Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:10

Toshkent hokimiyati Coca-Cola mahsulotlarini arzon-garov savdoga chiqardi


Toshkentning Chorsu bozori qoq o‘rtasida iste‘mol muddati bitishiga bir oy qolgan Coca-Cola ichimliklari sotilmoqda. "Eski jo‘va dehqon bozori" ma‘muriyatidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Toshkent shahar hokimiyatining 14 aprel kungi bo‘yrug‘i asosida shirkat uchun ko‘chma savdo rastasi tashkil qilingan.

Shahar hokimiyati talab qildi

14 aprel kuni Toshkent shahridagi Chorsu bozorida Coca-Cola shirkatining muddati tugashiga bir oy qolgan mahsulotlari arzon narxda sotila boshladi.

"Eski jo‘va dehqon bozori" ma‘muriyatidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Toshkent shahar hokimiyatidan shirkat mahsulotlarini ulgurji va arzonlashtirilgan narxda sotish to‘g‘risida maxsus buyruq kelgan.

"Tepadan xat keldi, shunaqa Cola sotish uchun joy ajratilsin, degan. 14 apreldan boshlab, arzonlashtirilgan narxda sotilsin, deb narxlari bilan xat keldida. Hozir shu ko‘chma mashinada sotilyapti. Bir necha kunga tashkil qilinsin, deyilgan xatda", dedi bozor ma‘muriyatining Ozodlik muxbiri bilan mikrofonsiz suhbatlashgan xodimi.

Ozodlikning Chorsu bozoridagi manbasi yo‘llagan xabarda aytilishicha, arzon-garov savdoga chiqarilgan ichimliklar muddati bitishiga bir oy qolgan.
WhatsApp tarmog‘idan Ozodlikka yo‘llangan surat.
WhatsApp tarmog‘idan Ozodlikka yo‘llangan surat.
"Hoziram sotilvotti astatkadi mollar srogi tugashiga 1 oy qolgan. Butilichni kola 450 som fanta 2800 som. kola firmasi sotvotti, muddati maygacha manam oldim, qiziq chunki" deb yozdi Ozodlikka WhatsApp orqali xabar yo‘llagan manba.

U xabariga ilova qilgan suratda Fanta ichimligi aks etgan unda iste‘mol muddati 2014 yilning 21 mayigacha, ishlab chiqarilgan muddati esa 2013 yilning 22 dekabrida, deb ko‘rsatilgan.

"Eski jo‘va dehqon bozori" ma‘muriyati vakili Coca-Cola shirkati mahsulotlari nega arzonlashtirilgan narxda va oshig‘ich sotilayotgani sabablari haqida ma‘lumot bermadi.

Bu mahsulotlarini O‘zbekistonda ishlab chiqaradigan Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD shirkatidan ham bu borada biror izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Davlat aktivlari markazi chora ko‘rishni boshladi

Yanvar oyidan buyon Coca-Cola ichimligini ishlab chiqarmayotgan Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD shirkatidagi davlat aktivlari 7 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markaziga o‘tkazilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorida shirkatda O‘zbekiston hukumati ulushi 57,12 foizni tashkil qilgani aytilgan.

Shirkatdagi davlat ulushlarini o‘z tasarrufiga olgan markaz rasmiylari davlat aktivlaridan foydalanish samaradorligini oshirish rejalarini ochiqlamagan.

Ammo, Toshkent shahar hokimiyatining "Eski jo‘va dehqon bozori" ma‘muriyatiga ushbu shirkat mahsulotlarini oshig‘ich tarzda ulgurji va arzonlashtirilgan narxda sotish haqida yo‘llagan maktubini bu choralardan biri sifatida taxmin qilish mumkin.

"Optoviklarda bir oylik zahira bor"

7 aprel kuni Ozodlik muxbiri bilan mikrofonsiz suhbatlashgan shirkat menejerlaridan biri Toshkentdagi ulgurji savdo nuqtalarida shirkatning bir oyga yetadigan mahsulotlari zahirasi borligini aytgan edi.

"Optoviy tochkalarda bizda ishlab chiqarilgan Coca-Cola zapasi oy oxirigacha bemalol yetadi", deya ta‘kidlagan shirkat vakili.

Hozir poytaxt bozorlari va savdo do‘konlarida Coca-Cola hanuz kamyobligicha qolmoqda. Toshkentdagi bir qancha savdo do‘konlaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, mahalliy tujjorlar allaqachon bu ichimlikni qo‘shni Qozog‘istondan olib kelishni ham boshlab yuborgan.

"Toshkent bozorlarida "moskovskiy kola" sotilayapti"

14 aprel kuni esa Ozodlik tasarrufiga kelib tushgan yana bir suratli xabarda Toshkentdagi savdo rastalarida Rossiyada ishlab chiqarilgan shisha idishdagi Coca-Cola ichimligi paydo bo‘lgani aytildi.

WhatsApp orqali Toshkentdan yo‘llangan surat.
WhatsApp orqali Toshkentdan yo‘llangan surat.
​Sochida bo‘lib o‘tgan Qishki Olimpiada o‘yinlari musobaqasi ramzi tushirilgan yarim litrlik shisha idishdagi Coca-Cola 6250 so‘mdan sotilmoqda.

"Samarqand darvozada sotilvotti, moskovskiy, narhi rosa qimmat 6250. bunaqasi bizda sotilmagan. olimpiada belgisi bor kuringda oldin bu pulga 1,5 litr baklashka berardi", deb yozdi "moskovskiy kola" mazasini tatigan Toshkentdagi manba.


"Megazavod may oyi o‘rtalaridan Coca-Cola chiqaradi"

Ayni paytda Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD shirkatining Ozodlik muxbiri bilan mikrofonsiz suhbatlashgan mulozimlari hozircha shirkat tasarrufida ishlab turgan asosiy korxona - Bektemirdagi Megazavod tez orada Coca-Cola ishlab chiqarishni qayta yo‘lga qo‘yishga hozirlik ko‘rayotganini ma‘lum qilgan.

- Coca-Cola ishlab chiqarishda kerak bo‘ladigan kontsentrat postavkasida uzilish bor edi. Shuning uchun uch oycha chiqarmadik. Lekin Bonaqua suvi, Burn enerjayzeri, choylarimiz chiqarilayapti. Bir oyga borib-bormasdan kontsentrat ham kelishni boshlaydi. Problema hal bo‘ladi yaqinda,- degan edi shirkat mulozimi 7 aprel kungi suhbatda.


"Coca-Cola shirkatida tekshiruvlar davom etmoqda"

Ozodlikka Toshkentdagi manbaning ma‘lum qilishicha, Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD shirkatida shu yilning yanvar oyidan boshlangan huquq-tartibot va soliq idoralari tekshiruvi hanuz davom etmoqda.

Bu tekshiruvlar o‘tgan yilning oktyabr oyidan boshlab Gulnora Karimova biznes tizimlarida O‘zbekiston prokuraturasi va MXX oylardan beri o‘tkazaëtgan tekshiruvlarning bir qismi o‘laroq ko‘rilmoqda. Chunki, bu shirkatning 2001 yildan beri prezident to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova tasarrufiga o‘tgani aytiladi.

Qariyb 4 oydan buyon davom etayotgan surishtiruv natijasida shirkatning mahalliy boshqaruvchilaridan ikkitasining hibsga olingani xabar qilingan. Ularga shirkatning 12 million AQSh dollariga teng mablag‘ini noqonuniy o‘zlashtirganlik va mamlakatga olib kelingan 4,6 million AQSh dollarilik shakar uchun soxta deklaratsiya tuzganlik aybi qo‘yilgani aytilgan.

Shuningdek, Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD shirkatining yana ikki boshqaruvchisi Alisher Ergashev va Shohruh Sobirovlar 2012 yil iyulida Shveytsariya prokuraturasi boshlagan jinoyat ishda gumonlanuvchi sifatida tirkalgan.

Bu jinoyat ishda prezident qizi Gulnora Karimova ham gumonlanuvchi sifatida o‘tmoqda.

O‘zbekistondagi Coca-Cola menejerlari¸ qolaversa¸ uning rasmiy egalaridan biri bo‘lgan Gayane Avakyan ham Shveytsariya prokuraturasi tomonidan katta miqdordagi pul yuvish amaliëtlarida gumon qilinmoqda.

O‘zbekiston bozorida 1993 yildan beri faoliyat olib borayotgan “Coca-Cola Ichimligi – Uzbekistan LTD” qo‘shma korxonasi turli idishlarda besh xil – Coca-Cola, Coca-Cola Zero, Fanta, Sprite, Bonaqua va Fuse Tea, Ice Tea salqin ichimliklarini ishlab chiqaradi.

Shirkat O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning sobiq eri¸ AQSh fuqarosi¸ asli afg‘onistonlik o‘zbeklardan bo‘lgan Mansur Maqsudiy oilasi tomonidan Toshkentda tashkil qilingan edi.

2001 yilda O‘zbekiston prezidentining qizi Maqsudiydan ajrashgach, Gulnora Karimova sobiq erining o‘sha paytda 60 million AQSh dollariga baholangan "Coca-Cola Ichimligi - Uzbekistan" korxonasini tortib olgani aytiladi.

Coca-Cola shirkatining Rossiya, Ukraina va Belorusdagi filiallarini muoviqlashtiruvchi bo‘limidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, filiallardagi davlat aktivlari soni 50 foizdan oshiq bo‘lgan mamlakatlardan biri O‘zbekiston bo‘lsa, yana biri Xitoydir.
XS
SM
MD
LG