Линклар

Ukrainadagi hodisalar ortidan O‘zbekiston masjidlarida aholini norozilikdan tiyilishga chaqiruvchi va‘zlar o‘qila boshlangan. Andijondagi Devonaboy masjidi imomi 11 aprel kuni juma nomoziga kelganlarga norozi bo‘lishlik, tanqid qilishlik bu xoinlik bilan baravar ekani, buning ohiratda javobgarligi borligi haqida gapirgan.

Devonaboy masjidida imom ma‘ruzasini tinglagan andijonliklardan biri bu haqda Ozodlikka quyidagilarni aytdi:

- Imomning kechagi ma‘ruzasida gap xoinlik, norozi bo‘lishlik haqida ketdi. "Muammolar bo‘lsa, qiyinchiliklar bo‘lsa bundan norozi bo‘lish, uchta-to‘rtta odam bo‘lib to‘planib, tanqid qilishlik, bularni barchasi hiyonat sanaladi", deb yangi imom kechagi juma nomozida gapirdi. Ogohlantiryaptiki, qiyomatda xoin degan bir bayroq berar ekan. Shu norozi bo‘lganlar, qarshi chiqqanlar, chetga o‘tib uch-to‘rt kishi bo‘lib to‘planganlarni hammasi u dunyoda xoin degan bayroqni ko‘tarib yurar ekan. Lekin hech qanaqa hadislarni keltirmadi, - deydi o‘z ismi sir qolishini istagan andijonlik.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, imom norozilik deganda nima nazarda tutilayotganini aniq aytmagan. Juma nomoziga kelganlar gap nima haqda ketayotganini o‘zlari tushinib olishgan.

- Norozilik, tanqid qilishlik deganda nima nazarda tutilayotganini imom ochiq-oydin aytmayapti. Endi hammamiz tushunamizku, norozilik nimadan chiqayotganligini. Masalan, elektr yo‘q, gaz yo‘q, nafaqa berilmayapti, bolalar paxtaga chiqarilyapti, bizni tushunishimizcha bundan norozi bo‘lishlik xoinlik bo‘lib chiqyapti, - deydi andijonlik.

Andijondagi Devonaboy masjidi imomining o‘zidan bu haqda izoh olishning imkoni bo‘lmadi. Masjid mutavallilaridan birining aytishicha, aholini tinchlik, osoyishtalikka chaqiruvchi va‘zlar o‘qilishi odatiy holdir.

O‘zbekistonda masjidlar hukumat siyosatini xalqqa yetkazishga harakat qilib keladi. O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov ham o‘z chiqishlaridan birida imomlarni tinchlik, osoyishtalikni saqlashga qaratilgan va‘zlarni ko‘proq o‘qishga chaqirgandi.

Jumladan, Arab bahori haqida gapirgan Karimov: "Bu muammolarga bizning munosabatimizni xalqimizga yetkazishimiz zarur. Imom-xatiblar juma namozlarida bizning qarashimiz mana bunday, deb tushuntirib bersak, o‘z tinchligimizga tinchlik qo‘shamiz" – degan edi.

Ukrainadagi hodisalar ortidan esa O‘zbekiston masjidlarida yana aholini tinchlikka chaqiruvchi, norozilik kayfiyatlaridan tiyilishga oid va‘zlar aytila boshlangan.

Bunday chaqiriqlar ayniqsa Andijon masjidlarida aytilayotgani bejiz emas.
2005 yilning 13 may kuni O‘zbekiston sharqidagi bu shaharda hukumatdan norozi minglab odam Bobur maydoniga to‘plangan, o‘z huquq va erkini talab qilib chiqqan olamon hukumat kuchlari tarafidan o‘qqa tutilgandi.
XS
SM
MD
LG