natishda MDH bo‘yicha peshqadamlikni qo‘ldan bermay kelayaptilar

Rossiya Markazi Banki yuqorida keltirilgan raqamlarni Anelik, BLIZKO, Coinstar Money Transfer, Contact, InterExpress, Migom, MoneyGram, PrivatMoney, UNIStream, Western Union, AziyaEkspress, ALLYuR, Blits, “Bistraya Pochta”, “Zolotaya Korona”, LIDER va “Pochta Rossii” mablag‘lar transferi bilan shug‘ullanuvchi tizimlar keltirgan ma‘lumotlar asosida chiqargan.


"Bank hisobotida milliardlab dollar aks etmagan"

Moskvada 7 yildan buyon mehnat qilayotgan Sherzodbek Ozodlik bilan suhbatda Markaziy Bank hisobotida o‘zbek muhojirlarining tanish-bilish orqali olib kirayotgan millionlab, balki milliardlab dollar miqdoridagi pul mablag‘larini aks ettirmaganiga e‘tibor qaratdi.

- Odatda men tanish-bilishlar orqali ko‘proq pul jo‘natishni afzal ko‘raman, chunki bankdan yuborsang – protsenti bor. Keyin O‘zbekiston banklarida oilalarimiz vaqtida pul olishga qiynalishadi. “Erta keling, indin keling – byudjetimizda pul yo‘q edi, kompyuterimiz ishlamayapti, bank sistemasi ishlamay qoldi...” Har kuni har xil bahona! Bu yerda O‘zbekistonga mashinada qatnaydigan akaxonlar bor , o‘shalar orqali berib yuboraman.

Men kamdan-kam bank orqali yuboraman. Yiliga men taxminan 10 oy davomida oyiga bir marotaba pul yuborishga to‘g‘ri keladi. Shundan, 5-6 marotaba birovdan yuboradigan bo‘lsam, qolganini zarurat tug‘ilsa bank orqali yuborishga majbur bo‘laman,- deydi Sherzodbek.

O‘zbekistonlik bu muhojir Rossiyada yildan-yilga oziq-ovqat va kiyim-kechak maxsulotlari, xizmat va transport narxlarining oshishi bilan birga, muhojirlarning daromadi deyarli o‘zgarishsiz qolayotganini ham qo‘shimcha qildi. “Bu yerdagi harajatlar oshayotgani hisobiga uyga yuborayotgan pullarimiz hajmi ham kamayib boryapti”, dedi Sherzodbek.


"Qora bozordagilar mazza qilayapti"

Podmoskov eda mehnat qilayotgan Xushnud ismli yana bir o‘zbekistonlik muhojir pul o‘tkazishda eng katta daromadni O‘zbekistonda turgan valyuta chayqovchilari olyapti, deydi.

- 100 dollar jo‘natmoqchi bo‘lsangiz bu yerdan rublga sotib olasiz. Kurs 35 rubl bo‘lsa, borib 37 dan sotib olasiz: 2 rubl yo‘qotyapsiz har bir dollardan. U pulni O‘zbekistonga yuborasiz – uydagilar uni olib so‘m qilib ololmaydi, chunki kassadan qora bozorning yarim narxiga to‘g‘ri keladi. Bu yerda ishlab-ishlab odamlar pul jo‘natadi, u yerdagi qora bozordagilar rohatini va foydasini ko‘radi-da... Bir-ikki yuz dollar jo‘natganga bilinmasa keragu, katta pul jo‘natganga seziladi. Demak, bu yerda yo‘qotadi, yuborishda yo‘qotadi, qabul qilganidan keyin yo‘qoladi,- deydi Xushnud.

U O‘zbekistonda hukumat tomonidan qo‘yilgan qator sun‘iy to‘siqlar ham muhojirlarning daromadiga salbiy ta‘sir ko‘rsatishi bilan birga huquq-tartibot idoralari vakillari ham muhojirlarni "shilish"i haqida gapiradi:

- Poyezdda yuborsangiz ham ko‘pincha bolalar oldirib qo‘yadi, o‘zimizni chegarachilar olib qo‘yadi. Shaxsan o‘zim ham ketishda deklaratsiyadagi pulni ko‘rsatsam, tamojnyadagilar bir narsalarni deb pulimni olib qo‘yishga harakat qiladi,- deydi Xushnud.


Yangi tartib-qoidalar

Joriy yilning 1 aprelidan O‘zbekistonda banklar va pul jo‘natmalari xalqaro tizimlari operatorlari o‘rtasidagi hamkorlikka oid yangi tartib-qoidalar joriy etildi.

O‘zbek rasmiylari qaroriga ko‘ra, endilikda bu mamlakatda ishlamoqchi bo‘lgan operatorlardan xalqaro reyting agentliklari reytingiga ega bo‘lish yoki o‘z ishonchliligi va barqarorligini tasdiqlovchi bank kafolatlarini taqdim etish talab etiladi. Bundan tashqari 1 aprelgacha operatorlar O‘zbekistondagi o‘z hamkorlari bo‘lgan banklarda xorijiy valyutada pul jo‘natmalarining bir kunlik minimal to‘lovi hajmiga teng miqdorda sug‘urta depozitini ochishlari lozim bo‘ladi.

Bu orada O‘zbekistondagi bir qator banklar ayrim operatorlar, jumladan, “Zolotaya korona” to‘lov tizimi orqali amalga oshirilayotgan operatsiyalarni to‘xtatdi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, yangi tartib-qoidalar Rossiyada “Migom” to‘lov tizimi yopilgani, buning natijasida O‘zbekistondagi ko‘plab banklar ziyon ko‘rganidan keyin qabul qilingan.
XS
SM
MD
LG