Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:38

Buxoroda missionerlik bilan shug‘ullangan ikki o‘qituvchi jarimaga tortildi


Buxoro shahrida besh kishi noqonuniy ravishda missionerlik bilan shug‘ullanib, buxoroliklarni “Iyegova guvohlari” sektasiga da‘vat qilishda ayblanib, 500 ming so‘mdan jarimaga tortildi. Buxoro shahar xalq ta‘limi bo‘limi ma‘lumotiga ko‘ra, sudlanganlardan ikki nafari o‘qituvchi bo‘lib, hozirda ularga maktabdagi faoliyatini davom ettirishga ruxsat berilgan.

Buxoro shahridagi 1-maktab o‘qituvchisi 43 yashar Dilorom Rahmatova, 34-maktab o‘qituvchisi 48 yashar Dilbar Mo‘minova va uning o‘g‘li Oybek Hasanov hamda yana ikki shaxs noqonuniy ravishda “Iyegova guvohlari” sektasiga da‘vat qilish bilan shug‘ullanganlikda ayblanib, sudga tortildi.

Buxoro shahar jinoyat ishlari sudi hukmiga ko‘ra, 5 ayblanuvchining har biri 500 ming so‘mdan jarimaga tortilgan.

Hukmda aytilishicha, sudlanuvchilar joriy yilning yanvarida Dilorom Rahmatovaning uyida ushlangan.

“Rahmatovaning uyidan "Risolaning maqsadi", "Allohning jozibador fazilatlari", "Voiz", "Xudovand Yahovani tarannum eting", "2013 yilning oyati" va "2014 yilning oyati", "Hikmatlarga to‘la bu dunyo" kabi "Iyegova guvohlari"ni targ‘ib qiluvchi jami 80ta broshyura va varaqa topilgan”i yoziladi sud hukmida.

Tergov bir oy davom etib, fevral oyining oxirida ish Buxoro shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudiga oshirilgan.

Buxoro shahar xalq ta‘limi bo‘limidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, 18 yildan buyon maktabda boshlang‘ich sinflarga dars berib kelayotgan Dilorom Rahmatova hamda 21 yildan buyon biologiya o‘qituvchisi bo‘lib ishlayotgan Dilbar Mo‘minovaga hozirda maktabda o‘z ish faoliyatini davom ettirishga ruxsat berilgan.

“Rahmatova bilan Mo‘minova borasida maktablarga taqdimnoma jo‘natildi. Shu taqdimnoma asosida jamoada yig‘ilish bo‘lib, ular bilan tushuntirish ishlari olib borildi. Ular birinchi marta sudlanganini inobatga olib, ularga imkoniyat berdik. Ular qilgan ishiga pushaymonligini aytib, sektadan qaytganini e‘tirof etgach, hozirda o‘qituvchilik faoliyatini davom ettirayapti”,- dedi Buxoro shahar xalq ta‘limi bo‘limidagi manba.

Manbaning aytishicha, hozirda Rahmatova bilan Mo‘minova uchastka nozirlari va Buxoro shahar hokimligi xotin-qizlar bo‘limi vakillarining doimiy nazoratida qolmoqda.

O‘tgan yilning dekabr oyida ham ikki ayol “Iyegova guvohlari”ini tag‘ib qiluvchi kitoblarni tarqatib, noqonuniy ravishda missionerlik bilan shug‘ullanganlikda ayblanib, mahkamaga tortilgan edi.

Xalqaro diniy erkinliklar bo‘yicha AQSh komissiyasi O‘zbekistonni "alohida xavotir uyg‘otuvchi" davlatlar qatoriga kiritib keladi.

Mazkur tashkilot hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonda turli diniy oqimlar, jumladan, “Iyegova guvohlari”, “Ettinchi kun adventistlari”, “Baptistlar”, “Bahoiylar” hamda “Buddaviy”lari o‘zbek rasmiylarining doimiy bosimlariga duch kelayapti.

O‘zbekiston hukumati xalqaro terrorchilik tashkilotlari bilan aloqadorlikda gumon qilingan shaxslar yoki guruhlarni ta‘qib qilishni diniy erkinlikni cheklash emas, balki hukumatga qarshi qurolli qarshilikning oldini olish bilan izohlab kelayapti.
XS
SM
MD
LG