Линклар

logo-print
Jizzaxlik bosh shifokor pora bilan qo‘lga tushdi. Ozodbek Nazarbekov xatolari uchun muxlislardan uzr so‘radi. Toshkentda gaz balloni qo‘yilgan mashina portladi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

“O‘zbekistonda sel-toshqin xavfini o‘rganish uchun aerovizual kuzatuv olib borilmoqda”

Toshkent, Namangan, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining qor qatlami va sel oqimi xavfi bor tog‘li hududlarida aerovizual kuzatuv olib borilmoqda (“O‘zbekiston ovozi”, 17 aprel ).

2014 yilda respublika bo‘yicha aholi va hududlarni sel-toshqinlar, yer ko‘chki hodisalari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish maqsadida 14 milliard so‘mga yaqin mablag‘ ajratilgan.

Suv toshqinlari oldini olish maqsadida suv omborlari, selxona va sel yo‘llari ham o‘rganilmoqda. Qayd etilishicha, Favqulodda vaziyatlar vazirligi uyali aloqa operatorlari orqali ob-havoning keskin o‘zgarishi va favqulodda vaziyatlar ehtimoli haqida 70 dan ortiq SMS yuborgan.

“Jizzaxlik bosh shifokor pora bilan qo‘lga tushdi”

Jizzax viloyati endokrinologiya dispanseri bosh shifokori Abduvahob Ro‘zimurodov poraxo‘rligi va ta‘magirligi uchun qamaldi (“Huquq”, 17 aprel ).

Dispanserda bepul tibbiy yordam ko‘rsatilishi belgilanganiga qaramay, bosh shifokor bemorlardan muntazam pul undirishni yo‘lga qo‘yadi. Xususan, bo‘lim boshliqlaridan har oyda bir necha million so‘mdan pul yig‘ib berishni talab qiladi.

Bosh shifokor xodimlarni ishga olishda ham pora talab qiladi, masalan, M.Oqilovani hamshira vazifasiga qabul qilish uchun 300 AQSh dollari va 185 ming so‘m pora oladi. Bundan tashqari, Ro‘zimurodov turli bahonalar bilan xodimlaridan pul yig‘adi, qo‘l ostidagilar nomiga mukofot puli yozib o‘zlashtiradi. Qayd etilishicha, bosh shifokorga qonun doirasida adolatli jazo tayinlangan.


“Toshkentda gaz balloni qo‘yilgan mashina portladi”

Toshkent halqa yo‘lining Namangan-Toshkent avtomobillar to‘xtash joyi yaqinida Elyorjon Xalilov boshqaruvidagi “Neksiya-2” avtomashinasining gaz balloni portladi (“Oila davrasida”, 17 aprel ).

Portlash natijasida uchib ketgan gaz balloni Abdunabi Xalilov boshqaruvidagi VAZ-21063 avtoulovining orqa eshigiga urilib, katta shikast yetkazgan.

Ulovining portlash natijasida otilib chiqqan balloni esa boshqa bir “Neksiya”ga urilgan. Falokat oqibatida 6 nafar yo‘lovchi jiddiy aziyat chekkan va shifoxonaga yotqizilgan.

“Avtomobil egalari gaz balloni uskunalarini duch kelgan joydan xarid qilib, qo‘lbola usulda o‘rnattirishmoqda. Ulovni gazga moslashtirishning texnik nozik jihatlarini e‘tibordan chetda qoldirishmoqda. Oqibatda esa juda xunuk voqealar sodir bo‘lmoqda”, deya vaziyatni izohlagan gazeta.

“Sport to‘garaklari to‘lovi otning kallasidek ekani ota-onalarga og‘irlik qilmoqda”

Toshkent shahridagi maktablarda tashkil etilgan sport to‘garaklari to‘lovi otning kallasidek ekani o‘rtahol oila vakillarida e‘tiroz uyg‘otmoqda (“Noviy vek”, 17 aprel ).

Masalan, Yakkasaroy tumani 89-maktabdagi sharq yakkakurashi to‘garagi oylik to‘lovi 35 ming so‘m, Mirobod tumani 110-maktabdagi badiiy gimnastika to‘garagi oylik to‘lovi 70 ming so‘mni tashkil etmoqda. Bu esa qo‘li kalta oila vakillariga og‘irlik qilmoqda.

Gazetaning yozishicha, o‘rtahol oila farzandlarini ham sportga jalb etish muhim. Shu maqsadda sport to‘garaklari faoliyatini Bolalar sportini rivojlantirish fondi mablag‘i hisobidan bepul tashkil etish lozim.


“Sirdaryoda bolafurush fohishalar ushlandi”

Sirdaryo viloyatida bolafurushlik qilgan fohishalarga nisbatan sud jarayon yakunlandi (“Adolat ko‘zgusi”, 17 aprel ).

Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi sudyasi Ulug‘bek Jumayev ma‘lum qiladi. Mahkama jarayonida bitta qo‘shmachi va voyaga yetmagan bir necha fohisha ustidan hukm chiqarilgan.

Ismi oshkor etilmagan fohishalar “ishlashimga xalaqit beryapti”, degan vaj bilan tanafurushlik faoliyati davomida orttirgan ikki chaqalog‘ini mo‘may pul evaziga sotib yuborgan.

Chaqaloq sotgan va qo‘shmachilik qilgan ayollarga 4 yilu 6 oydan ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.


“Krisha”lar homiyligidagi bozorlar so‘m qadrsizlanishiga sabab bo‘lmoqda”

Aroq-vinoning noqonuniy savdosi O‘zbekiston milliy valyutasi – co‘mning banklarga emas, sandiqqa tushib, jamiyat koriga yaramayotganiga va qadrsizlanishiga sabab bo‘lmoqda (“Diyonat”, 17 aprel ).

“O‘ylab surishtirsa, tumanda to‘rttagina “spirtnoy” bilan qonuniy savdo qiladigan do‘kon bor ekan. Aslida-chi? Nechtaligini hech kim bilmaydi. Pistaning panasida “Magarach” sotuvchilar-chi? Uyning derazasini taqillatilsa kundir-tundir yoshlarning hojatini ravo qiluvchilar-chi?” deya vaziyatni Namangan tumani misolida tahlil qiladi jurnalist.

Muallif, shuningdek, “krisha”lar homiyligida faoliyat yuritayotgan noqonuniy bozorlarni ham tanqid qiladi.

“Industriya shunday. Ham bo‘yidan, ham enidan uradi. Uning noqonuniy savdosi pul taqchilligini keltirib chiqaradi. Banklarni ochqatib qo‘yishga qodir”, deb yozadi u.


“Ozodbek Nazarbekov: 40 yoshimda sochim to‘kiladi deb o‘ylamagandim”

O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov Toshkentdagi kontsert dasturida ayrim xatolari uchun muxlislaridan uzr so‘radi (“Darakchi”, 17 aprel ).

“Zabardast ustozlar sizlarni yo‘qotishdan qo‘rqqan. Ular oldida men kimman? Shuning uchun xatolarim bo‘lsa, kechiringlar”, degan Nazarbekov muxlislariga qarata.

6 aprel kuni boshlangan va 16 kun davom etadigan kontsert davomida xonanda 24 ta qo‘shiqni jonli kuylamoqda. Gazeta xabariga ko‘ra, Ozodbek Nazarbekov ayollarga qarata “40 yoshda sochim to‘kilib ketadi deb o‘ylamagandim. Sizlar yomonsizlar”, deya murojaat qilgan.


“Evropaga Urganch orqali uchish mumkin”

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi 2015 yilning 25 martidan Toshkent-Urganch-Vena-Toshkent reysini yo‘lga qo‘yadi (“XXI asr”, 7 aprel ).

Yangi aviayo‘nalishlar haqidagi xabar ishonchli manbalarga asoslangani ta‘kidlangan. Shuningdek, 2015 yilning 28 martidan Toshkent-Myunxen-Urganch-Toshkent, 19 aprelidan esa Toshkent-Parij-Urganch-Toshkent aviaqatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Yangi aviayo‘nalishlar 2013-2015 yillari Xorazm viloyatida turizmni rivojlantirish dasturi asosida ishga tushirilmoqda.
XS
SM
MD
LG