Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:24

“Navoiyazot” va “Farg‘onaazot” o‘tgan yildan beri ishchilar haqini bermayapti


“Navoiyazot” va “Farg‘onaazot” kimyo zavodlarida jami 20 mingga yaqin odam ishlaydi.
“Navoiyazot” va “Farg‘onaazot” kimyo zavodlarida jami 20 mingga yaqin odam ishlaydi.
O‘zbekistondagi ikkita yirik zavod “Navoiyazot” va “Farg‘onaazot” korxonalarining 20 mingga yaqin ishchilari to‘rt oydan beri maoshlarini ololmayapti. “Navoiyazot” rasmiylari yanvar oyi maoshlari hali ham berilmaganini Ozodlik bilan suhbatda tan oldi. “Farg‘onaazot” zavodidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, korxona ishchilariga hatto o‘tgan yilning noyabr va dekabr oylari maoshlari to‘liq berilgani yo‘q. “Navoiyazot” va “Farg‘onaazot”ni o‘z tarkibiga oluvchi “O‘zkimyosanoat” davlat shirkati vakillari bu holatni izohlashdan qochishdi. Keyingi paytlarda O‘zbekistondagi davlat tashkilotlari ishchilar oyliklarini vaqtida berolmayotgani bilan bog‘liq holatlar tez-tez uchramoqda.

“Navoiyazot” va “Farg‘onaazot” korxonalarida o‘tgan yilning oxiridan beri maoshlar to‘lanmayotganini Ozodlikning Navoiy va Farg‘onadagi manbalari bildirishdi.

“Farg‘onaazot” korxonasidagi Ozodlik manbasining aytishicha, so‘nggi bor mart oyining boshida korxona ishchilari plastik kartochkalariga o‘tgan yilning noyabr va dekabr maoshlarining bir qismi tushirib berilgan.

“8 mart kuni noyabr va dekabr oyliklarining avval 25 foizi, keyin 30 foizini tushirib berishdi. Ya‘ni amalda noyabr oyining oyligini olganmiz xolos. Bu yili esa umuman oylik ko‘rganimiz yo‘q. Rahbariyat buning sababini tushuntirmayapti. Kim oylik haqida og‘iz ochsa, darrov ishdan bo‘shatish bilan qo‘rqtishyapti”, deydi Ozodlik manbasi.

“Farg‘onaazot” rahbariyati bilan bog‘lanish imkoniyati bo‘lmadi.

Lekin Ozodlik muxbiri ayni muammoni boshdan kechirayotgan boshqa o‘g‘it ishlab chiqaruvchi korxona “Navoiyazot” zavodi rasmiysi bilan bu borada gaplashishga muvaffaq bo‘ldi. O‘zbekistondagi eng yirik kimyoviy korxona hisoblangan “Navoiyazot”da ham to‘rt oydan beri maosh berilmayotganini bu korxona vakili Ozodlik bilan suhbatda tasdiqladi.

Shaxsi sir qolishini istagan zavod xodimining aytishicha, maoshlar oxirgi marta o‘tgan yilning dekabrida berilgan.

“Zavodimiz bank oldidagi majburiyatlarini bajara olmagani sababli oyliklarni bera olmayapmiz. Sanoat Qurilish bankidan qarzdor bo‘lib qolganmiz, shu sababdan bankdagi pullarimizni ololganimiz yo‘q. Yanvar , fevral va mart oylari uchun maoshlar berilmagani rost”, dedi “Navoiyazot” korxonasining xodimi Ozodlikka.

O‘zbekistondagi eng yirik “Navoiyazot” kimyoviy zavodida, rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, 12 mingdan oshiqroq, “Farg‘onaazot” korxonasida esa, 7600ga yaqin odam ishlaydi.

Ikkala korxonani o‘z tarkibiga oluvchi “O‘zkimyosanoat” davlat shirkati rasmiylari 20 mingga yaqin ishchiga nega to‘rt oydan beri ish haqi berilmayotgani to‘g‘risidagi Ozodlik savoliga javob berishdan qochishdi.

“O‘zkimyosanoat” davlat aktsiyadorlik shirkati rahbari vazifasini vaqtincha bajarayotgan Normat Ibrohimov bilan ham bog‘lana olmadik. Leikn davlat shirkatining moliya ishlari bo‘yicha mutasaddisi Rahmonberdi To‘xmakov bilan bog‘landik. Biroq bu mutasaddi Ozodlik muxbiri telefon qilayotgani hamda “Navoiyazot” va "Farg‘onaazot" zavodlaridagi ish haqiga doir vaziyat bilan qiziqayotganini eshitishi bilanoq muxbiringiz ovozini eshitmay qoldi.

Eslatish joiz, “O‘zkimyosanoat” davlat shirkatining raisi o‘tgan oyda almashtirilgan edi. Hamidullo Shermatovning ishdan chetlatilib, o‘rniga muovini Normat Ibrohimov vaqtincha rais etib tayinlanishi sabablaridan biri davlat shirkatining 3 trillion so‘mdan oshiq qarzi to‘planib qolgani bilan izohlangan edi.

Davlat shirkatining katta qarzdorligi “Navoiyazot” va “Farg‘onaazot” zavodlarining 20 mingga yaqin ishchilariga to‘rt oydan beri maosh berilmayotganiga sababchimi, yo‘qmi buni aytish qiyin. Lekin O‘zbekistonda davlat korxona va tashkilotlariga maoshlar vaqtida to‘lanmayotgani surunkali tus olayotgan ko‘rinadi.

Shu oy boshrog‘ida Ozodlik “O‘zbekenergo” aktsiyadorlik kompaniyasiga qarashli Sirdaryo issiqlik elektr stantsiyasining bir yarim ming ishchisi 6 oydan beri ish haqini olmagani to‘g‘risida xabar qilgan edi.

Undan avval "Navoiy" issiqlik elektr stantsiyasi ham o‘tgan yilning noyabridan beri ishchilarga maosh to‘lamagani haqida xabar qilgan edik.

O‘tgan hafta esa Samarqand Davlat arxitektura va qurilish instituti o‘qituvchi va talabalariga ikki oydan beri maosh va stipendiyalar berilmayotgani to‘g‘risida ham Ozodlik xabar qilgan edi.
XS
SM
MD
LG