Линклар

O‘shda da‘vatchilarga maxsus forma berildi


O‘shda da‘vatchilar kursini tamomlagan dindorlarning birinchi guruhi imom Buxoriy masjidida.

O‘shda da‘vatchilar kursini tamomlagan dindorlarning birinchi guruhi imom Buxoriy masjidida.

Qirg‘izistonda da‘vatchilar kurslarini tamomlab da‘vatga ketayotgan yuzlab dindorlarga maxsus kiyim-kechak topshirildi. Qirg‘iziston muftiyati buning ortidan mamlakatda uzun arabcha ko‘ylak kiygan da‘vatchilarga nisbatan jamoatchilikning salbiy fikri ijobiy tomonga o‘zgarishidan umid qilmoqda.

Qirg‘iziston muftiyati tomonidan hozirda Qirg‘izistonning barcha viloyatlari va shaharlarida da‘vatchilarga maxsus kiyimlarni topshirish ishlari olib borilmoqda. O‘sh viloyat qozisi Niyazali Aripovga ko‘ra, mazkur kiyimlar Islom dini ahloqiga amal qilingan holda tayyorlangan:

- Mazkur kiyimlar nomozxonlar uchun qulayligi bilan ajralib turadi. Da‘vatchilarga maxsus kiyimlarning berilishi muammoning hal etilishi yo‘lidagi bir qadam bo‘ladi,deb ishonamiz, - dedi Niyazali Aripov.

Gap shundaki, qirg‘izistonlik da‘vatchilarning kiyimlari borasida jamoatchilikda turli salbiy fikrlar aytilib kelingan. Da‘vatchilar badanni tovongacha yopib turadigan uzun oq yaktak kiyib yurishlari matbuotda “milliy madaniyatga zid ko‘rinish va qirg‘izlarni arablashtirish harakati” sifatida tanqid qilib kelinayotgan edi. Muftiyat xodimlarining Respublika rahbariyati bilan bo‘lgan uchrashuvi paytida ham prezident Almaz Atambayev shu masalani tilga olgan. Niyazali Oripov yangi kiyim jamoatchilikning da‘vatchilar to‘g‘risidagi fikrlarini o‘zgartirishiga umid qilmoqda.
Muftiy o‘rinbosari Ravshan Eratov da‘vatchi sertifikatini taqdim etmoqda.

Muftiy o‘rinbosari Ravshan Eratov da‘vatchi sertifikatini taqdim etmoqda.


Qirg‘iziston muftiyatidan olingan ma‘lumotga qaraganda, ushbu kiyimlarning tikilishi o‘z ismi oshkor qilinishini istamagan Qirg‘iziston fuqarosi tomonidan moliyalashtirilgan. Mazkur forma hozirda 1200 dona tikilib, mamlakatning barcha viloyatlari va katta shaharlariga yuz donadan tarqatilmoqda. Kiyim qirg‘iz xalqining madaniyati hisobga olingan holda tizzadan pastga tushirilmay tikilgan.

Jamoatchilik orasida davatchilar bilim darajasining sustligi xam aytib kelinadi. Shundan kelib chiqib, Qirg‘iziston muftiyati O‘sh shahrida da‘vatchilarga diniy bilim beruvchi maxsus kurslarni tashkil etgan edi. 15 aprel kuni O‘shdagi imom Buxoriy masjidida mazkur kurslarni tamomlagan da‘vatchilarga sertifikatlar topshirildi.

- Qirg‘iziston musulmonlar diniy boshqarmasi da‘vatchilarni o‘qitish, ularning bilim darajasini ko‘tarish, sifatli da‘vat olib borishi uchun mamlakatning 4 viloyatida o‘quv kurslarini ochgan. O‘sh viloyati va shahrida Buxoriy masjidida, Jalolobod, Chuy viloyatida hamda poytaxt Bishkekdagi markaziy masjidda da‘vatchilar o‘qitilayapti. Bugungi kunda da‘vat kurslarini 611 ilmi tolib tamomladi va ularga sertifikat berildi, -dedi Qirg‘iziston muftiysi o‘rinbosari Ravshan Eratov.
To‘qto‘mamat Israilov (o‘ngda) muftiy o‘rinbosari Ravshan Eratovdan da‘vatchi sertifikatini qabul qilib olmoqda.

To‘qto‘mamat Israilov (o‘ngda) muftiy o‘rinbosari Ravshan Eratovdan da‘vatchi sertifikatini qabul qilib olmoqda.


Mazkur kursni tamomlagan va da‘vatchi formasini olgan To‘qto‘mamat Israilov “Olloh roziligi uchun harakat qilayotgan da‘vatchilarga sharoit yaratilayotganidan” mamnun ekanini bildirdi:

- Men bu yerdan qalbimni oq qilib tozalab, yuragimdagi yomon sifatlarni yo‘qotib, Olloh roziligi uchun payg‘ambarlar, sahobalar qilgan ishlarni qilaman degan niyatdaman. Bizga berilgan kiyim juda qulay, avvalgiday kiyimlarni kiymay, shu bilan da‘vatga borsak odamlarning bizni qabul qilishi yaxshi bo‘ladi, degan fikrdaman, – dedi To‘qto‘mamat Israilov.
XS
SM
MD
LG