Линклар

Moskvada og‘ir mehnat qilib ozib ketgani va pasportidagi fotosiga o‘xshamay qolgani bois Rossiya chegarasidan chiqarilmagan qirg‘izistonlik Maratbek Eshonqulov nihoyat 2,5 yil o‘tib mahalliy sudda oqlandi. Domodedovo shahar sudi pasport haqiqatan uniki ekani va FSB keltirgan ekspertiza xulosalari Eshonqulovni chegarani noqonuniy kesib o‘tganlikda ayblash uchun soxtalashtirilgan, deb topdi.

14 aprel kuni Moskva viloyati Domodedovo shahar sudi sudyasi Olga Pishchukova Rossiya chegarasini noqonuniy kesib o‘tishga uringanlikda ayblangan Qirg‘iziston fuqarosi Maratbek Eshonqulovni qariyb 3 yillik mahkamadan keyin beayb deb topdi.

O‘z kamchiliklarini tan olmagan FSBning Chegara xizmati tergovchilari suddan Eshonqulovni 25 ming rublga jarimaga tortish, ammo “muddati o‘tib ketgani bois uni jazolamaslikni” so‘ragan.

Maratbekning moskvalik advokati Filipp Shishov Rossiya huquq tartibot idoralarining ishni soxtalashtirgani 2,5 yillik tortishuvlar, sanoqsiz ekspertizayu mahkamalar, haqoratlaru kaltaklardan keyin nihoyat sudda o‘z isbotini topganini gapirdi.

- Qirg‘iziston konsulligi tomonidan ish yuzasidan norozilik notasi yuborildi. Ular tomonidan yana qandaydir amaliyotlar bo‘ladi. Biz esa, o‘z o‘rnimizda, moddiy va ma‘naviy zarani qoplash uchun da‘vo arizasi bilan sudga murojaat qilamiz. Agarda prokuratura sud qarori ustidan shikoyat qilmasa 10 kun ichida, Maratbek o‘z yurtiga eson-omon chiqib ketadi, dedi “Prezumptsiya” advokatlik idorasi vakili Filipp Shishov Ozodlikka.

Advokat 2011 yil noyabridan beri Rossiya xavfsizlik xodimlari Maratbek Eshonqulovni aybdor deb topish uchun 4 ekspertiza, 2 fotoekpertiza, 2 hujjatlar texnika-kriminalistika ekspertizasi va 100 yaqin guvohlarni so‘roqqa tutgan.

Himoyachiga ko‘ra, qurilishda ishlab, yuk tashib ozib ketgan va o‘ziga uxshamasdan qolgan muhojir ishi bilan mahalliy huquq himoyasi tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari qiziqish bildirishi ortidan, o‘z hamkasblarining “qovun tushurib qo‘ygani”ni allaqachon tushunib yetgan prokuratura ishni yopdi-yopdi qilishga uringan: prokurorlar uni aybini bo‘yniga olish evaziga jinoiy ishni to‘xtatishni va‘da qilgan.

Rossiya poytaxtiga 2010 yilda kelib, bir yil ishlab va biroz pul yig‘ib olgan 26 yoshli Botken viloyatining Qizilqiya shahridan bo‘lgan Maratbek Eshonqulov, 2011 yil noyabrida “Domodedovo” xalqaro aeroporti pasport nazorati xodimi tomonidan to‘xtatilgan va reysdan qoldirilib, alohida xonaga olib ketilgan.

Pasport nazorati xodimlari pasportdagi shaxs mutlaqo unga o‘xshamasligi va u qalbaki hujjat bilan Rossiyaga kirib-chiqishga urinayotganlikda ayblangan.

- "Sening pasporting emas” deydi. Aslida bu mening pasportim! Men stroykada hammol bo‘lib ishladim. 12, balkim 15 kiloga ozdim. Gruzchiklikda kuniga qop tashib ozdim-da. Bizga kuniga 20 tonnalik KAMAZdan to‘rttasi keladi! Kuniga 80 tonna yuk tushirasiz... Shundanmi, yeyish-ichishning mazasi yo‘qligidanmi – ozib ketibman, degan edi Ozodlik bilan suhbatda Rossiya huquq-tartibot idoralari o‘z aybiga iqror bo‘lishni istamayotganini gapirgan Maratbek Eshonqulov.

Qirg‘izistonlik bu mardikor yigit Domodedovo chegara xizmati xodimlari uni 3 kun aeroportda ushlab turgani, pasport soxta ekaniga iqror bo‘lishga majburlab, bir necha marotaba kaltaklashganini ham gapirib bergan edi.

Qirg‘iziston Respublikasi konsullik bo‘limi vakillari kafilligi ostida qo‘yib yuborilgan. Elchilik Maratbekning pasporti haqiqiy ekanini tasdiqlovchi hujjatlarni Qirg‘izistondan keltirgan.

Lekin FSB va tergovchilar ularni inobatga olishdan bosh tortgan. Ustiga-ustak, Domodedovo shahar prokurori muovini Oleg Stalnov roziligi bilan, Federal xavfsizlik xizmati taftishchisi Aleksandr Tatarinov Eshonqulov Maratbekni Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 322-moddasi (Rossiya Federatsiyasi chegarasini noqonuniy kesib o‘tish) asosida jinoiy javobgarlikka tortgan edi.

Ozodlik bilan suhbatda Maratbek hozirda Moskvada 3 yildan buyon hech qayerda ishlashga ruxsati bo‘lmagani qarindoshlari qaramog‘ida qolayotganini gapiradi. U Moskvadan eson-omon chiqib ketsa, boshqa qaytib Rossiyaga kelmasligini aytadi.

- Meni oqlashdi. Meningn men ekanligim isbotlandi! 2,5 yil oldin uyga jo‘nagan edim, uyda 3,5 yil bo‘lmadim. Yetar! Qirg‘izistonda ishim bor edi – gipsokarton zavodida ishlardim operator bo‘lib, yana o‘sha yerga ishga joylashaman. Qizilqiyada ota-onam, akam va singlim kutyapti. Boshqa bu yerga qaytib kelmayman, bas, deydi 3,5 yillik umri zoye ketganidan afsuslangan Maratbek Eshonqulov.

Suhbat so‘nggida muhojir Rossiyadan eson-omon chiqib ketsa, Qirg‘izistonda "advokatlikka o‘qishga kirishi" niyatidan qaytmaganini aytdi.
XS
SM
MD
LG