Линклар

Prezident Karimov 15 aprel kuni “Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq tartibotlarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Muqaddimasida aytilishicha, mazkur qaror “litsenziyalashni va ruxsat etish xarakteriga ega hujjatlarni berish mexanizmlarini yanada soddalashtirish va arzonlashtirish, shuningdek, tadbirkorlikka ko‘proq erkinlik berish maqsadida” qabul qilingan.

O‘zbekiston Prezidentining 15 aprel kungi qarori Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2014 yil 7 apreldagi Farmoniga muvofiq qabul qilingan.

Farmonda 2014 yilning 1 iyunidan boshlab O‘zbekistonda kichik korxonalar xodimlari soni hozirgi 100 nafargacha bo‘lgan me‘yor 200 kishigacha, deb belgilab qo‘yilgan.

Farmonga binoan, shuningdek, O‘zbekistondagi kichik biznes sub‘ektlari 2015 yil 1 yanvaridan boshlab statistika hisobotini bir yilda bir marta topshiradi.

15 aprel kuni imzolangan qarorga binoan 2014 yil 1 iyundan boshlab, tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalanadigan faoliyatning va ruxsat etish xarakteriga ega hujjatlarning alohida turlari bekor qilinadi va rasmiylashtirishning muddatlari va yig‘imlari miqdorlarini qisqartiriladi.

Prezident qarorida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi litsenziya va ruxsat etish xarakteriga ega hujjatlarni berish bo‘yicha vakolatli organlar, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi hamda Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasiga:

- 2015 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalashda “bir darcha” tamoyilini qonun hujjatlari darajasida joriy etishni ta‘minlash;

- tadbirkorlik sub‘ektlari tomonidan litsenziya kelishuvlari shartlarini bajarish bo‘yicha davriy hisobotlarni elektron shaklda taqdim etib borish uchun dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish va joriy etishni 2014 yilning oxirigacha tamomlash topshirilgan.

Qarorda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasiga faoliyatning litsenziyalanadigan turlarini va ruxsat etish tartibotlarini rasmiylashtirishni elektron shaklga o‘tkazish, shuningdek, davlat organlarining tadbirkorlik sub‘ektlari bilan o‘zaro elektron hamkorligini joriy etish samaradorligini baholash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan ishlarni muvofiqlashtirish va tizimli monitoring qilish vazifasi yuklatilgan.

Prezident qarorida Markaziy bank “O‘zkommunxizmat” agentligi, vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2014 yilning oxirigacha Kommunal xo‘jalik va uy-joy fondi portalini elektron to‘lov tizimlari va kommunal xizmatlarning billing tizimlari bilan birlashtirish yo‘li orqali mazkur portalni takomillashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish, bunda tadbirkorlik sub‘ektlariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda, real vaqt rejimida o‘zaro hisob-kitoblar holati to‘g‘risida xabar berish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatlarini nazarda tutish hamda vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va tadbirkorlik sub‘ektlariga 2013-2020 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirishning kompleks dasturi doirasida ishlab chiqilayotgan axborot tizimlaridan bepul foydalanish imkoniyatini yaratish topshirilgan.

Vazirlar Mahkamasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi esa boshqa manfaatdor vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar va tashkilotlar bilan birgalikda 2014 yil 1 oktyabrdan boshlab, O‘zbekiston Respublikasining Interaktiv davlat xizmatlari yagona portalida moliya, soliq, statistika va boshqa turdagi hisobotlarni interaktiv rasmiylashtirish va taqdim etish, soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni, kommunal to‘lovlarni, litsenziya va ruxsat etish xarakteriga ega hujjatlar bo‘yicha ko‘rib chiqishda va ularni olishda to‘lanadigan yig‘imlarni va davlat bojlarini Internet-banking tizimi orqali to‘lash va ma‘lumotnomalar olish va boshqa interaktiv davlat xizmatlaridan foydalanish imkonini beradigan maxsus “tadbirkorlik sub‘ektining kabineti” ishlashini ta‘minlashi lozim.

Qarorda, shuningdek, 2014 yil 1 iyundan boshlab, tadbirkorlik sub‘ektlariga “bir darcha” tamoyili bo‘yicha tadbirkorlik sub‘ektlarining ularni Mahalliylashtirish dasturiga kiritishga doir talabnomalarini ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligiga, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga taqdim etishni hamda milliy valyutada bir yilgacha bo‘lgan muddatga kredit olishga doir hujjatlarni xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklariga taqdim etishni elektron shaklda amalga oshirish huquqini beradigan tartib o‘rnatish belgilab qo‘yilgan.

Prezident qarorida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga Adliya vazirligi bilan birgalikda tadbirkorlik sub‘ektlarining moliya-xo‘jalik faoliyatiga noqonuniy aralashish, shuningdek, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ortiqcha qog‘ozbozlikka yo‘l qo‘yish holatlari uchun davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga nisbatan ma‘muriy javobgarlik choralarini kuchaytirishni nazarda tutgan holda qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni ikki oy muddatda belgilangan tartibda kiritish topshirilgan.
XS
SM
MD
LG