Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:29

Coca-Cola menejeri: Kunlik yashirin daromad 1,5 million dollardan oshiq edi


O‘zini Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD sobiq menejeri, deb taqdim qilgan shaxs shirkatning noqonuniy daromadi qonuniy daromadidan ko‘p bo‘lganini iddao qilib, Ozodlikka bog‘landi. Yil boshida boshlangan tekshiruvlar ortidan O‘zbekistonni tark etgan menejer rahbariyat bosimi ostida noqonuniy savdoda ishtirok etganini tan olarkan, bu sxemalar fosh etilishi kerak, deb ta‘kidlamoqda.


"Coca-Colada bo‘ladigan tekshirishdan ogohlantirishgan"

O‘zini Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD shirkatining Savdo bo‘limini bir yildan ortiq boshqargan sobiq menejerman, deb taqdim qilgan 35 yashar o‘zbekistonlik shu kunlarda G‘arb davlatlaridan birida jon saqlayotganini aytib, Ozodlikka bog‘landi. (U xavfsizligidan xavotir qilib ismini ochiqlamasligimizni so‘radi va biz shartli ravishda uni Sanjar deb atadik.)

Sanjar o‘tgan yili 12 dekabrda shirkatning savdo ishlari bo‘yicha mutasaddi rahbarlaridan birining tekshiruv bo‘lishi haqidagi ogohlantiruvi ortidan O‘zbekistonni tark etganini aytmoqda.

"12 dekabr kuni O.A. (mas‘ulning ismi sir saqlanmoqda. - Tahr.) kelib: "Tekshiruv boshlanayapti, O‘zbekistondan chiqib ketinglar!" deb aytdi. Xullas, o‘tgan yilning dekabridan kompaniyada tekshiruv boshlangan. Keyin men Rossiyaga chiqib ketdim va u yerdan Yevropaga keldim. Hozir bu yerda juda og‘ir sharoitda yashayapman va shu xulosaga keldimki, odamlar Coca-Colada qanaqa maxinatsiyalar bo‘lganini bilishi kerak", deb gap boshladi Sanjar.

Hozircha Ozodlikda bu shaxsning Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD shirkati Savdo bo‘limini boshqarganini tasdiqlovchi dalillar yo‘q. Ammo, uning iddaolari Ozodlik manbalari tarafidan qisman tasdiqlangani bois havola etishga qaror qildik.


"Shirkat xodimlari 18 million dollarni o‘zlashtirishda ayblandi"

Ozodlik tasarrufidagi ma‘lumotlarda shirkatda shu yil boshidan tekshiruv boshlangani va umumiy summasi qariyb 18 million AQSh dollariga teng iqtisodiy jinoyatlarda aylanib, ikki mahalliy rahbari hibsga olingani aytilgan.

Sanjarning iddaosicha, bu jinoyatlar shirkat mahsuloti distribyutsiyasiga mas‘ul bo‘lgan 26 yashar O.A. boshchiligidagi bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan va bu shaxs O‘zbekiston prezidenti to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri itoat qiladigan, Toshkentda metall biznesi va yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi xususiy shirkatlari bo‘lgan puldor ayol - O.A.(Ayolning ismi sir saqlanmoqda - Tahr.)ning o‘g‘lidir.

Darvoqe, metall biznesi bilan shug‘ullanuvchi oila vakili bo‘lgan 25 yashar O.A. ismli shaxsning 2013 yil yozida Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD shirkati mahsulotlari taqsimotiga mas‘ul qilib tayinlanganini shirkat rasmiylari tasdiqlagan edi.

Sanjarning iddaosicha, bu shaxs shirkatning soliqdan yashirilgan mahsulotlari savdosini boshqargan.

"Kompaniyada katta partiyada yashirin koka-kola chiqardi. Oddiy hisob-kitob qiling. Bir kunda 30 ta nelegal fura (Coca-Cola mahsulotlari tashiladigan katta yuk mashina - Tahr.) chiqariladi. Agar ichimlik 6000 so‘mdan sotilsa baklashkasi¸ bitta fura taxminan 50 ming AQSh dollari bo‘ladi. 30 fura chiqib ketsa agar¸ 1¸5 million dollar degani. Chunki, bitta furada 12 tonna kola bo‘ladi", deydi Sanjar.


"Noqonuniy daromaddan prokuratura xabardor"

Sanjarning iddaosicha, yashirin partiyadagi Coca-Cola ichimliklari hajmi qonuniy chiqariladigan hajmga qariyb teng bo‘lgan va bu ichimliklar Toshkent shahri, Bektemir tumanidagi Megazavodda tunda ishlaydigan 180 kishilik guruh tomonidan tayyorlangan.

"Uch smena ishlardi. Masalan, uchinchi smenaning Koka-kolasini olardiyu ro‘yxatga turmagan dilerlar borku¸ shular olib ketardi tamom. Soliq idoralariga ikki smenaning otchyoti berilardi. Birinchi smena ertalab soat 8 dan kechki 5 gacha edi. U yog‘i 5 dan 12 gacha ikkinchi smena. Kechasi 12 dan ertalab 8 gacha uchinchi smena ishlardi. Konechno, buni militsiya ham, soliq ham, prokuratura ham bilardi, lekin dolyasini olardi, indamasdi", deydi shirkatning Bektemirdagi Megazavodi Savdo bo‘limini bir yildan ortiq boshqarganini iddao qilgan 35 yashar Sanjar.

Ammo, Bektemirdagi zavodda uch smenada ish bo‘lganiga oid bu iddaolarni Ozodlik boshqa manbalardan to‘liq tasdiqlatishga muvaffaq bo‘lmadi.

Xususan, zavod ma‘muriyatining o‘zidan bu borada izoh olishning imkoni bo‘lmadi. Ushbu zavodda hozir ishlayotgan xodimlardan biri Ozodlikning Toshkentdagi manbasi bilan suhbatda faqat bir smenada - ertalab soat 8 dan kechki soat 5 gacha ish bo‘lishidan xabardorligini, WhatsApp orqali Ozodlikka bog‘langan shirkatning sobiq ishchisi esa 4 smenada ish tashkil qilingan paytlar ham bo‘lgani haqida yozdi.


"Yashirin daromad naqd pul ko‘rinishda yig‘ilgan"

Sanjarning iddaolari asosida qilingan hisob-kitobga ko‘ra, Megazavodda ishlab chiqarilgan bir kunlik soliqdan yashirilgan ichimlik hajmi 160 tonna, bundan kelgan daromad esa 1 yarim million AQSh dollariga teng bo‘lgan.

"Endi tasavvur qilingda¸ shu paytlar esimda bor¸ 2850 so‘m Koka-kolaning o‘zi turardi. Davlat narxi. 1¸5 litrlik baklashka. Lekin uning ustidagi shapkasi bilan birga¸ dolyasida¸ 3600 so‘m bo‘lib chiqardi. 700-750 so‘m rahbariyatning o‘zi olardida. Undan tashqari naqd pulsiz ham savdo qilardi. Naqd pulsiz savdo qilganda¸ undan ham 5 foiz shapka olardi. Siz anavi 1 yarim millionga shuni ham qo‘shing, keyin chiqaring bir kunlik nelegalniy daromadni", deb da‘vo qiladi Sanjar.

Bu Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD shirkati mahsulotlari hajmiga doir ilk norasmiy ma‘lumotdir. Shirkat ma‘muriyati bu borada Ozodlikka biror izoh bermagan. Ayni paytda shirkatning ishlab chiqarish hajmiga doir rasmiy ma‘lumotlar ham jamoatchilikka ma‘lum emas.


"Shirkatda noqonuniy dilerlar tarmog‘i bor"

Sanjarning iddaosicha, noqonuniy ishlab chiqarilgan tovar ma‘lum muddat yashirin dilerlarning yashirin maskanlarida saqlangan va vaqti-vaqti bilan zavodda "nosozlik bo‘ldi" mazmunidagi soxta sabablar bilan mahsulot ta‘minotida sun‘iy defitsitni yaratilib, oshirilgan narxda sotilgan.

Sanjar bunday dilerlardan ikkisining telefon raqamlari va shaxsiga oid ma‘lumotlarni tahririyatga taqdim qildi. Ozodlik muxbiri berilgan raqamlar orqali ismi aytilgan shaxslardan biri bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi. Shaxsini tasdiqlagan kimsa mavzu shirkatga oidligini sezishi bilan telefonini o‘chirdi, qayta bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Sanjarning iddaosicha, qonuniy ro‘yxatdan o‘tmay ishlagan dilerlar mahsulotni qariyb naqd pulga sotgan va ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri shirkatning distribyutsiyaga mas‘ul rahbari 26 yashar O.A.ga bo‘ysungan, ammo bu mas‘ulning ismi hujjatlarda aks etmagan.

"Boshqaruv kengashi bor edi¸ rahbariyat ham bor edi. Uchreditellar bor edi. Eng kattasi boboning qizi - shu, Gulnora Karimova. Shuning odami O.A. opa, uning o‘g‘li O.A. hamma ishni hal qilardi. Gayane Avakyan¸ Bahodir Karimjonovlar zavodda umuman ko‘rinmasdi. Gayaneni bir yil ichida uch marotaba ko‘rganman, xolos. Hujjatlarga ko‘ra, aktivlar egasi Gayane, lekin u shirkatda hech kimmasdi. Asosiy funktsioner Gulnora Karimova, boshqa hech kimmas", deya iddao qildi Sanjar.


"Coca-Cola aktivlarining 49% Gayane Avakyanga tegishli"

Darvoqe, Ozodlik tasarrufidagi hujjatlarga ko‘ra¸ Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD shirkati aktivlarining 49 foizi Rockdale/Muzimpex shirkati orqali Gulnora Karimovaning xos yordamchisi Gayane Avakyan tomonidan sotib olingan. Rockdale Holding egasi Avakyan¸ Muzimpex egasi esa¸ Karimovaning yana bir yaqin biznes sherigi Bahodir Karimjonovdir. Ayni kunlarda Avakyan O‘zbekiston Bosh prokuraturasida og‘ir iqtisodiy va moliyaviy jinoyatlarda ayblanib¸ hibsga olingan. Karimjonov esa¸ o‘ziga qo‘yilayotgan ayni ayblardan qochib¸ Dubaydan boshpana topgan.

Hozir G‘arb davlatlaridan birida jon saqlayotgan Sanjar O‘zbekistonda qolgan oilasi taqdiridan xavotirda ekani, o‘tmishda rahbarlar qistovi bilan noqonuniy harakatlarga qo‘l urganidan afsusda ekanini e‘tirof etdi.


"Men O.A.ning kasriga qolib, yurtni tark etdim!"

Muxbirning: "Nega endi aynan hozir Gulnora Karimovaga bo‘ysungan, degan iddao bilan shirkat rahbarilariga qarshi bu qadar og‘ir ayblovlarni ilgari suryapsiz? Bundan sizga nima manfaat bor?" deyilgan savoliga Sanjar shunday javob berdi:

"Men aytmoqchi bo‘lganim imenno mana shu naqd pul oqimi qayerda aylanishi mana shu temniy dilerlarning nomini aytmoqchiman. Mojet ularni ham ko‘rib chiqadilarmi¸ degan ma‘noda aytayapman. Chunki biz shularni deb stradat qilayapmiz. O.A.ning odami hammasi. Ularni ham tekshirish kerak!" deb iddao qildi Sanjar.

Ozodlikka Toshkentdagi manbaning ma‘lum qilishicha, Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD shirkatida shu yil boshida boshlangan huquq-tartibot va soliq idoralari tekshiruvi hanuz davom etmoqda.

Bu tekshiruvlar o‘tgan yilning oktyabr oyidan boshlab Gulnora Karimova biznes tizimlarida O‘zbekiston prokuraturasi va MXX oylardan beri o‘tkazayotgan tekshiruvlarning bir qismi o‘laroq ko‘rilmoqda.

Shuningdek, Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD shirkatining yana ikki boshqaruvchisi Alisher Ergashev va Shohruh Sobirovlar 2012 yil iyulida Shveytsariya prokuraturasi boshlagan jinoyat ishda gumonlanuvchi sifatida tirkalgan.

Bu jinoyat ishda prezident qizi Gulnora Karimova ham gumonlanuvchi sifatida o‘tmoqda.

O‘zbekistondagi Coca-Cola menejerlari¸ qolaversa¸ uning rasmiy egalaridan biri bo‘lgan Gayane Avakyan ham Shveytsariya prokuraturasi tomonidan katta miqdordagi pul yuvish amaliyotlarida gumon qilinmoqda.
XS
SM
MD
LG