Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:13

Koreyadagi o‘zbeklarning 13-oyligi O‘zbekistonga o‘tkazilishi mumkin


Koreyada ishlayotgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari shartnoma muddati bitganidan so‘ng olishlari kerak bo‘lgan Tvejikgim – 13-oylikni endilikda O‘zbekistondan olishlari mumkinligiga oid gap-so‘zlardan tashvishga tushgan. Biroq Ozodlikning Koreya Mehnat vazirligiga yaqin manbasi hozircha bu gaplardan xavotirga tushish o‘rinsiz, deb hisoblaydi.

Koreya Mehnat vazirligiga yaqin manbaning Ozodlikka ma‘lum qilishicha, yaqin oylar ichida Janubiy Koreyada shartnoma asosida ishlayotgan o‘zbekistonliklar shartnoma muddati bitganidan so‘ng beriladigan Tvejikgim, ya‘ni 13-oylikni O‘zbekistondan oladigan bo‘lib qolishlari mumkin.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, avvalroq Koreya Mehnat vazirligiga V etnam rasmiylaridan Tvejikgimni V etnamga o‘tkazib berish haqida talabnoma kelib tushgan. Shundan so‘ng koreyalik rasmiylar bu mamlakatda ishlayotgan 15 ta davlat fuqarolariga beriladigan tvejikgim pulini muhojirlarning vatanlaridagi Mehnat vazirliklariga o‘tkazib berish masalasini muhokama qila boshlaganlar.

“Koreya Mehnat vazirligi bu masala yuzasidan may oyi oxirlarida bir qarorga kelishi kutilayapti”, dedi Ozodlik manbasi.

Tvejikgim puli muhojirlarning vatanlaridagi Mehnat vazirliklariga o‘tkazib berilishiga oid gap-so‘zlar Janubiy Koreyada ishlayotgan o‘zbekistonliklarni ham tashvishga solib qo‘ygan.

Ikki yildan buyon Koreyada ishlayotgan va ismi oshkor qilinishini istamagan o‘zbekistonlik muhojirga ko‘ra, ishchining oylik maoshidan tashqari bo‘lgan Tvejikgim puli Koreyada shartnoma asosida kamida bir yil ishlagan odamlarga beriladi, uch-to‘rt yil ishlaganlarga esa shu paytgacha 10 mingdan 13 ming dollargacha pul berib kelingan. “Bu pul O‘zbekistonga o‘tkazib berilsa, cho‘g‘i kamayib ketishi mumkin”, deydi o‘zbekistonlik muhojir:

- O‘zbekistonga tashlasa pulni, davlat kursida hisoblanadi-yu, to‘g‘rimi? Bu qora bozor bilan to‘g‘ri kelmaydi, 100 ming atrofida farq bor. 10 ming (dollar) atrofida bo‘lsa, 8 ming, 7 minglarga aylanib qoladi-da. 7 mingga aylanganidan keyin uni plastik kartochkaga tashlab berarkan. Plastik kartochkadan keyin qanday qilib yechib olsak bo‘ladi? Bu yog‘i ham o‘ylantirayapti. Uniyam kuniga 200 ming (so‘m)dan ortiq ishlatib bo‘lmas ekanmi... Shunaqa gaplar ham bor ekan, - dedi o‘zbekistonlik muhojir.

Bu muammoga javob izlab, o‘zbek muhojirlarini Koreyaga jo‘natish bilan shug‘ullanuvchi O‘zbekiston Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi qoshidagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligiga qo‘ng‘iroq qildik.

Agentlikning ismini aytmagan xodimi O‘zbekiston bilan Koreya rasmiylari o‘rtasida imzolangan memorandumga muvofiq, Tvejikgim puli Koreyadagi korxona mas‘ullari tomonidan bevosita o‘zbekistonlik ishchining qo‘liga berilishini aytib, hozircha bu tartibda biror o‘zgarish bo‘lishi kutilmayotganini qayd etdi:

- O‘n uchinchi zarplata O‘zbekistondan berilmaydi. Buni (Koreyadagi) korxonaning o‘zidan olish mumkin. Undayam hamma korxona bermaydi tvejikgimni. Memorandum, soglasheniyeda unaqa narsa ko‘rsatilmagan-da, tushunyapsizmi? Imenno hozir ishlayotgan soglasheniyeda unaqa narsa ko‘rsatilmagan. Bizga hozir, bilasizmi, necha yildan buyon pul kelmayapti? Pochti olti-etti yil bo‘lib qoldi, - dedi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi vakilasi.

So‘nggi rasmiy ma‘lumotlarga muvofiq, Janubiy Koreyada 15 mingdan ziyod o‘zbekistonlik muhojir shartnoma asosida ishlayapti. Agar Tvejikgim puli O‘zbekistonga o‘tkazib beriladigan bo‘lsa, AQSh dollarining rasmiy kursi va “qora bozor” kursi o‘rtasidagi farq tufayli, eng kamtarin hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘zbekistonlik muhojirlarning umumiy hisobda 30 million dollar atrofida pul yo‘qotishlari ehtimoldan holi emas.

Biroq Koreya Mehnat vazirligiga yaqin bo‘lgan Ozodlik manbasi “o‘zbek muhojirlarining tushkunlikka tushishlariga hali erta”, degan fikrda.

“Hozir turli davlatlardan kelib ishlayotgan va bu gapdan xabar topgan mehnat migrantlari Koreya Mehnat vazirligi binosi oldida mitinglar o‘tkazayaptilar. Ajabmaski, shu norozilik namoyishlari tufayli Mehnat vazirligi Tvejikgimni muhojirlarning vatanlariga o‘tkazib berish fikridan voz kechsa...”, degan Ozodlik manbasi bizga bu masala bo‘yicha iyun oyi boshlarida murojaat qilishni tavsiya qildi va o‘sha paytda Ozodlik mushtariylariga Koreya rasmiylarining bu boradagi yakuniy qarorini aytishni va‘da qildi.
XS
SM
MD
LG